Davr bilan hamnafas

2019-08-12T11:50:22+05:0019 June, 2019|Umumiy yangiliklar|

“Ommaviy axborot vositalarida til, uslub va tahrir masalalari”. Doimiy va jiddiy e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan mavzu. Zero, OAV jadal rivojlanayotgan jamiyatga mos ravishda taraqqiy etib, erkinlashib bormoqda.

Teleradiokanallar, ommaviy axborot vositasi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan veb-saytlarda bo‘lgani kabi matbuot – gazeta va jurnallarning ham o‘ziga xos yo‘nalishi, tili, materiallarni tahrir qilish uslubi bor. Ma’lumki, bu masalaga – ijodiy jarayonga jiddiy e’tibor qaratilishi, misol uchun, materiallarni pishiq-puxta, e’tibor tortarli darajada tahrir qilinishi, dolzarb mavzularning ko‘tarilishi, ijtimoiy tarmoqlarda nashr va uning yangi sonlari haqida doimiy ma’lumotlar berib borilishi ularni o‘qishli bo‘lishi hamda ommalashuviga xizmat qiladi. Tabiiyki, bu jarayon matbuot nashrlari ijodiy jamoalaridan katta mas’uliyat va ijodiy salohiyat talab etadi, ular shuni his qilgan holda faoliyat olib borishi lozim. Aks holda kuchayib borayotgan ayni milliy media bozor raqobatiga dosh beraolmasligi mumkin.

Ayonki, OAVda, gazeta va jurnallarda e’lon qilinayotgan materiallar ma’lum bir sohaga, mavzuga taalluqli bo‘ladi. Materiallar sifati esa bevosita mualliflar iste’dod va mahoratiga bog‘liq.

Uyushmamiz qoshida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan to‘qqizta – Ijtimoiy-iqtisodiy, ekologiya, Huquqiy jurnalistika, Xalqaro sharhlovchilar, Harbiy-vatanparvarlik, Sport jurnalistikasi, Yosh jurnalistlar, Jurnalist ayollar, Faxriy jurnalistlar, Internet-jurnalistika kengashlari faoliyati aynan sohalarga ixtisoslashgan jurnalistlarni bilim, mahorat va malakasini yanada oshirishga, milliy va xalqaro jurnalistikaning ilg‘or tajribalarini ommalashtirishga, OAV, xususan, bosma nashrlarda chop etilayotgan materiallar tahlili, jurnalistlarning o‘zaro fikr almashishi va muloqotini ta’minlash, ularda tanqidiy-tahliliy mushohada va ijodiy faoliyatga yangicha yondashuvni shakllantirish kabi maqsadlarga qaratilgan.

Kengashlar rais va a’zolari o‘z soha yo‘nalishi bo‘yicha bilim va katta tajribaga ega jurnalistlardan tarkib topgani bu borada samaradorlikni oshirish imkonini bermoqda.

Joriy yilning fevralь oyi oxirida uyushmamiz qoshida faoliyat olib borayotgan Sport jurnalistikasi kengashining bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida 2019 yilning yanvarь-fevralь oylari mobaynida bir qator markaziy gazetalarda jismoniy tarbiya va sport mavzusining yoritilishi, shu sohaga oid nashr qilingan materiallar daraja va saviyasi atroflicha tahlil etildi. Unda turli xalqaro musobaqalarda sportchilarimiz erishayotgan yutuqlar asosan qisqa xabarlar orqali yoritilayotgani, sportchi va murabbiylarimizning muammolari, hal etilishi zarur bo‘lgan masalalar e’tibordan chetda qolib ketayotgani, ayrim materiallarning tili g‘alizligi, tahriri maromida emasligi, faktlarni noto‘g‘ri talqin qilish kabi holatlar uchrayotgani aniq misollar asosida tahlil qilib berildi. Mutasaddilarga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha hamkorlikda ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar etkazildi.

Uyushmamiz qoshidagi boshqa kengashlar ham o‘z faoliyat yo‘nalishidan kelib chiqqan holda bu borada ish olib bormoqda. Ayni masalaga viloyat bo‘limlarimiz ijodiy jamoalari ham alohida e’tibor qaratib kelmoqda.

Jurnalistika sohasi rivoji yo‘lida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar natijasida yurtimiz ommaviy axborot vositalarida ilgari kuzatilmagan chiqishlar ko‘zga tashlanmoqda, deya bemalol aytish mumkin. Keyingi yillarda jurnalistlarimiz tomonidan muhim va dolzarb muammolar ko‘tarib chiqilmoqda, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ro‘y-rost, dadil aytilayotir. Buni xorijlik ekspertlar ham e’tirof etmoqda. Matbuotda e’lon qilinayotgan materiallarda uslub, til va tahrir, muallif pozitsiyasi sezilarli darajada o‘zgardi.

Uyushmamiz tomonidan o‘tkazilayotgan ijodiy tanlovlarga taqdim etilayotgan ijodiy ishlarda ham bu yaqqol ko‘rinmoqda.

Ma’lumot uchun, Jahon matbuoti erkinligi kuniga bag‘ishlab joriy yil o‘tkazilgan «Oltin qalam» XIV Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovga 518 nafar jurnalist qatnashdi. Shundan, 183 nafar jurnalist 3 mingdan ko‘proq ijodiy ishi bilan tanlovning matbuot yo‘nalishi bo‘yicha ishtirok etdi.

Hay’at a’zolari har bir materialni diqqat bilan ko‘rib chiqdi. Ijodiy ishlar bugungi kunda hayot oldimizga qo‘yayotgan talablar – yuksak professionalizm, jurnalistning fuqarolik pozitsiyasi, tanqidiy-tahliliy mushohada, so‘zga mas’uliyat va ifoda mahorati, ijodiy faoliyatga yangicha yondashuv mezonlari asosida baholandi.

Tanlovda matbuot yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘ringa “Ishonch”-“Doverie” gazetalari tahririyatlari bilan birga “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboev ham loyiq ko‘rildi.

Ta’kidlash joiz, Ahmadjon Meliboevning «Oltin qalam» XIV Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovga taqdim etgan ijodiy ishlarida ham so‘zga mas’uliyat, so‘zlardan foydalanish mahorati yuqori, ortiqcha so‘zni ko‘rmaysiz. Har bir materialiga yangicha nazar bilan qaralgani, muallif pozitsiyasi, mushohadasi, tajribasi shundoq sezilib turadi. Original fikrlar asosida xalqchil yozilgan materiallarida aholi dardu tashvishi o‘zgacha uslubda olib chiqilgan, voqealarni engil yumor orqali ochib bergan. Ayniqsa, sarlavha tanlashda ustozga teng keladigan ijodkor kamdan-kam desak o‘rinli bo‘ladi. “Javob bermaslik ham javobdir…”, “Hushtakni kim chaladi”,“Yolg‘onni ozi ham yolg‘on” kabi ko‘plab sarlavhalari, materiallari har qanday o‘quvchi e’tiborini o‘ziga tortadi.

Bir so‘z bilan aytganda, axborot texnologiyalari jadal rivojlanishda davom etayotgan ayni kunda bosma nashrlar tezkorlikda ortda qolayotgani sir emas. Lekin baribir teranlikda, ma’no-mazmun va mas’ullikda, so‘zga munosabatda bayroqdor. Bu fikrimizni “Tafakkur”, “Jahon adabiyoti”, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Hurriyat”, “O‘zbekiston ovozi”, “Oila va jamiyat”, “Jamiyat”, “XXI ASR”, “Oila davrasida”, “Ishonch”, “Kitob dunyosi” kabi markaziy gazeta-jurnallarimizda e’lon qilinayotgan maqolalar ham tasdiqlaydi.

Gazetalarimizda chop etilayotgan maqolalarda oshkoralik, tahlil va xolis tanqid ruhi kuchayib borayotgani ham bor gap. Xorijiy mamlakatlardan bevosita tayyorlangan materiallar ko‘paymoqda. Misol uchun, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA, “Xalq so‘zi” – “Narodnoe slovo”, “O‘zbekiston ovozi” –“Golos Uzbekistana”, “Yoshlar ovozi” – “Molodejь Uzbekistana” gazetalari muxbirlarining AQSh, Germaniya, Frantsiya, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston kabi davlatlardan tayyorlagan materiallari keng jamoatchilik e’tiboriga tushdi. E’tiborli jihati, jurnalistlarimizda mavzuga yondashuv, material yozish uslubi o‘zgarmoqda. Axborot janrida material tayyorlash ko‘paydi.

Bu – bugungi kun odamlarining tezkor va rang-barang axborotga, yangilikka bo‘lgan talab va ehtiyoji oshib borayotgani bilan bog‘liq. Informatsion material tayyorlash jurnalistlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklamoqda. Ular ro‘y berayotgan voqea-hodisalar haqida tezkor axborot uzatishga, shu bilan birga, teran fikr yuritish, ishga yangicha yondashishga harakat qilmoqda. Jarayonga moslashib, raqobatga kirishayotir. Voqea-hodisalar on-layn yoritilayotir, bu – davr taqozosi.

Shulardan kelib chiqqan holda gazetalarning veb-sayti, telegramm kanali rivojlantirilmoqda. Tayyorlanayotgan qisqa xabarlar asosan nashrlar elektron versiyalari sahifalariga tezkorlik bilan joylashtirib borilmoqda. Gazetalar sahifalarida esa imkon qadar axborot berishdan tiyilib, o‘qimishli, qiziqarli, tahliliy-tanqidiy materiallar chop etishga intilish sezilarli darajada jonlanayotir. Bu kabi sa’y-harakatlar tahririyatlarni mediabozorga moslashib borayotganini anglatadi.

Bozor – bu raqobat, degani. Demak, mediabozor raqobatiga dosh bergan nashr, ommaviy axborot vositasi yashaydi, rivojlanadi. Ammo bunga erishish oson emas. Bugun har bir OAV o‘z pozitsiya va faoliyat yo‘nalishidan kelib chiqqan holda mediamakonda o‘z o‘rnini topish va mustahkamlash harakatiga tushgan. Bu maqsad jamiyatimizda demokratlashtirish jarayonlarini yanada kuchaytirish, jahon hamjamiyati oldida jonajon O‘zbekistonimizning nufuzi va imijini yanada oshirish, odamlarni rozi qilish yo‘lida mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish kabi ezgu ishlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

 

Xolmurod SALIMOV,

O‘zbekiston Jurnalistlari

ijodiy uyushmasi raisining o‘rinbosari