Hujjatlar imzolandi: qanday naf bor?

2019-08-12T11:50:24+05:0013 June, 2019|Umumiy yangiliklar|

Urganchda yaqinda O‘zbekiston va Rossiya Bosh vazirlari darajasida o‘tgan qo‘shma komissiyaning birinchi yig‘ilishida ikki mamlakat o‘rtasida ko‘ptomonlama hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro savdo tovar aylanmasi hajmini yanada ko‘paytirish va nomenklaturasini diversifikatsiyalash, istiqbolli sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan qator ikki tomonlama hujjatlar qabul qilindi.

Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Sankt-Peterburg Xalqaro tovar-xomashyo birjasi” AJ o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi. Ushbu hujjat birja savdo vositalari va texnologiyalaridan keng foydalanish bo‘yicha tajriba almashish yo‘nalishida o‘zaro hamkorlikni nazarda tutadi.

Ta’kidlash lozimki, Sankt-Peterburg Xalqaro tovar-xom-ashyo birjasi Rossiyada eng yirik tovar birjasi hisoblanadi, neft va neft mahsulotlari, tabiiy va suyultirilgan gaz, yog‘och va qurilish mollari hamda derivativlar savdosi bilan shug‘ullanadi.

Urganchda qabul qilingan hujjatda neft-kimyo, yog‘och va boshqa tovarlarning savdosida zamonaviy usul va texnologiyalardan foydalanish, moliyaviy vositalarni rivojlantirish, O‘zbekiston va Rossiya tovar bozorlari bo‘yicha marketing tadqiqotlarini o‘tkazish va ularning natijalari bilan o‘zaro almashishga oid imkoniyatlar o‘z ifodasini topgan. Bunda birgalikda o‘quv tadbirlarini tashkil etish ham nazarda tutilgan.

Yagona akkreditatsiya tartib-qoidalarini joriy etish yo‘li bilan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi rezidentlari uchun ikki birjaning tovar bozorlariga chiqishda ko‘maklashish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi.

«O‘zRTXB» AJ boshqaruvi raisi Farohidin Ibrohimovning ta’kidlashicha, “Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri Dmitriy Medvedevning O‘zbekistonga tashrifi doirasida “Sankt-Peterburg Xalqaro tovar-xom ashyo birjasi” AJ bilan kelishuvning imzolanishi birjalararo munosabatlar ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanligidan dalolatdir. Bu tadbirkorlar uchun bozor mexanizmining barcha imkoniyatlaridan keng foydalangan holda ikki mamlakatning tovar bozorlariga chiqishda yangi imkoniyatlar ochadi”.

“Sankt Peterburg Xalqaro tovar-xomashyo birjasi” AJ prezidenti Aleksey Ribnikovning aytishicha,“kelishuv neft mahsulotlari, tabiy gaz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, kimyo va boshqa mahsulot turlari bo‘yicha mamlakatlarimiz bozorlarining integratsiyalashuvi yo‘lida olib borilayotgan ishlarning muhim bosqichi hisoblanadi.

Ushbu yo‘nalishlarda tajriba almashish va birgalikda amalga oshirilayotgan boshqa tadbirlar o‘z samaralarini beradi hamda savdo va kliringning yangi texnologiyalarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ikki birjaning o‘zaro hamkorligi, shubhasiz, birja va birjadan tashqari bozorlarda oshkoralik va narxlarning erkin shakllanishini ta’minlaydi, xatarlarni boshqarishda savdo ishtirokchilari uchun yangi imkoniyatlarini ochib beradi”.

Yig‘ilish doirasida, Rossiya – O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi (Rossiya Federatsiyasi) va “O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi” AJ (O‘zbekiston Respublikasi) o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandumda tomonlarning axborot almashuvi va ikki mamlakat tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston-Rossiya ishbilarmonlar kengashi va Rossiya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi o‘rtasida tuzilgan hamkorlik memorandumini amalga oshirish bo‘yicha 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan Chora-tadbirlar (Yo‘l xaritasi) rejasi ham imzolandi. Mazkur hujjatga ko‘ra “O‘zRTXB” AJning Chelyabinskdagi savdo maydonchasi doirasida O‘zbekiston va Rossiya korxonalarining mahsulotlarini qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan savdo maydonchasining afzaliklari haqida biznes vakillariga yetkazish yo‘li bilan savdo-sotiqni raQbatlantirish nazarda tutilgan.