Sirdaryolik jurnalistlar o‘riklisoyda

2019-08-12T11:50:28+05:0010 June, 2019|Umumiy yangiliklar|

Ijodkor uchun yozning jazirama kunlarida sershovqin shahardan uzoqroqda, so‘lim tabiat qo‘ynida hordiq chiqarish, yangi ijodiy rejalarni amalga oshirish uchun kuch — g‘ayrat to‘plash, yangi maqolalarga mavzu topish uchun juda yaxshi imkon yaratadi desak, adashmagan bo‘lamiz.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi hudud ommaviy axboorot vositalari vakillarini go‘zal tabiati bilan nom qozongan Jizzax viloyati Zomin tumanining Zomin milliy qo‘riqxonasi hududidagi O‘riklisoy massivi (qishlog‘i)ga hordiq chiqarish hamda ijodiy rejalar xususida bafurja suhbatlashish uchun jamladi.

Ertalab 60 nafarga yaqin sayohatchi-jurnalistlar Guliston shahridan yengil avtomashinalarda yo‘lga tushishdi. Safarga otlanar ekanmiz, ushbu tadbir tashkilotchisi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Boyjigit Abdullayevni suhbatga chorladik.

-Tadbir o‘tkazishdan maqsad faxriy hamda ayni paytda faoliyat ko‘rsatayotgan jurnalistlarga bardamlik, a’lo kayfiyat va ilhom bag‘ishlash, kasbiy mahoratni oshirish, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi bilan o‘zaro tajriba almashish, shuningdek, hamkasblar bilan yana bir karra uchrashib, oldindagi rejalar haqida kengashib olishdan iborat edi, – dedi suhbatdoshimiz.

Hali o‘t – o‘lanlar sarg‘ayib ulgurmagan Zominning qir – adirlari boshlanishi, keyin esa yam-yashil archalar qoplagan tog‘larga yaqinlashishimiz bilan salqin havo kayfiyatimizni ko‘tarib yubordi. Ayniqsa, moviy osmonda suzib yurgan parqu bulutlar, oppoq qorli tog‘larga qarab, yurtimizning shunday go‘zal, betakror go‘shalari borligidan hayajonga tushib, dildan quvonamiz, faxrlanamiz.

Manzilga yaqinlashar ekanmiz, yo‘limizdagi manzaradan hayratga tushdik. Bir necha kun avval bu yerda ro‘y bergan tabiiy ofat – kuchli sel (yerlik aholining aytishiga qaraganda 70- yillarning o‘rtalarida shunday hol ro‘y bergan ekan) kelishi tufayli yo‘lning bir necha joyini tog‘lardan shiddat bilan oqib kelgan tog‘ jismlari ko‘chkisi to‘sib qo‘ygan. Maxsus texnika vositalari tinmay yo‘lni tozalash ishlari bilan mashg‘ul edi. Oradan bir necha kun o‘tgan bo‘lsa ham atrof loy aralash toshlar bilan to‘la edi. Seldan keyingi bu holatni ko‘rishning o‘zi ham qiziqarli, ham biroz vahimali edi.

Manzilda bizni mezbonlar (hamda tashkilotchilar) izzat – hurmat bilan kutib olishdi. Bir piyola choydan so‘ng, ushbu tashrifdan ko‘zda tutilgan asosiy maqsadga ko‘chdik, ya’ni ko‘chma seminar kun tartibidagi masalalar haqida so‘z yuritish uchun davraga jamlandik.

Anjumanda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov ham ishtirok etib, o‘z fikrlarini bildirdi.

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda barcha sohalar qatori ommaviy axborot vositalari faoliyatini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda, — dedi S. Hakimov. — Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan madaniyat va san’at muassasalari hamda yirik kompaniya va banklar hamkorligidagi “Do‘stlar klublari” ijodiy tuzilmalar, jumladan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirishda muhim omil bo‘lmoqda. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va «O‘zbekiston respublika tovar xomashyo birjasi» o‘rtasida tuzilgan «Do‘stlar klubi» tomonidan respublikamizning turli hududlaridagi soha faxriylariga hurmat va ehtirom ko‘rsatilib, ko‘plab keksa va ehtiyojmand jurnalistlarga moddiy yordam berilmoqda. O‘nlab jurnalistlar sihatgohda dam olib, salomatliklarini tikladilar. Bundan tashqari, jurnalistlar malakasini oshirishga ham alohida e’tibor qaratildi, soha xodimlari bilan ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari va bir qator dolzarb mavzulardagi tadbirlar o‘tkazildi. “Do‘stlar klubi” shuningdek, yordamga muhtaj, ehtiyojmand hududiy ommaviy axborot vositalarining moddiy-texnik ahvolini yaxshilash borasida ham faol ish olib borib, ular uchun zarur bo‘lgan kompyuter bilan ta’minladi. Bu kabi ibratli va xayrli ishlar muntazam davom ettirilmoqda. Uyushmaning viloyat bo‘limlari, jumladan, Sirdaryo viloyati bo‘limi tomonidan ham bir qator ibratli ishlar amalga oshirildi. Dolzarb mavzularda, Yurtboshimiz tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlar, shuningdek, sohaga tegishli bo‘lgan hujjatlarni targ‘ib etish, yurtimizda bo‘layotgan islohotlarning amaliy natijasini, ulkan o‘zgarishlarni, bunyodkorlik ishlarini keng qamrovda yoritish, mavjud muammolarga xolisona munosabatda bo‘lib, tanqidiy-tahliliy chiqishlarni ko‘paytirish, jurnalistlarning kasb mahoratlarini oshirish va boshqa mavzularga qaratilgan tadbirlar shular jumlasidandir. Mana bugungi ko‘chma seminar ham fikrimizning dalilidir. Ushbu tadbirda jurnalistlar ijodiy uyushmasining keyingi rejalari xususida suhbatlashib, hammamiz uchun foydali va samarali bo‘lgan mavzularda fikrlashib, kengashib olamiz.

Shuningdek, ma’ruzachi ijod mas’uliyati va jurnalist etikasi xususida ham to‘xtaldi.

Tadbirda so‘z olgan boshqa ma’ruzachilar ham “ Jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda ommaviy axborot vositalari xodimlarining o‘rni, “Sirdaryo namunasi keng quloch yozmoqda”, “Yurtimizning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-madaniy hayotini, xalqimiz erishayotgan yutuqlarni tarannum etish – burchimiz” “Ijod – ilohiy ne’mat” va boshqa mavzularda so‘z yuritdilar..

Shu bilan birga seminar ishtirokchilari ayni paytda jurnalistlar muhokamasiga qo‘yilgan “O‘zbekiston Jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi” xususida ham o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirdilar.

Tadbirda “Guliston yangiliklari” va “Gulistanskiye novosti” gazetalari chiqa boshlaganiga 30 yil to‘lganligi munosabat bilan gazeta tahririyati hamda uning birinchi bosh muharriri—O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Hayotxon Ortiqboyeva, “Davr yoshlari” gazetasi bosh muharriri Noriniso Qosimova hamda bir guruh faxriy jurnalistlarga O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Anjumandan keying sirdaryolik jurnalistlar Zomin tog‘larining “Sharshara” va “Sherbuloq” maskanlariga sayr uyushtirildi. Keyingi yillarda ushbu manzillarni obodonlashtirish, ichki turizmni rivojlantirish borasida qilinayotgan ibratli va xayrli ishlar bilan tanishgan hamkasblarimizning qalblarida hayrat va shodlik, yurtimizga, uning shu kabi betakror go‘zal go‘shalariga yanada qiziqish va mehr uyg‘onganini, tadbir barchaga manzur bo‘lganini ijodkorlarning fikrlaridan ham bilsa bo‘ladi.

—“Sirdaryo haqiqati” va “Sirdarinskaya pravda” gazetalari tahririyatida 55 yildan ziyod faoliyat ko‘rsatdim , — dedi keksa jurnalist, mehnat faxriysi “Shuhrat” medali sohibi Elmurod Mavlonov. — O‘tgan davr mobanida viloyatimiz hayotini yoritishga, Sirdaryo jurnalistikasini yaratishga baholi qudrat o‘z ulushimni qo‘shganimdan, shogirdlar yetishtirganimdan behad baxtiyorman. – So‘ngi paytlarda viloyatimiz hayotida bo‘layotgan o‘zgarishlar, jumladan, shaharu qishloqlarning yangicha qiyofa kasb etgani, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi asosida olib borilayotgan katta bunyodkorlik ishlari, ulkan inshootlar qurilayotgani, qo‘shma korxonalar tashkil etilayotganini ko‘rib yana ijod qilgim keladi. Yosharib, yanada g‘ayrat va shijoat bilan ishlab, sirdaryoliklarning yutuqlarini, quvonchlarini gazeta sahifalarida yana ko‘proq yoritsam, deyman. Bugun jurnalistlarni, ustozu shogirdlarni bir joyga jamlagani uchun tadbir tashkilotchilari va homiylarga o‘z minnatdorichiligimni bildiraman.

Xolida PARDABOYEVA.