Saudiyalik jurnalistlar Farg‘onaga keladi

2019-08-12T11:50:28+05:0010 June, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi Saudiya Arabistoni Podshohligi OAVlari bilan ham to‘g‘ridan–to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi.

Avval xabar berilganidek, ijodiy uyushma Farg‘ona viloyat bo‘limi tashabbuskorligi va tashkilotchiligida 11 nafar hamkasbimiz Saudiya Arabistonida bo‘ldilar. Dastlab Umra amallarini bajargan farg‘onalik jurnalistlar Jidda shahrida, O‘zbekistonning Saudiyadagi Bosh konsulxonasida arab olamining taniqli jurnalistlari hamda gazetalari bosh muharrirlari bilan uchrashdilar. O‘zaro tajriba almashuv va hamkorlik mavzusidagi muloqotlar chog‘ida hozirgi globallashuv sharoitida OAVning o‘rni, jurnalist shaxsi, xolislik mezonlari kabi muhim masalalar yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi raisi Muhammadjon Obidov jurnalistik faoliyatini tartibga soluvchi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Saudiya OAVlari bilan axborot almashuv, o‘zaro ikki mamlakat gazetalari taxririyatlaridan amaliyot o‘tashni tashkil qilish va boshqa mavzularda ma’lumot berdi hamda takliflar kiritildi.

“Anba” gazetasi tahririyat mudiri Abdulla Mazruk al-Yanbaviy O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ro‘y berayotgan islohotlardan O‘zAning arab tilidagi sahifasi orqali qisman tanishligi, ammo bu sayt 27 mamlakat hududidagi arab olamining ehtiyojini qondira olmasligini aytib, kelgusida uni kengaytirish, axborotlar rangbarangligiga e’tibor qaratish lozimligini taklif etdi.

“Al-Bilad” gazetasi muharriri Xolid ibn Mirdax al–Mirriy Saudiya OAVlarida sifat o‘zgarishi ro‘y berayotgani, Saudiya jamiyatidagi ochilish ayniqsa gazetalarda bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgani haqida axborot berdi.

– Endi ayollar mashina haydashi, yoshlar qiziqishiga ko‘ra klublar tashkil etishi va unda tadbirlar uyushtirishi, matbuotda taxlil, tanqid, takliflar bayon qilish kundalik hayotiy voqelikka aylandi, – deydi Makka televideniyesining mamlakatda mashhur telejurnalistlaridan biri Mansur Nizomiddin. –Afsuski, Saudiya Arabistoni OAVlarining O‘zbekistonda muxbirlari hozircha yo‘q va yurtingiz haqida juda oz bilamiz.

Munozara shu yerga kelganida Muhammadjon Obidov O‘zbekistonda ham Saudiya Arabistoni haqida xolis, tezkor axborot o‘rni hamon bo‘shligi, mavjudlari esa G‘arb, Rossiya va Amerika OAVlarining xabarlari bo‘lib, ularda ba’zida bir yoqlamalik kuzatilishini ta’kidlab, taklif kiritdi:

– Ikki mamlakat xalqlarini bir-birlari haqidagi axborot bilan ta’minlashda muammo mavjud ekan, kelinglar, uning yechimi tomon birinchi qadamni qo‘yaylik. O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi 4 nafar Saudiyalik gazeta, televideniye va internet jurnalistini bir haftaga O‘zbekistonga, Farg‘onaga taklif etadi. Bunda ularning O‘zbekistonda bo‘lish xarajatlarini zimmamizga olamiz. O‘zbekistonni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring va qalban his eting. Shundan keyingina bu ko‘hna diyor bilan o‘z xalqingizni tanishtiring. Kelgusida esa shunday shart va sharoitlarda farg‘onalik jurnalistlar Saudiyaga ham keladilar, – dedi Muhammadjon Obidov.

Taklif shu zahotiyoq ma’qullandi. O‘zbekistonning Saudiya Arabistoni, Jiddadagi Bosh konsuli Sirojiddin Shamsutdinov tashkiliy ishlarda vositachilikni zimmasiga oldi.

– Men boshqarayotgan internet saytining 1,5 million faol o‘quvchisi bor, – deydi Rimuza xonim. – Bunday safar natijasi asosida yoziladigan O‘zbekiston haqidagi maqolalar o‘quvchilarim uchun g‘oyat qiziqarli bo‘lishi shubhasiz. Men bu taklifdan xursandman.

Anjumanda “Yangi Farg‘ona”, “Quva hayoti”, “Oydin”, “Beshariq tongi” gazetalari bosh muharrirlari Azizbek Ermatov, Zuhra Aliyeva, Xadichaxon Karimova, Sobirjon Temirov, “U kaz” gazetasi muxbiri Faysal Majrashiy, “Saada al-Muvatin” gazetasi g‘arbiy mintaqa byurosi rahbari Muhammad al Amriy, Saudiya iqtisodiyot vazirligining sobiq mas’ul xodimi, bloger doktor Muhammad Xamdam, yirik tadbirkor Faxad Ahmad al Mansuriy hamda ota bobolari asli O‘zbekistondan bo‘lgan vatandoshimiz, jamoat arbobi Abu Salmon al Xo‘qandiylar so‘zga chiqib, jurnalistlar va OAVlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorligini yo‘lga qo‘yish mamlakatlarimiz iqtisodiy aloqlarini mustahkamlashi, xalqlarning hamjihatligi va do‘stona munosabatlari rivojiga xissa qo‘shajak, dedilar.

Farg‘onalik jurnalistlar O‘zbekiston, Farg‘ona viloyatidagi islohotlar, uning fidoyi odamlari, allomalar ziyoratgohlari, turizm makonlari, investitsiya kiritishga yaratilgan qulaylik va shart-sharoitlar haqida arab tiliga o‘girib olib kelgan suratli maqolalarini Saudiya OAVlariga e’lon qilish uchun topshirdilar.

G‘oyat samimiy, o‘zaro ishonch ruhida o‘tgan ijodiy muloqot chog‘i “O‘zbekistonda, Farg‘onada uchrashguncha!” degan tilaklar qayta-qayta tilga olindi.

 

Sobirjon DADAXO‘JAYeV,

“Vodil yog‘dusi” gazetasi bosh muharriri,

Saudiya Arabistoni, Jidda shahri.

O‘zA