“Demokratlashtirish va inson huquqlari” Jurnalining 2-soni nashr etildi

2019-08-12T11:51:02+05:0010 June, 2019|Umumiy yangiliklar|

Mazkur ilmiy-ma’rifiy jurnal mamlakatimizni demokratlashtirish va inson huquqlari, shuningdek, xalqaro aloqalar, tarix, ta’lim-tarbiya kabi inson hayoti bilan boQliq mavzulardagi o‘qishli maqolalari bilan nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda ham o‘zining doimiy mushtariylariga ega nufuzli nashrdir.

Jurnalning joriy yildagi 2-soni ham rang-barang mavzularni o‘ziga qamrab olgan. U O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘­shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan ochiladi. Mamlakatimizda onalik va bolalikni qo‘llab-quvvatlash, bolalarning ma’naviy va jismoniy kamol topishi uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Qarorda bola huquqlarini kafolatlash bilan bog‘liq ko‘plab yangi vazifalar belgilab berilgan.

Jurnalning mazkur soni Germaniya Federativ Respublikasiga bag‘ishlangan. Chunki, tahrir hay’ati tomonidan qayd etilganidek, “bu yil Germaniya Federativ Respublikasi uchun yubileylar yilidir. May oyida nemis do‘stlarimiz GFR tashkil etilganligi va mamlakat Asosiy qonuni qabul qilinganligining 70 yilligini nishonladilar”.

Mazkur sonda o‘zbek, nemis, rus olimlari, diplomatlarning ana shu sana bilan bog‘liq qator ilmiy-ma’rifiy maqolalari chop etilgan. Mamlakatimizning GFR­dagi Favqulodda va muxtor elchisi Nabijon Qosimovning “O‘zbekiston — Germaniya: hamkorlikning yangi ufq­lari”, GFRning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Gyunter Leo Overfeldning “O‘rta Osiyoning yuragidadur ipak ipga tizilgan durday…”, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, yuridik fanlari doktori, professor Akmal Saidovning “GFR Asosiy qonunining g‘oya­viy qadriyatlari va an’analari” kabi materiallari shular jumlasidandir. Jurnalxonlar ular orqali mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarining tarixi, buguni va istiqboli, GFRning ma’muriy tuzilishi, huquqiy asoslariga oid qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishadilar. Masalan, Germaniyadagi fuqarolik jamiyati institutlarining tarkibiy tuzilishi va rivojlanishi, ommaviy axborot vositalari “to‘rtinchi hokimiyat” maqomiga erishishida huquqning o‘rni va aha­miyatiga oid masalalar batafsil tahlil etilganki, bular albatta jurnalxonlar diqqatini tortadi, deb o‘y­laymiz.

Jurnalda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2018 yildagi faoliyati, turli anjumanlar, tadbirlar va taqdimotlarga oid materiallarga ham keng o‘rin berilgan.

 

O‘z muxbirimiz.