Do‘stlar uchun eshiklarimiz ochiq

2019-08-12T11:51:03+05:008 June, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 9-10 mart kunlarida Tojikistonga davlat tashrifi va Tojikiston Prezidentining shu yilning avgust oyida O‘zbekistonga rasmiy tashrif ikki tomonlama aloqalarda yangi sahifa ochib berdi desak hech mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ikki davlat rahbarlarining Dushanbe va Toshkentda do‘stona muhitda olib borilgan muzokaralarning konstruktiv ruhi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda katta miqyosdagi ikki taraflama hamkorlikni kengaytirish hamda chuqurlashtirish omili bo‘ldi. O‘zaro do‘stona aloqalar aniq amaliy qadamlar bilan boyitilgan holda,o‘sib boruvchi trayektoriya bo‘ylab rivojlanmoqda. Hamkorlikning yangi sahifasi ikki xalq manfaatlari yo‘lidagi yangi maqsadlar va istiqbollar bilan to‘lgan.
Madaniy-ma’rifiy sohada ham an’analarimiz juda o‘xshash va yaqin. Jumladan o‘zbek xalqining madaniy merosini tojiklar e’zozlashadi. Tojik madaniyati durdonalari esa o‘zbeklar tomonidan hamisha qadrlangan. Bu ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalqdir.
Buyuk ajdodlarimiz va mutafakkirlarimiz Navoiy va Jomiyga atab Dushanbe va Samarqand shaharlarida bunyod etilgan haykallar xalqlarimiz tomonidan katta xursandchilik bilan kutib olindi. Bugungi kunda O‘zbekistonda 10 ta tojik milliy madaniy markazini o‘zida birlashtirgan Respublika tojik milliy madaniy markazi muvaffaqiyat bilan faoliyat yuritmoqda. Ta’lim tojik tilida olib boriladigan 245 ta maktab ishlayapti. Samarqand, Termiz va Farg‘ona universitetlarida tojik tilida guruhlar mavjud.
“Ovozi tojik» respublika gazetasi hamda «Ovozi Samarqand» viloyat nashri, bir qator tuman nashrlaridagi tojik sahifalari, beshta teledastur va 30 radiodastur tojik tilida taqdim qilinadi. O‘z navbatida, O‘zbekiston ham qo‘shni davlat hukumatining Tojikistondagi etnik o‘zbeklariga teng sharoitlar yaratish, milliy madaniyat va uning o‘ziga xosligini saqlash va rivojlantirish bo‘yicha harakatlarini qadrlaydi.
Kuni kecha alohida media-tur bilan O‘zbekistonga tashrif buyurgan tojikistonlik jurnalistlar bilan Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan samimiy muloqotda aynan ikki qardosh xalqlarning tarixiy-madaniy va adabiy aloqalarini yangi zamon ruhiyatida yanada mustahkamlash masalalari qizg‘in muhokama etildi. “ASIA-Plus” teleradiokompaniyasi, “Regar, “Isfara”, “Diyor” telekanallari, “Salom qo‘shnilar” videoloyiha, “Tojikiston—XXI asr” Mustaqil jurnalistika maktabi, “Xatlon”, “Imro‘z NeWs” gazetalari, yana bir qator OAV vakillaridan iborat mehmonlar O‘zbekistonning bugungi hayoti, islohotlar samarasi, hamda Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlarining noyob durdonalari haqida turkum materiallar tayyorlash ularda katta mamnuniyat bag‘ishlashi ayni haqiqat ekanligini ta’kidlashdi.
—Tojikiston ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik nafaqat ular uchun, balki biz uchun ham juda foydalidir, —dedi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov.— Biz jurnalistlar xalqimiz kabi so‘nggi ikki yilda davlatlarimiz o‘rtasida boshlangan yaxshi qo‘shnichilik aloqalardan, o‘zgarishlardan mamnunmiz. O‘zbek va tojik odamlarini bir daraxtning ikki shoxi, bir daryoning ikki qirg‘og‘iga bejizga qiyoslashmaydi. Chunki bizning tariximiz, madaniyatimiz, san’atimiz, urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz bir- biriga juda o‘xshash. Biz yozgan maqolalarimiz, tayyorlagan ko‘rsatuv va eshittirishlarimiz insonni inson bilan, xalqlarni xalqlar bilan jipslashuviga xizmat qiladi. O‘zbekiston va Tojikiston jurnalistlari o‘rtasida mustahkam aloqalar o‘rnatilgan. Yaqinda ikki mamlakat uyushmalari o‘rtasida Memorandum imzolash bo‘yicha kelishib oldik. Yaqin vaqtlar ichida bu kelishuvimiz amalga oshsa, jurnalistika sohasida o‘zaro tajriba almashinishiga xizmat qiladigan loyihalar, media-turlarni tashkil etamiz. Tojikiston jurnalistlari tomonidan O‘zbekiston haqida yozilgan ochiq va tahliliy materiallarni biz diqqat bilan kuzatib boramiz. Jumladan shu yil 3-may kuni o‘tkazilgan “Oltin qalam” XIV milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovida tojikistonlik jurnalist — Yoqubjon Abdumanonzodani “Xalq ovozi” o‘zbek tilidagi gazeta va boshqa nashrlarda chop etilgan materiallari “Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” nominatsiyasi bo‘yicha diplom bilan taqdirlandi.
— O‘zbekiston tomonidan tojikistonlik jurnalistlarga ko‘rsatilgan yuqori darajadagi mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildiraman, — deydi «Tojikiston—XXI» mustaqil jurnalistika maktabi direktori Safo Safarov.— Davlatlarimiz o‘rtasida o‘rnatilgan iliq munosabatlar va o‘zaro ishonch asosida mustahkamlanayotgan aloqalar ommaviy axborot vositalari sohasida ham o‘z so‘zini aytishi kerak. Bizning «Tojikiston—XXI» mustaqil jurnalistika maktabining tashkil etilganiga 20 yildan oshdi. O‘tgan yillar davomida mamlakatimiz jurnalistlarini tajriba va mahoratini oshirishga qaratilgan qator loyihalarni, treninglarni tashkil qildik. Jumladan o‘zbekistonlik hamkorlar bilan ham har tomonlama foydali loyihalarni tadbiq qilayapmiz. Yurtingizga tashkil etilgan ushbu media-tur jurnalistlarimiz uchun juda foydali bo‘lmoqda deb o‘ylayman.
Media-tur davomida Tojikiston ommaviy axborot vositalari vakillari amaliy tadbirlarda ishtirok etish bilan birga Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlaridagi yirik korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar hamda tarxiy joylarini ziyorat qildilar.

 

Jobir XO‘JAQULOV