Davlat organlari matbuot xizmatlari: Transformatsiya

2019-08-12T11:51:07+05:001 June, 2019|Umumiy yangiliklar|

Zamonaviy siyosiy voqeliklar sharoitida ommaviy kommunikatsiyalarni shakllantirish va rivojlantirish davlat tomonidan kompleks yondashuvni talab etadi. Rivojlangan mamlakatlar tajribasiga tayanib, mamlakatimizda matbuot xizmatlari davlat tuzilmalarining OAV bilan munosabatlarini tartibga soluvchi vosita hisoblanadi.

Dunyo ko‘z o‘ngida o‘zgarayotgan O‘zbekistonda ushbu vositaga bugun ehtiyoj juda katta. Har bir vazirlik va idora faoliyatining oshkoraligi qonun ustuvor bo‘lgan hamda davlat organlari xalqqa xizmat qilayotgan mamlakatimiz yaxlitligiga ta’sir ko‘rsatadi.

Matbuot xizmatlarini harakatsizlikda ayblash, xato bo‘lardi. Aslo unday emas. O‘tgan ikki yarim yil ularning shakllanishida muhim bosqich bo‘ldi. O‘zgarishlar ta’siri ostida media soha kengliklarini o‘zlashtirgan jurnalistlar bilan muayyan aloqa o‘rnatildi.

Matbuot xizmatlarining funksiyasi press-relizlari kechikib beriladigan zerikarli brifinglar tashkil qilishdan iborat, degan oldingi tasavvur eskirdi. Kadrlar siyosati ham qayta ko‘rib chiqildi: ilgari jamoatchilik bilan aloqalar xodimlardan biriga ortiqcha yuklama sifatida yuklatilgan bo‘lsa, endilikda sohaga haqiqiy professional xodimlar, yosh va istiqbolli jurnalistlar, PR mutaxassislari jalb qilindi.

Biroq hozirgi o‘zgarishlar sur’atida erishilgan natijalar yetarli emas. Soha faoliyatining hanuzgacha bir necha eskirgan hujjatlar hamda ichki idoraviy nizomlar bilan reglamentga solinganini soha rivojidagi asosiy to‘siqlardan, deb atash mumkin. Matbuot xizmatlarinig to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun zamonaviy voqeliklarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan mustahkam huquqiy poydevor yetishmas edi.

Davlatimiz rahbarining Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, xo‘jalik sub’ektlari va turli tashkilotlarning jamoatchilik bilan o‘zaro hamkorligini tubdan takomillashtirish hamda matbuot xizmatlari faoliyatini rivojlatirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori hamkasblarimizning yakdil fikricha aynan shunday poydevor bo‘la oladi. Qaror loyihasi hozirda faol muhokama qilinmoqda.

Mazkur hujjat tashabbuskori – Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar nafaqat mamlakatimiz, balki xorijda ham yetarli darajada yoritilmayapti. Bu esa, noto‘g‘ri, asossiz, uydirma axborotlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Bunday uydirmalar keng tarqalsa va davlat organlari matbuot xizmatlari tomonidan zarur javob qaytarilmasa, aholi o‘rtasida tushunmovchilik va noroziliklarga sabab bo‘lishi mumkin.

Qarorni hech bir mubolag‘asiz muhim va tarixiy hujjat, desa bo‘ladi. Mamlakatimizda ilk bora axborot xizmatinig asosiy vazifalari, vakolatlari va majburiyatlari, tashkilotlardagi matbuot kotiblarning o‘rni va mavqei belgilab beriladi. Me’yoriy-huquqiy hujjat bilan matbuot xizmatlarining moddiy-texnik va moliyaviy ta’minoti, ushbu xizmat xodimlarini o‘qitish va ularning malakasini oshirish mustahkamlab qo‘yiladi. Va nihoyat, mazkur tuzilmalar huquqiy kafolatlarga ega bo‘ladi.

Konseptual hujjatning qabul qilinishi bir paytning o‘zida bir necha muhim maqsadlarga erishish imkonini berishi shubhasiz. Jamoatchilik bilan aloqalar uchun mas’ul bo‘lgan tuzilma mavqeining oshirilishi samarasida davlat organlari axborot xizmatlari faoliyatining samaradorligi ham ortadi. Matbuot kotiblarida davlatimiz rahbari imzosi bilan mustahkamlab qo‘yilgan beparvo mansabdorlarga ta’sir ko‘rsatuvchi mexanizm paydo bo‘ladi.

Ushbu o‘zgarishlar faol va fidokorona mehnat bilan birga mamlakatimizning oshkoralik reytinglardagi o‘rnini yuksaltirishga xizmat qiladi, O‘zbekistonning global hamjamiyat tomonidan ijobiy qabul qilinishiga ta’sir ko‘rsatadi.

Amerikalik hamkasblarimizning tajribasiga murojaat qiladigan bo‘lsak, matbuot xizmatlari va matbuot kotiblarining vazifalari turli shaxslar tomonidan amalga oshiradi. Masalan, kotiblar tashkilot rahbarining jamoatchilik oldidagi chiqishlarini tashkil etadi. Matbuot xizmatlari esa vaziyatni, yuz berayotgan jarayonlarni tahlil qiladi, ularning ustidan monitoring olib boradi. Matbuot kotibi rahbari faoliyati to‘g‘risida umumiy axborot tizimini yuritib boradi va ushbu ma’lumotni jamoatchilikka taqdim etadi.

Biz davlat organlarining matbuot xizmatlari faoliyatini tashkillashirishda ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan holda, hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusidan ilhomlanib, Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati jamoasi bilan birgalikda PR- strategiyasini ishlab chiqdik. Unda ijtimoiy tarmoqlar va OAVda salbiy holatlarning oldini olish uslublari va boshqa jihatlar ko‘rsatib o‘tilgan.

Ayni damda mamlakatimiz soliq to‘lovchilarini xolis axborot bilan ta’minlash maqsadida DSQning barcha boshqarmalari, hududiy bo‘linmalari bilan uzluksiz va yaqin hamkorlik qilish birinchi galdagi vazifa etib belgilandi.

Ishonchim komilki, haqiqatdan ham zarur bo‘lgan mazkur hujjat ma’qullanadi va tez fursatda respublikamiz davlat organlari matbuot xizmatlari professionallik nuqtai nazaridan xorijiy hamkasblari bilan tenglasha oladi.

To‘rabek TO‘RAYeV, DSQ jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boshqarmasi boshlig‘i.

Manba:O‘zA