Ekspert: Jurnalistikani plagiatlikdan tozalash kerak

2019-08-12T11:51:07+05:0031 May, 2019|Umumiy yangiliklar|

Munosabat

Toshkentda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan “Ommaviy axborot vositalari sohasida milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishning dolzarb masalalari” mavzuida respublika konferensiyasi bo‘lib o‘tganidan xabaringiz bor.

Tegishli vazirlik va idoralar mas’ullari, jurnalistlar, ekspertlar ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston media maydonida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, sohani xalqaro standartlar darajasida rivojlantirish va buning uchun talab qilinadigan milliy qonunchilik bazasini takomillashtirish masalalari muhokama etildi.

Konferensiyada Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyevaning ma’ruzasi ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.

Ma’ruzada davlat va xo‘jalik tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatiga haqqoniy baho berildi. Ommaviy axborot vositalarining to‘rtinchi hokimiyat darajasiga ko‘tarila olmayotganida boshqa omillar qatori vazirlik va idoralar axborot xizmatlari faoliyatidagi sustkashik ham bir sabab sifatida ko‘rsatildi.

Darhaqiqat, axborot xizmatlari ommaviy axborot vositalarini zarur axborot bilan ta’minlash, tashkilot faoliyati bilan bog‘liq jurnalist so‘roviga tezkorlik va xolis javob berishni tashkil etuvchi tizim bo‘lishi kerak.

Aslida esa mavjud axborot xizmatlarida garchi jurnalistlar faoliyat yuritayotgan bo‘lsa-da, ular ishlayotgan tashkilotining “bir bo‘lagi”ga aylanib ketgan. Ularning jurnalistlar so‘rovlariga javob berishda hamkasbining emas, balki tashkilot tarafida turishi sir emas. Buning sabablari yetarli, albatta. O‘sha tashkilot rahbariga bevosita bo‘ysinish, moddiy manfaatdorlik tashkilot hisobidan bo‘lgandan keyin uning boshqa iloji ham yo‘qdek.

Lekin har qanday sharoitda ham kasbga sodiq qolish kerak emasmi? Hamkasblariga yordam berish uchun kurashish uchun jur’at topish shunchalik qiyinmi?

Bu savollarga javob topish mushkul. Chunki axborot xizmatlarida o‘z kasbining ustasi bo‘lgan haqiqiy jurnalistlar faoliyat yurityapdi, deb bo‘lmaydi. Professional jurnalistni aslida amaliyotdan ajratib bo‘lmaydi. Chunki u ijod qilmasa, yozmasa bo‘lmaydi. Axborot xizmatlarida esa shu jihatdan biroz omadi yurishmagan, qalami haminqadar kadrlar bisyorligini inkor eta olmaymiz.

Kelgusida axborot xizmatlarini takomillashtirishda shu kabi kamchiliklarga barham berish, axborot xizmatlarida faoliyat yuritish uchun ham o‘z kasbining ustalarini ishga qabul qilish, ular nafaqat jurnalist so‘rovlariga o‘z vaqtida sifatli javob berish, balki ommaviy axborot vositalarida, hech bo‘lmasa ijtimoiy tarmoqlarda o‘z chiqishlari bilan keng ommani tashkilot bilan bog‘liq yangiliklardan xabardor qilib borishini yo‘lga qo‘yish kerak. Axborot xizmatlari xodimlari faqat ishlayotgan tashkiloti rahbariga bo‘ysinishi masalasini jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak. Ularning ham alohida shunday tuzilmasi bo‘lishi kerakki, toki rahbari u bilan muomala qilganda uning “xususiy mulk” emasligini anglasin.

Media sohasida yana shunday og‘riqli muammo borki, bu plagiatlikdir. OAVdagi chiqishlarda bir-birini takrorlash, oshkora plagiat avj olgani sir emas. Bunday noxolislik, jurnalistlarning o‘z hamkasbiga bo‘lgan surbetlarcha bepisandligi, ya’ni tayyor maqola, undagi fikrlarni manbasini ko‘rsatmay ko‘chirishdek illat yechimini kutayotgan muammoga aylanib ulgurgan. Biroq buni tartibga soluvchi, jurnalistika sohasida plagiatlikka yo‘l qo‘yilgani uchun qonuniy javobgarlik hali shakllanmagan.

Amaldagi qonunchilik bo‘yicha mulliflik huquqni olish uchun bu huquq tegishli ro‘yxatdan o‘tishi kerak. Ammo jurnalist har bir ijod mahsulini ro‘yxatdan o‘tkazishining iloji yo‘q. Aslida jurnalist maqolasini ismi sharifi bilan OAVda e’lon qilishi bilan unda shu ijod mahsuliga nisbatan mualliflik huquqi paydo bo‘lishi kerak.

OAVga oid qonunchilikni takomillashtirishga bel bog‘langan ekan, unda jurnalistning mualliflik huquqi masalasi ham keng o‘rin olishi kerak, deb o‘ylayman. Qolaversa, intervyu olayotgan va intervyu berayotgan shaxslar huquqlari kafolatlari ham qonunchilikdan o‘rin olishi zarur. Ko‘p hollarda intervyu beruvchi shaxsning fikri to‘laqonli emas, balki qisqargan holda yoki o‘zgartirib beriladi. Bu esa o‘sha shaxsni obro‘sizlantirish yoki nufuziga putur yetishiga olib kelishi mumkin. Bunday hollarga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Jurnalistlarda o‘zgalar sha’ni, huquqlariga hurmat bilan qarash, unga qat’iy rioya etish mas’uliyati qonunan mustahkamlansa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

 

Shuhrat NEMATOV,

Intellektual mulk huquqi

himoyasi bo‘yicha xalqaro ekspert.

Manba:O‘zA