Axborot xizmatlari ishi faqat press-reliz tayyorlash emas

2019-08-12T11:51:08+05:0031 May, 2019|Umumiy yangiliklar|

Kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan ommaviy axborot vositalari sohasida milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishning dolzarb masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan respublika konferensiyasida ishtirok etib bir qator fikrlar xayolimdan o‘tdi.

Avvalo, konferensiyada qayd etilganidek, bugun milliy qonunchiligimizda ommaviy axborot vositalari faoliyati bilan bog‘liq kamchiliklar, qator bo‘shliqlar borligi kunday ravshan. Ommaviy axborot vositalarining tashkiliy-huquqiy shaklidan tortib — muassislar bilan munosabatlar, muassis majburiyatlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan jurnalistning axborot olishiga to‘sqinlik qilgani uchun javobgarlik masalasigacha — ko‘plab me’yorlarni aniqlashtirish zarur.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini ta’minlash, buning huquqiy asoslarini takomillashtirish borasida ko‘tarilayotgan masalalar ko‘plab jurnalistlarni, ommaviy axborot vositalari xodimlarini xursand qilgan bo‘lsa kerak. Boisi, biz yillar davomida oddiy bir material (tanqidiy u yoqda tursin) tayyorlash maqsadida bir tashkilotdan ma’lumot olishda katta to‘siqlarga uchrab keldik. Rasmiy xat jo‘natish, xat esa kanselyariyadan – tegishli rahbarga, rahbardan – o‘rinbosarga, o‘rinbosardan – ijrochiga tushishini, keyin esa ijrochi tayyorlagan hisobot shaklidagi bir ma’lumot (shunda ham umumiy gaplardan nariga o‘tilmagan) yana shu yo‘nalishda rahbargacha borib, uning tasdig‘idan o‘tgandan so‘nggina pochta orqali bizga kelishi kabi uzundan-uzun jarayon ko‘pchilik hamkasblarimizga yaxshi tanish. So‘nggi yillarda davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak, degan tamoyil hayotga tatbiq etila boshlangach davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining matbuot bilan ishlash uslubida ham ancha-muncha o‘zgarishlar ko‘zga tashlanyapti. Biroq hali ham bu yo‘nalishda dolzarb bo‘lib turgan masalalar talaygina.

Avvalo, axborot xizmatlari nafaqat o‘z tashkiloti haqida press-reliz yoki boshqa ma’lumot tayyorlab matbuotga uzatish, balki ushbu tashkilot imiji uchun ham mas’ul ekanligini anglab yetishi zarur.

Misol uchun, gazeta yoki internet nashrda biror bir tashkilot faoliyati haqida tanqidiy material chiqsa, birinchi navbatda bu materialni kim yozgan, nega yozgan kabi savollarni surishtirish o‘rniga, o‘sha materialga tezkor munosabat bildirilsa, aytilgan kamchiliklarni to‘g‘rilash borasida qanday ishlar boshlangani haqida aytilsa, bu birinchi galda o‘sha tashkilotning obro‘si oshishiga xizmat qilmaydimi?

Gazetamizning deyarli har sonida ma’lum bir soha bo‘yicha tanqidiy-tahliliy materiallar berishga harakat qilamiz. Ko‘p maqolalarimizda muayyan kamchiliklar aniq ko‘rsatilgan (adresnыy) ham bo‘ladi. Afsuski ularning aksariyatiga tegishli soha mutasaddilari (yoxud axborot xizmatlari) munosabat bildirish u yoqda tursin, rasmiy xat bilan o‘sha maqola jo‘natilsa-da deyarli javob berishmaydi. Tahririyatda bunga misollar yetarli.

Yaqinda bir vazirlik axborot xizmati rahbari qariyb ikki oydan keyin maqolaga munosabat jo‘natar ekan, «sohada mana bunday katta-katta ishlar qilinyapti, falon loyihalarni amalga oshiryapmiz. Shunday paytda tanqid qilish adolatdan bo‘ladimi?..» qabilida nolidi. Qiziq, sohaning qaysidir bir tomoni tanqid qilinar ekan, bu u yerdagi «katta islohotlar» inkor etilyapti degani emas-ku! Aksincha, kamchilikni ko‘rsatib, uni vaqtida to‘g‘rilashga da’vat etayotgani uchun minnatdor bo‘lishi kerak emasmi? Maqolaga munosabat qilib «ulkan ishlar hisobotini» emas, kamchilik qanday bartaraf etilayotganini ikki og‘iz gap bilan aytish kerakligini vazirlik va idoralar axborot xizmatlari vakillari qachon anglab yetishadi?
Albatta, buning uchun davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari axborot xizmatlari faoliyatini kafolatlaydigan me’yoriy hujjatlar kerak bo‘ladi. Shu bois ham bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va boshqa tashkilotlarning jamoatchilik bilan o‘zaro hamkorligini tubdan takomillashtirish hamda matbuot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Konferensiya davomida shunga amin bo‘ldim: oshkoralik va demokratik tamoyillarni ommaviy axborot vositalarida chinakamiga tatbiq etish uchun hali ko‘p ishlar qilinishi kerak ekan. Bu davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda ularning axborot xizmatlari faoliyatiga, jurnalistlarning huquq va manfaatlari qanchalik himoyalanganiga, o‘z navbatida, ommaviy axborot vositalari xodimlarining bilimi, saviyasi va salohiyatiga bevosita bog‘liq. Xursand qiladigan tomoni mana shu dolzarb vazifalar yechimi sari qadam qo‘yilayotganidir.

Husniddin BERDIYeV.
Manba: «Oila davrasida» gazetasi.