Jurnalist, adib, mutarjim

2019-08-12T11:51:09+05:0030 May, 2019|Umumiy yangiliklar|

Sa’dulla Karomatov adib, jurnalist, muharrir, tarjimon va jamoat arbobi sifatida qirq yil samarali faoliyat yuritdi. 1947 yildan boshlangan mehnat faoliyati davomida milliy madaniyatimiz yuksalishi yo‘lida faol xizmat qildi.

Dastlab radioning musiqa muharririyatida mas’ul muharrirlikdan boshlangan faoliyati ke­yinchalik matbuotga ko‘chdi. 1966 yildagi zilziladan so‘ng poytaxtimizdagi qayta tiklash ishlari das­turi doirasida “Toshkent oqshomi” va “Vecherniy Tashkent” gazetalarining tashkil etilishida bosh-qosh bo‘ldi va uzoq yillar unga rahbarlik qildi.

Adibning “Bir tomchi qon”, “E’tiqod” kabi qissalari va “Oltin qum” romanining chop etilishi o‘z vaqtida adabiyotimizda sezilarli voqea bo‘lgan edi. Kitobxonlar Sa’dulla Karomatovni mohir tarjimon sifatida ham yaxshi biladi. Mash­hur fransuz adibi Jyul Vernning “Suv ostida 80 000 kilometr” (1973) fantastik asari butun dunyoda bo‘lgani kabi yurtimizda ham eng ko‘p o‘qiladigan kitoblardan. Uning qalami bilan eron, turkman va tojik adabiyotining ko‘plab namunalari o‘zbek o‘quvchilariga taqdim etilgan.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, adib, jurnalist va mutarjim Sa’dulla Karomatov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasida shular haqida so‘z yuritildi. Unda ijodkorning hamkasblari, do‘stlari, shogirdlari va oila a’zolari ishtirok etdi.

— Ikki tilda faoliyat olib bora oladigan, ham gazeta ishini, ham kechayotgan jarayonlarni yaxshi tushunadigan kadrni yangi gazetaga bosh muharrir etib tayinlash masalasi ancha payt muhokama qilingan edi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Ibrohim G‘afurov. — Ana shunday murakkab vazifaga mohir ocherknavis Sa’dulla Karomatov loyiq ko‘rildi va u ishonch­ni oqladi. Shu tariqa gazeta o‘ziga xos “fikr markazi”ga aylandi. Nashrda “O‘zbek adabiyoti va madaniyati” rukni tashkil etilib, unda XX asrning 20-30-yillarida qizg‘in ijod bilan shug‘ullangan, keyinchalik unutilgan ziyolilar haqi­da materiallar berib borilardi.

— “Toshkent oqshomi” va “Vecherniy Tashkent” gazetalarining chop etilishi chindan o‘z davri uchun muhim voqea bo‘lgan edi, — deydi O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev. — Sa’dulla Karomatov mendan ham davrning dolzarb masalalariga oid feletonlar yozib berishimni so‘radi. Shu bo‘lib “Bir stakan suv” feletonim yozildi va “Oqshom”da chiqdi. Keyinchalik tahririyatning doimiy mualliflaridan biriga aylandim.

Xotira kechasida Sa’dulla Karomatovning sermazmun umri va barakali ijodiga bag‘ishlangan “Vatan taqdiriga teng hayot” hujjatli filmi namoyish etildi.

Farhod UMAROV