Faoliyatimiz uchun huquqiy asos

2019-08-12T11:51:09+05:0030 May, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi loyihasi (“Hurriyat”, 2019 yil 22 may) hamkasblarimiz muhokamasida

Jurnalistikaning yozilmagan qoidasi bor: bordim, ko‘rdim, yozdim. Lekin bu ijodiy jarayonning nihoyatda umumiy ifodasi. Aslida jurnalistning biror joyga borishi o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, ko‘rish jarayonida ham ko‘p gaplar kechadi va yozishidan oldin har tomonlama o‘ylab ko‘rishi kerak. Duch kelgan narsani ko‘ngilga kelgan shaklda, bilib-bilmay yozish jurnalistikaning bir qator mezonlariga to‘g‘ri kelmaydi. Bu borada, avvalo, inson bu yorug‘ dunyoga kelgandan buyon berilgan tarbiya talablari, qolaversa, kasb etikasi yo‘l qo‘ymaydi.
Shifokorlar orasida “Gip¬¬pokrat qasami” degan ibora bor. Har qanday sharoitda har qanday bemorni davolash talab etiladi. Ana shu qasamyod shifokorlarning kasb etikasidir. “Hurriyat” gazetasining shu yil 22 may sonida chop etilgan O‘zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi loyihasi ham ijod olamida qo‘liga qalam olgan jurnalistning omma oldida so‘z aytishda, fikrlarni qog‘ozga tushirishda nimalarga e’tibor berishi lozimligidan ogoh etadi.
Shu o‘rinda xalqimizning ulug‘ adibi G‘afur G‘ulomning bir nasixati yodimizga tushadi. Doimo el nazarida bo‘lgan shoir ifodali qilib: “She’r yozishdan oldin qo‘lingni atir sovun bilan yaxshilab yuv, keyin ishga kirish” degandilar. Ushbu Kodeks loyihasini o‘qiganda ijoddan oldin qalbingga halollik, xolislik, adolat tuyg‘ularini joylab olish zarur, degan fikr ongu shuurimizdan joy oldi. Ijod mahsuli hamisha ko‘pchilikka — ommaga yo‘llanadi. Modomiki shunday ekan, ko‘pchilikka bir gap aytishning mas’uliyati kattadir.
Mustaqillikka erishganimizdan keyingi yillar mobaynida O‘zbekiston jahon hamjamiyatida o‘z o‘rniga ega bo‘lish yo‘lida katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Aytaylik, ilgari Jahon matbuot erkinligi kuni — 3 may sezilib-sezilmay o‘tib ketar edi. 2006 yildan buyon bu bayramni keng nishonlashni shu darajada yo‘lga qo‘ydikki, endilikda boshqa mamlakatlarning jurnalistlari bizga havas qilishmoqda. Senzuraning bekor qilinishi ham muhim voqea bo‘ldi.
Muhokama uchun taqdim etilgan Kodeks loyihasi esa mus¬taqil O‘zbekiston jurnalist-larining hech kimdan kam bo‘lmay ijodiy muhit yaratish yo‘lidagi harakati deb qabul qilinishi kerak, deb o‘ylaymiz. Jurnalist, ayniqsa, yosh ijodkor ushbu Kodeks mezonlarini o‘zi uchun qoida deb bilsa, so‘z qudratining ulkan salohiyatini namoyon qila oladi, yozganlari boshqalar tomonidan so‘zsiz qabul qilinadi.
Fikr, aytgan gaplaringiz jamiyat nazariga tushadi. Bu ko‘pchilik aholi to‘planib turgan joyda hammaga eshittirib so‘z aytish bilan teng. Tabiiyki, nutqingizni eshitgan omma fikr bildirishi mumkin. Shu ma’noda jamoa (jamiyat deb tushuning) oldida so‘z aytishning o‘rni benihoya katta. Fikrlar turlicha bo‘lishi mumkin. Lekin ularni ifoda etishda jurnalist betaraf va xolis turishi zarur. Kasb etikasi shuni taqozo etadi.
O‘z xizmat vakolatlaridan shaxsiy maqsadlar yo‘lida foydalanib bo‘lmasligi Kodeks loyihasida alohida yozib qo‘yilgan. Bu qoidani ijod olamiga endigina qadam qo‘yayotgan jurnalistlar, ayniqsa, hisobga olishlari zarur. Bu masalada belgilangan tartibga rioya qilmagan hamkasblarimiz hayotda uchrab turishi bor gap. Bunday holatni o‘z kasbiga xiyonat deb baholash adolatdan bo‘ladi.
Kodeks loyihasi hamkasblarimiz nazaridan o‘tsa, ularning asosli qo‘shimchalari va takliflari bilan boyit¬ilsa, yanada mukammal va puxta bo‘ladi.
Shu o‘rinda ba’zi mulohazalarimizni bayon etishni ma’qul ko‘rdik.“Jurnalistlar birdamligi” deb atalgan 9-bobda shunday so‘zlar bor: “Jurnalistlar ommaviy axborot vositalaridan Qa¬razli maqsadlarda va hamkasblar o‘rtasida kelishmovchiliklar keltirib chiqarish yo‘lida foydalanmasliklari darkor”. To‘g‘ri, bu bob kasbiy birdamlikka bag‘ishlanganligi uchun “hamkasblar o‘rtasida” degan tushuncha tilga olingan. Lekin bu yerda go‘yo hamkasblardan tashqari shaxslar o‘rtasida kelishmovchiliklar keltirib chiqarish mumkin, degan ma’no chiqib qolgan. Taklifimiz: “ham¬kasblar” so‘zi o‘rniga “odamlar” degan so‘z kiritilsa, tushunarli bo‘lur edi.
Xonasi kelganda yana bir taklif: Jurnalistlar uyushmasi bir necha yil mobaynida faoliyat ko‘rsatmadi. Ma’lum muddat O‘zbekiston OAV demokratlashtirish va qo‘l¬lab-quvvatlash ijtimoiy-siyo¬siy jamg‘armasi faoliyat yuritdi. Ushbu jamg‘arma bekor qilinib, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi tashkil etilganiga ham o‘n besh yildan oshdi. Shu davr mobaynida uyushmaga munosib ijodkorlarni qabul qilish yo‘lga qo‘yilgan emas. Uyushmaning boshqaruv yig‘ilishida bu masala muhokama qilinganini, u ijobiy hal etilishi to‘g‘risida qarorga kelinganini eshitganmiz. Lekin, o‘n besh yildirki, qabuldan darak yo‘q. Bu vaqt ichida jurnalistlarning yangi avlodi vujudga keldi. Ularning ma’lum qismi “Oltin qalam”, “Eng ulug‘, eng aziz” va bosh¬qa ijodiy tanlovlar g‘olibi va sovrindorlari bo‘lishdi. Endilikda uyushma a’zolari yoshi ulg‘ayib qoldi, saflarini munosib ijodkorlar hisobiga kengaytirishni hayotning o‘zi taqozo etmoqda. Kasb etikasi loyihasi haqi¬da so‘z ketganda shu fikrni ham yodga olishni ma’qul ko‘rdik.

Murtazo SULTONOV,
Shuhrat JABBOROV,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zolari.