“O‘zRTXB” — xalqaro birjalar bozorida

2019-08-12T11:51:10+05:0029 May, 2019|Umumiy yangiliklar|

“O‘zRTXB” vakillari AQShning Chikago shahrida o‘tgan Fyuchers bozorlari xalqaro uyushmasining 22-yillik anjumanida ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublika tovar va xomashyo birjasini (O‘zRTXB) Fyuchers bozorlari xalqaro uyushmasining (AFM) a’zolariga tanishtirish, yetakchi xorijiy birjalar bilan aloqa o‘rnatish hamda fyuchers savdosi sohasida hamkorlikni tashkil etish tashrifning asosiy maqsadi edi.

Anjumanda yigirmadan ziyod mamlakatning ellikdan ziyod tovar va fyuchers birjalari, kliring palatalari, brokerlik idoralari, tijorat tashkilotlari hamda yetakchi investitsion kompaniyalarining vakillari ishtirok etdi.

Ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan anjumanda derivativ bozorlarning holati va istiqboli, raqamli aktivlar va kriptovalyuta birjalarining tendensiyalari, kliring tashkilotlarining istiqboli, birja tizimida moliyaviy texnologiya­larning qo‘llanilishi va birjalarning me’yoriy-xuquqiy bazasini baholash masalalari muhokama qilindi.

Fyuchers bozorlari xalqaro uyushmasi (AFM), Chikago tovar birjasi (CME Group), Fyuchers indus­triyasining uyushmasi (FIA), Amerika moliyaviy birjasi (AFX), AQSh milliy fyuchers uyushmasi (NFA) va boshqa xalqaro ixtisoslashtirilgan tashkilotlarning rahbarlari ma’ruza qildi.

2019 yil fevral oyida “O‘zRTXB” AJ Fyuchers bozorlari xalqaro uyushmasining (AFM) to‘liq a’zosi bo‘ldi. Anjuman davomida AFM a’zolarining umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va unda O‘zRTXBni tashkilot a’zolariga rasmiy tanishtiruvi o‘tkazildi. Shu jumladan, O‘zRTXBning tashkil etilish va rivojlanishining qisqacha tarixi, o‘tkaziladigan savdolarning o‘ziga xos jihatlari va sotiladigan tovar aktivlari hamda birjaning asosiy ko‘rsatkichlari va kelajakda fyuchers kontraktlarini joriy etish borasidagi rejalari haqida so‘z yuritildi.

Tadbirda, “O‘zRTXB” AJning bosh­qaruv raisi Farohidin Ibrohimov Chikago tovar birjalarining guruhi (CME Group) raisi va bosh direktori Terri Daffi bilan uchrashdi. O‘tkazilgan suhbat jarayonida fyuchers savdosi bo‘yicha bilim olish yo‘nalishida ikki birjaning axborot almashinuvi to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Tadbir davomida Fyuchers bozorlari xalqaro uyushmasining rai­si Patrik Kenni va Fyuchers bozorlari xalqaro uyushmasining prezidenti Pol Konstantinu, Dubay oltin-tovar birjasi (DGCX)ning Tavakkalchiliklarni boshqarish va savdolar bo‘yicha direktori Endryu Dodvort hamda boshqa nufuzli tashkilotlarning rahbarlari va eks­pert­lari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Muzokaralar natijasida tomonlarni qiziqtirgan o‘zaro manfaatli masalalar belgilab olindi, derivativlar bozorlari bo‘yicha malakali ekspertlar va maslahatchilarni jalb qilish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Anjuman doirasida forum ishtirokchilari Chikago tovar birjasining Bosh boshqaruv markaziga (GCC) tashrif buyurdi. Markazning asosiy vazifasi CME Globex elektron savdo tizimining barqaror ishlashini ta’minlashdan iboratdir. Birjadagi barcha savdo operatsiyalari Boshqaruv markazi tomonidan nazorat qilinganligi bois bozor manipulyatsiyasiga yo‘l qo‘yilmaydi va tizimning butun dunyo bo‘ylab barqaror ishlashi kafolatlanadi. Xususan, Global bosh­qaruv markazi potensial xavf tug‘diradigan va savdo tizimiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan xatarlarni aniqlaydi va ularni bartaraf etish uchun zarur choralarni ko‘radi. Markaz, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda, avval tizimga kiritilgan buyurtmalarni bekor qilishda savdo ishtirokchilariga yordam berishi ham mumkin.

Yalpi sessiyada tovar birjalarning moliya vositalarni o‘zlashtirishdagi istiqbollari muhokama qilindi va unda ekspertlar O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi fao­liyatiga ijobiy baho berdi.

Xalqaro anjuman yakunida yalpi sessiyalarning natijalari, asosiy ma’ruzachilarning taqdimotlari va derivativ bozorining kelajakdagi istiqbollari muhokama qilindi.

O‘z navbatida erishilgan kelishuvlarning amalda joriy etilishini ta’minlash va birjalararo munosabatlarni rivojlantirish maqsadida, O‘zRTXB Fyuchers bozorlari xalqaro uyushmasi (AFM) va xorijiy birjalar bilan o‘rnatilgan hamkorlikni davom ettiradi.

Ma’lumot uchun: Chikago tovar birjasi guruhi (CME Group) derivativlar savdosi va ularning turlari bo‘yicha eng yirik savdo maydonchasi hisoblanadi. Chikago tovar birjasi 1848 yilda tashkil etilgan. CME guruhi 2007 yilda Chikago tovar birjasi va Chikago savdo palatasi birlashuvi natijasida tashkil topgan. CME guruhi tarkibiga, shuningdek, Nyu-York tovar birjasi NYMEX, Kanzas birjasi KCBT, dunyo bo‘yicha 11 ta yirik filial va 15 ta ofislar kiradi.

Birjada turli xil savdo vositalari qo‘llaniladi, jumladan, valyuta, tovar, foiz stavkalari, indekslar, ko‘chmas mulk, qimmatbaho metallar, birjadan tashqari aktivlar bo‘yicha fyuchers va opsion kontraktlari sotiladi. Chikago savdo birjasida kuniga o‘rtacha 19 mln.dan ziyod bitim tuziladi.

Fyuchers bozorlari xalqaro uyushmasi (AFM) — turli davlatlarning birjalari, kliring va boshqa tashkilotlarni bog‘laydigan xalqaro notijorat tashkilot. Uyushma 1998 yilda Buenos-Ayresda (Argentina) tashkil topgan. Uyushmaning asosiy maqsadi — yangi savdo turlari va bozorlarni yaratishda ko‘maklashish hamda tashkilot a’zolari o‘rtasidagi muloqotni rag‘batlantirish, aloqalarni mustahkamlash maqsadida xalqaro anjumanlar tashkil etish.

O‘z muxbirimiz.