Yigirma yillik uyqu yoxud o‘z jurnalistini tanimaydigan xalq…

2019-08-12T11:51:11+05:0029 May, 2019|Hafta maqolasi|

1997 yil 15 yanvar kuni Pragada O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovga «Ozodlik» radiosining muxbiri tomonidan mana bunday savol beriladi: «Demokratiya va erkin matbuot qanday bo‘lmog‘i lozim?»

Javob esa quyidagicha: «...jamoatchilikning, xalqning hokimiyatga nisbatan, prezidentga nisbatan, mansabdorlarga nisbatan bildirgan fikrini ifodalovchi matbuotgina demokratik matbuot hisoblanadi. Odamlarda har xil fikr bo‘lishi tabiiy, hokimiyat bittasiga yoqadi, bittasiga yoqmaydi, bittasining xafachiligi bor, bittasining alamzadaligi, bittasining noroziligi, bittasi nima istashini o‘zi ham bilmaydi. Matbuot bularning hammasini ifodalab berishi kerak. O‘n xil, yuz xil bo‘lsa ham hammasini berish kerak, shunga biz chidashimiz darkor. Ana shundagina demokratik matbuot bo‘ladi».

Shu o‘rinda I.Karimov muxbirning «siz islohotlar sur’atini jadallashtirish, respublikada ochiq va erkin jamiyat barpo etish fursati kelganini qayta-qayta ta’kidlayapsiz, ammo har qanday voqea-hodisa yuzasidan savolga prezidentga chiqishga muvaffaq bo‘linsagina javob topish va javob olish mumkin. Biroq hokimiyatning pastki bo‘g‘inlariga tushgan sari bu ish og‘irlashib boraveradi, hatto imkonsiz bo‘lib qoladi?» degan savoliga shunday javob beradi: «Nega deganda bizlarda qo‘rqinch bor, vazir bo‘lsa ham, hokim bo‘lsa ham bu odamlar o‘zidan qo‘rqadi, sovet davrining tarbiyasini olgan, menga ortiqcha mas’uliyat kerak emas, menga tinchlik kerak degan bizda shunday odat bor. Shuning uchun bunday voqealar ko‘p bo‘ladi. Hokimlar savollarga javob berishga qo‘rqadi, joylardan so‘rasangiz yo ular mujmal javob beradi, yo mutlaqo javob bermaydi, biz bu yaramas odatdan voz kechishimiz kerak. Afsuski, ba’zi odamlarni uyg‘otish qiyin bo‘lyapti».

«Yangicha ishlash va fikrlash davr talabi» kitobiga muhrlangan ushbu suhbatdan so‘ng sizda ba’zi mulohazalar tug‘ilishi tabiiy. Xo‘sh, nima uchun uyg‘onmadik, sababi prezident istaganidek erkin matbuotga yo‘l ochilmadi. Hattoki yana bir xorij muxbirining bir paytlar Samarqanddagi yagona mustaqil televideniye studiyasi hech qanday sababsiz Rossiya televideniyesining «TV-6» dasturini yurtimizda retranslyatsiya qilish uchun belgilangan kanaldan foydalanish borasida qaysidir vazirlikning taqiqiga duch kelganini aytadi. Shunda prezident: «Men bu holga zimdan kurash bormoqda, degan bo‘lardim. Kimdir kimgadir biron narsani bermagan, qandaydir manfaatlar to‘qnash kelib qolgan, men bugunoq bu masalani tekshirishga topshiriq beraman. Meni aynan «TV-6»ning taqiqlab qo‘yilgani emas, ushbu mojaro tashvishlantiradi. Men hozir Rossiya «NTV» ko‘rsatuvlarini bajonidil tomosha qilgan bo‘lardim… lekin uni nega ko‘rmayapmiz, men buni hatto tushuna olmayman…»

Demak, bu borada, matbuotning bo‘g‘ilishi borasida hattoki I.Karimovning ham tushunmagan holatlari ko‘p bo‘lgan…

Oxirgi tanqidiy maqolani 2009 yil muharrir topshirig‘i bilan «Oila va jamiyat» gazetasida yozgan ekanman. Tungi klublar haqidagi maqolani yozish uchun rosa sarson bo‘lganim esimda. Kechasi «men jurnalistman, maqola yozishga keldim» desangiz kirgizmasligini bilmaganmanda. Va ikkinchi kun dam olishga boradiganlar niqobini kiyishga majbur bo‘lganman. Yarim kechasi uchgacha o‘tirib bir betlik maqolani yozib tushgacha muharrirga topshirganman. Ammo tungi klubning manzili, egasi ko‘rsatilmagan maqola yozilgandi o‘shanda ham. «Manzilini ko‘rsatsak, tepadagilarga tegib ketiladi», deyishardi. Tepadagilar kim edi. Nimaga tegib ketmaslik kerak edi. Bu savolga hamon javob yo‘q.

Ammo bora-bora hech qaysi nashr tanqidiy maqola bermay qo‘ydi. Ishga kela kelgunimcha yo‘l-yo‘lakay ko‘rgan mammolarimni qog‘ozga tushirardimu ammo berolmasdim. Hattoki masalan «loy yo‘llar asfaltlandi» deb yozsak, «loy»ni olib tashlashardi, shunchaki yo‘l asfaltlandi deb yozishimiz kerak edi. Afsuski u paytlar saytlar e’tibor kam, deyarli yo‘q edi. Ko‘pchilikdan «jurnalistlar qo‘rqoq», «jurnalistlar maddoh», «jurnalistlar hamma narsaga befarq qarab turdi», degan gaplarni eshitamiz. Bu gaplar albatta og‘ir botadi. Ammo bir xil mavzuda yozish bizning badimizga urmaganmidi? O‘zini haqiqiy jurnalistman deb hisoblaydigan jurnalist nimaga yozmayotganidan qayg‘urmasmidi?!

Albatta qosh qo‘yamiz deb ko‘z chiqardik. Yetmish yillar davomida ezilgan xalqning ruhini ko‘tarish uchun hayotning faqat oq tomonlarini ko‘rsatib ularni ruhlantirish uchun juda qattiq kuch tashladikki oqibatda bu poraxo‘r, yulg‘ich, firibgar, mas’uliyatsiz, ochko‘z mansabdorlarga qo‘l kela boshladi.

Jurnalistlarning kim tomonidan bunday jilovlangani haligacha bizga qorong‘u. Muharrirlar o‘z joyidan ajrab qolishdan qo‘rqqani uchun ham tanqid berishmaydi, deydiganlar ham ko‘p edi. Ammo 1 700 nomdagi nashrning 1 700 muharriri birdan qo‘rqoq bo‘lib qolishi aqlga sig‘maydigan gap. Hattoki jurnalist tanqid yozsa muharrirgacha yetib bormagan paytlar bo‘lardi. Bo‘lim mudiri, muharrir o‘rinbosari o‘zi surobini to‘g‘rilab qo‘ya qolardi. Demak, ularga ham tepadan topshiriq shunday bo‘lgan. Ishdan bo‘shab boshqa joyga ketay desangiz hamma joyda xo‘roz bir xil qichqirayotgan paytlar edi.

Mana alal-oqibat hamma kaltak jurnalistning boshida sindi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzataman, biror jurnalistning maqolasi yoki o‘zi haqida gap ketsa odamlarimiz «o‘zi u kim», degan savolni beradi. «Falonchi jurnalistku», desangiz, «tanimas ekanmiz» degan javobni eshitasiz. Endi biz talab qilishga haqqimiz bormi? Haqiqatni yozaman degan jurnalistning yo‘qotilgan yillari uchun kim javob beradi? Butun bir millatning boshiga qora kunlarni solgan poraxo‘rlikning, jinoyatning urchib ketishiga, barcha sohalarda boshboshdoqlikning avj olishiga sabab bo‘lgan yurt dushmanlarini vaqtida fosh qilishimiz, ularni to‘xtatib qolishimiz uchun to‘sqinlik qilgan kimlar edi?

Har yili soha bayramimizda Islom Karimov: «jurnalistlar nega tanqidiy maqolalar yozmayapti?», degan savolni berardi. Va mana shu gaplardan keyin bizda ozroq umid uyg‘onardi, demak yana tanqidiy-tahliliy maqolalar yozish imkoni paydo bo‘larkanda deb. Ammo yana o‘sha eski hammom, eski tos. Rostdan nega yozmasdik, biz yozmasmidik. Yo‘q, bizga yozdirishmasdi. O‘zbek jurnalistikasining 20 yil o‘tgan umriga achinaman, umrimga achinaman. Axir bu hayotda bir marta yashaymiz. Bitta kasb tanlash imkoniyati bor. Agar u yaxshi ko‘rgan kasbing bo‘lsayu, jon-jahding bilan ishlaging kelsayu, ammo imkon berishmasa — yozolmasang, aytolmasang, g‘ayrating, shijoating, jasorating 20 yil orasida yo‘qolib qolsa alam qilarkan.

Tarix oldida biz nima deb javob beramiz? Nega biz shuncha yil davomida yo‘limizni yo‘qotib qo‘ydik? Nega bizga yozdirishmadi? Nega biz ortimizdan yuragi yoniq shogirdlarni yetishtirib chiqarolmadik? Buning uchun kim javob beradi? Qachon javob beradi? Ustozlarimiz Dadaxon Yoqubovdek, Karim Bahriyevdek jurnalistlarimizning umri zoye ketdi. Ular milliy jurnalistikamizga juda ko‘p hissa qo‘shishlari mumkin edi. Yoniq qalbi, tiyrak qarashlari, hech kimnikiga o‘xshamaydigan ko‘rsatuvlari, maqolalari bilan yurtga ko‘p foydasi tegishi mumkin edi. Hali ham kech emas. Ammo yillar davomida yo‘qotilgan tuyg‘ular, ishonchsizlik, umidsizlikni uyg‘otishga yana qancha vaqt kerak?

Ko‘pchilik sovet matbuotini maqtashadi. To‘g‘ri, o‘sha paytlari biror mansabdorni tanqid qilsang o‘sha payti ishdan olinardi. Va kelayotgan rahbar o‘zidan qo‘rqib uning xatolarini qilmaslikka harakat qilardi. Ammo bugungi matbuot tanqid qilinayotgan ob’ektning kamchiliklarini ko‘rsatib berishi bilan xatolarini ham ko‘ra oladigan maqolalar yozadigan bo‘lishi kerak. Afsuski, hozir biz tanqid deb yozayotganimiz yana o‘sha sobiq davrni eslatyapti. Odamlarning taqdirini uzil-kesil hal qilish, hokimni osongina ishdan olib tashlash bu masalaning yechimi emas. Matbuotning kuchi faqat qoralashga emas, o‘sha qora tomonlarning nega qora bo‘lib qolganini asoslab bera oladigan bo‘lishi shart. Jurnalist bugun hokimdan, mansabdordan bir qadam oldinda yurishi, qilgan xatolarining ayanchli tomonlarini mulohazalari, tahlil bilan ko‘rsatib bera olishi kerak.

Matbuotimiz erkin so‘zlay boshlaganiga ikki yil bo‘ldi. Shu davr davomida biz nari borsa ikki-uch nafar deputatimizni taniymiz. O‘tgan 20 yil davomida o‘z so‘zini erkin aytishga imkoni yaratilgan birgina deputat otilib chiqqanida bugunga kelib ularning safi anchaga kengaygan bo‘larmidi. Bir shijoatli, jasoratli inson boshqalarni o‘ziga ergashtirishi sir emasku. Axir bundan yigirma yillar oldin O‘zbekistonning birinchi prezidenti ham aynan deputatlarga qayta-qayta mana shunday deb murojaat qilmaganmidi: «Deputatlarning vazifasi faqatgina sessiyalarda qatnashish, hokimni saylashdangina iborat emas, ular viloyat hayotiga faol aralashmog‘i, muammolar yechimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmog‘i, zarur bo‘lsa viloyat rahbarlarining, jumladan, hokimning ham faoliyatini nazorat qilish, hokimiyatning ishini xolisona baholash, kamchilik va nuqsonlar haqida ro‘y-rost gapirish, ularning oldini olish va bartaraf etish masalalarida o‘z hissasini qo‘shishi lozim. Bu ishlarni amalga oshirishda jamoatchilik bilan bir qatorda ommaviy axborot vositalarining ham alohida o‘rni bor. Hayotimizda sodir bo‘layotgan salbiy holatlarni ochib tashlashda, ularga qarshi kurashishda jurnalistlarimizning qat’iy va murosasiz bo‘lishi talab etiladi…». «Biz kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan quramiz». 259-bet. Toshkent. «O‘zbekiston» 1999 yil.)

Ammo nimagadir prezidentning barcha aytganlarining teskarisi qilindi. Yigirma yil davomida xalqning nomidan muammolarni ko‘tarib chiqadigan jurnalistning so‘zi bo‘g‘ildi, shu bois hech kim jurnalistni eslamay qo‘ydi, hamma matbuotni unutdi, javobgarlikni unutdi, o‘zi xon ko‘lankasi maydon bo‘ldi. Xo‘sh, nimalarni yo‘qotdik? Avvalo odamlarning matbuotga, jurnalistga ishonchi yo‘qoldi, siyosiy ongi qotib qoldi, televideniye orqali berib boriladigan jannatdan xabarlar tufayli bozorda tovoni yorilib arava sudrab yursa ham shukr qiladigan zombilar paydo bo‘la boshladi. Matbuotni, so‘z erkinligini bo‘g‘ish xalqning ongi, tafakkuri shakllanmay qolishiga sabab bo‘ldi. Eng katta fojiamiz ham mana shu.

20 yildan beri deputatlar ham, hokim ham o‘zgarmadi. Nega? Chunki ular bilardi prezident minbarda turib gapiradi, ertaga unut bo‘ladi, prezident gapining orqasidan tushadigan jurnalist o‘lik, deputatni, hokimni prezident yonida turib tanqid qiladigan jurnalist uyquda, go‘yoki hamma jurnalistga yillarga tatiydigan uyqu dori berilgan-u karaxt va jim. Men prezidentning tanqidni kuyunib minbarlardan turib gapirganlariga guvohman, zarracha yuzakilik ko‘rmaganman. Demak, uning ijrosiga qolganda atrofdagilar qo‘l siltashgan, ko‘z yumishgan, birinchi galda matbuotni bo‘g‘ishgan. Jannatdan xabarlari bilan borib-borib birinchi prezidentning ham ko‘zini boylashgan. I.Karimov ham qayerga borsa, shodon xalqni ko‘rgan, atlas ko‘ylak kiyib farovon yurt haqida qo‘shiq xirgoyi qilib paxta terayotgan ayol-qizlarni ko‘rgan. Va ko‘rganlariga ishongan, ishontirishgan. Tanasi boshqa dard bilmas deganlaridek bugun biror mansabdor oldiga uyimda nonim yo‘q yeyishga deb borgan fuqaroni ko‘nglidan his qilolmaydi, xuddi prezidentimizda ham shunday bo‘lgan. Oldindan tayyorlab qo‘yilgan qo‘li ko‘ksida farovon hayotiga shukr qilib yashayotgan odamlarni ko‘rib, adolatsizliklarni tasavvur qilolmagan. Tasavvurni kim uyg‘otadi? Jurnalist uyg‘otadida. Jurnalist ketma-ket televideniye, matbuot orqali haqiqiy ahvolni ko‘rsatib borganida, tahliliy maqolalar yozilganida prezidentning ko‘zi ham bog‘lanmasimidi? Illatlardan ertaroq qutularmidik.

Bugungi vaziyatni kuzatadigan bo‘lsak, jurnalistning erkin so‘zi ham hali hamon yo‘lda qolib ketmoqda. Barcha saytlarni kuzataman, ommaviy axborot vositalarini kuzataman, og‘riqli qanday mavzu bo‘lsa jurnalist ko‘tarib chiqishga harakat qilmoqda. Ammo yigirma yillar davomida javobgarlikni unutgan mansabdorlar esa hamon uyquda…

Yuqorida misollardan ko‘rinib turibdiki, I.Karimov barcha ma’ruzalarida barcha sohalarni ayovsiz tanqid qilgan. Ammo bu tanqidlarga matbuot hech qachon o‘z munosabatini bildirmagan. Masalan, bugun kuzatayapmiz, bir mavzu qayta-qayta qalamga olinganda o‘z samarasini bermoqda. Ammo o‘sha paytlari prezident qilgan ma’ruzalardagi tanqidlarga na yozuvchilar na jurnalistlar to‘xtalmagan, to‘xtalishiga yo‘l qo‘yilmagan. Uning o‘rniga yutuqlarimiz haqidagi ma’ruzalaridan katta-katta iqtiboslar keltirish urfga aylangan… Xo‘sh, o‘sha yo‘l qo‘ymagan tepadagilar kim edi, ular hozir qayerda?

Bugun jurnalistga xalqning ishonchi qolmadi. Tepada o‘tirgan, xalq dushmaniga aylanib ulgurgan ba’zi mansabdorlar jurnalist, matbuot bilan umuman hisoblashmay qo‘ydi. Yillarimiz havoga sovurildi. Shuning oqibatida jamiyatda parokandalik yuz berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda aholidan garchi bugun jurnalistika jonlangan bo‘lsa-da, «jurnalistlar o‘lik», «jurnalistlar maddoh» degan ta’na-dashnomlarni eshitamiz. Ulardan xafa bo‘lishga haqqimiz yo‘q, ular o‘z jurnalistlarini tanimasligidan ranjishga haqqimiz yo‘q, chunki yillar davomida xalq dardini aytolmadik, ularning joniga ora kirolmadik, shuning uchun ular bizni tanimaydi, jurnalistni nafaqat lo‘ttiboz mansabdorlar, balki xalq ham tan olmaydi. Bir oilada 20 yoshga kirgan bola jinoyatga qo‘l ursa, uning ota-onasi ham qo‘shilib javob beradi. Bizning sovurilgan yillarimiz uchun kim javob beradi???

Barno Sultonova.

Manba: xabar.uz