O‘zbekiston va Germaniya – ishonchli, muhim va uzoq muddatli hamkorlar

2019-08-12T11:51:11+05:0029 May, 2019|Uncategorized|

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Germaniya Federativ Respublikasi Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer 27 may kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

Tashrifning asosiy voqealari 28 may kuni Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘ldi.

Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Frank-Valter Shtaynmayer tor doirada va kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazdi.

Davlatimiz rahbari Germaniya Prezidenti va xalqini tarixiy sana – GFR tashkil topgani hamda Bosh qomusi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan tabrikladi.

Germaniya Federal Prezidenti davlatimiz rahbariga mamlakatimizga taklif va ko‘rsatilayotgan samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasida izchil siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yilgan. Frank-Valter Shtaynmayer GFR tashqi ishlar vaziri sifatida 2006 va 2016 yillarda ham yurtimizga kelgan. Bu galgi tashrif do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini hamfikrlik va teng huquqlilik, o‘zaro ishonch va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillari asosida mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Siyosiy sohada mamlakatlarimiz BMT, YeHHT kabi xalqaro tashkilotlar doirasida global va mintaqaviy masalalar bo‘yicha hamkorlik qilib kelmoqda. O‘zbekiston Germaniyaning BMT Xavfsizlik Kengashi doimiy a’zoligiga intilishini qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi doirasidagi faol aloqalar O‘zbekiston – Germaniya hamkorligining muhim qismini tashkil etadi.

Germaniya O‘zbekistonning mintaqada barqarorlikni mustahkamlash, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish jarayoniga ko‘maklashish, Orol inqirozi oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuqori baholaydi.

Muloqotda tomonlar xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirdi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik muammolar, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, xavfsizlik sohasida hamkorlikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. Prezidentlar Afg‘onistonda ijtimoiy-iqtisodiy, investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston – Germaniya maslahatlashuvlari mexanizmining yo‘lga qo‘yilishini ma’qulladilar.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash va o‘zaro tajriba almashishda parlamentlar muhim o‘rin tutayotgani ta’kidlandi. Bu borada 23 may kuni Toshkentda o‘tkazilgan konstitutsion tizim va parlamentarizm bo‘yicha O‘zbekiston – Germaniya forumi har jihatdan foydali bo‘lgani qayd etildi.

Muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish, sheriklik aloqalarini istiqbolli tashabbuslar va loyihalar bilan boyitish, yangi kooperatsiya shakllari va mexanizmlariga o‘tish masalalari batafsil muhokama qilindi.

O‘zbekistonda Germaniya kompaniyalari ishtirokidagi investitsiya loyihalari alohida nazoratda ekani ta’kidlandi. Mamlakatimizga investitsiya kiritayotgan bunday kompaniyalar uchun eng ko‘p qulayliklar yaratishga tayyorlik bildirildi.

Germaniyada ishlab chiqarilgan yuqori sifatli mashina va uskunalar, kimyo va farmatsevtika tovarlariga mamlakatimizda talab katta. O‘zbekiston Germaniya bozoriga qishloq xo‘jaligi, neft-kimyo mahsulotlari va boshqa xaridorgir tovarlar yetkazib berishga tayyor. Mamlakatimizning eksportchi kompaniyalari Germaniyada o‘tkazilayotgan “Yashil hafta”, “Oziq-ovqat va logistika” kabi nufuzli ko‘rgazmalarda muntazam ishtirok etib, hamkorlik doirasini kengaytirmoqda.

Muzokaralarda bu boradagi yangi imkoniyatlar muhokama qilindi, o‘zaro manfaatli takliflar ko‘rib chiqildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda Germaniya sarmoyasi ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 160 tadan oshdi. Shundan 42 ta firma va kompaniya to‘laligicha xorij kapitali hisobiga tuzilgan. 2018 yilda o‘zarotovar ayirboshlash hajmi 25 foiz o‘sib, 770 million dollardan ziyodni tashkil etdi.

Joriy yil yanvar oyidagi tashrif chog‘ida erishilgan kelishuvlar natijasida Germaniya kompaniyalarining O‘zbekiston bilan investitsiviy hamkorlikka qiziqishi ortib borayotgani ta’kidlandi. Ayni paytda mamlakatimizda dunyoga mashhur Germaniya kompaniyalari bilan hamkorlikda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, «MAN” kompaniyasi bilan zamonaviy yuk avtomobillari, “Claas” va “Lemken” kompaniyalari bilan qishloq xo‘jaligi texnikasi, “Knauf” bilan qurilish materiallari, “Deutsche Kabel” bilan kabel-o‘tkazgich mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Germaniyalik mutaxassislar ishtirokida “Qarshi – Termiz” temir yo‘li elektrlashtirilmoqda.

O‘zbekiston – Germaniya ishbilarmonlar kengashi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha izchil ish olib bormoqda. Muntazam ravishda moliyaviy-texnikaviy hamkorlik borasida maslahatlashuvlar, savdo va investitsiyalar hamda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha hukumatlararo ishchi guruhlar majlislari o‘tkazilmoqda.

Turizm sohasida ham aloqalar jadal rivojlanib bormoqda. Keyingi yillarda Germaniyadan yurtimizga tashrif buyurgan sayyohlar soni 4 barobar oshib, 2018 yilda 20 ming kishiga yetdi. Joriy yil 15 yanvardan Germaniya fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz tartib joriy etilgani nemis sayyohlari sonini yanada ko‘paytirishga turtki beradi.

Germaniyada sog‘liqni saqlash sohasi yuksak rivojlangan. Ushbu sohadagi hamkorlik doirasida Toshkent shahrida «Epsilon» kompaniyasi bilan birgalikda zamonaviy onkologiya klinikasi va reabilitatsiya markazi, Toshkent viloyatida “Opassa” kompaniyasi va Mangeym universiteti klinikasi bilan birgalikda onkologiya klinikasini qurish kabi muhim loyihalar amalga oshirilmoqda.

Shu kungacha Germaniya bilan hamkorlikda sog‘liqni saqlash sohasida 32 million dollarga teng dasturlar hayotga tatbiq etildi, o‘zbekistonlik mutaxassislar ushbu mamlakat klinikalarida muntazam malaka oshirmoqda.

O‘zbekistonda nemis millatiga mansub 8 mingdan ziyod fuqaro yashaydi. “Vidergeburt” nemis madaniyat markazi, “O‘zbekiston – Germaniya” do‘stlik jamiyati nemis madaniyati va an’analarini saqlash, asrab-avaylash va rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda. Konrad Adenauer va Fridrix Ebert nomidagi jamg‘armalar, Germaniya akademik almashuvlar xizmati (DAAD) vakolatxonalari va boshqa tashkilotlar xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirishning muhim institutlariga aylandi.

Madaniyat va ta’lim sohalarida samarali almashuvlar yo‘lga qo‘yilib, mintaqalararo hamkorlik doirasida Toshkent va Berlin, Buxoro va Bonn hamda ikki mamlakatning boshqa shaharlari o‘rtasida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Muzokaralarda O‘zbekiston va Germaniyaning keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga intilishi mushtarak ekani, barcha masalalar bo‘yicha qarashlari o‘xshash va yaqinligi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.

O‘zbekistonva Germaniya Prezidentlarining muzokaralari yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi.

Axborot almashish va uni himoya qilish, zararli gazlar chiqarilishini kamaytirish va iqlim o‘zgarishlariga moslashish, «Volkswagen» kompaniyasi bilan hamkorlikda tijorat avtomobillari ishlab chiqarish to‘g‘risida va boshqa hujjatlar imzolandi.

Ushbu kelishuvlar, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan Germaniyaning «Integra GmbH» va «Vamed Engineering GmbH» kompaniyalari o‘rtasida Toshkent shahrida Yadroviy tibbiyot va nurli terapiya markazini tashkil etish bo‘yicha tuzilgan bitim xalqimiz uchun katta ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezidentlar muzokaralar an’anaviy do‘stlik, ochiqlik va o‘zaro anglashuv ruhida o‘tganini qayd etdi.

Davlatimiz rahbari mamlakatlarimiz xalqaro maydonda ishonchli, muhim va uzoq muddatli hamkorlar sanalishini, ko‘p qirrali O‘zbekiston – Germaniya munosabatlarini yanada jadallashtirishdan tomonlar birdek manfaatdor ekanini alohida ta’kidladi.

– O‘zbekiston tomoni joriy yil yanvar oyida Berlinda o‘tgan uchrashuvning mantiqiy davomi bo‘lgan bugungi muzokaralar natijalaridan to‘la mamnuniyat izhor etadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Ikki tomonlama hamkorlikning deyarli barcha yo‘nalishlari – siyosiy muloqot, parlamentlararo aloqalar, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa ko‘plab sohalarga doir masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston va Germaniya hamkorligining bugungi holati har tomonlama tahlil qilinib, ustuvor yo‘nalishlar va kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

Federal Prezident uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida boshlangan islohotlarning istiqbollari hamda ushbu yangilanishlar O‘zbekiston – Germaniya munosabatlariga bag‘ishlagan yuqori sur’at batafsil muhokama qilinganini ta’kidladi.

– O‘zbekistonda siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda o‘sish ro‘y berayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz va bu bizni quvontiradi. Germaniyadan nufuzli delegatsiya javob tashrifi bilan kelgani, muzokaralar samarali o‘tib, muhim kelishuvlarga erishilgani, muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan O‘zbekiston rahbari bilan fikrimiz bir joydan chiqqani hamkorlikni kengaytirishga ikki tomonda ham intilish kuchli ekanidan dalolat beradi. Biz faqat mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar emas, balki Yevropa Ittifoqi doirasidagi sheriklik masalalarini ham atroflicha muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldik. Bugungi tashrif O‘zbekistondagi yangi siyosatni to‘liq qo‘llab-quvvatlashimizning ifodasidir. Biz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarda yangi, istiqboli porloq bosqichning ostonasida turibmiz, – dedi Frank-Valter Shtaynmayer.

Kunning ikkinchi yarmida GFR Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

GFR Prezidenti O‘zbekiston va Germaniya ishbilarmon doiralari vakillari yig‘ilishida ishtirok etdi.

Germaniya sanoat va texnologiyalar rivoji bo‘yicha jahonda ilg‘or davlatlardan biri sanaladi. Bugungi kunda avtomobilsozlik, kimyo, elektrotexnika, aviakosmik soha, qurilish va oziq-ovqat sanoati Germaniya iqtisodiyoti barqaror o‘sishini ta’minlovchi asosiy tarmoqlar bo‘lib kelmoqda.

Yig‘ilishda O‘zbekistonda germaniyalik investorlar ishtirokida tuzilgan korxonalar, ushbu mamlakat firma va kompaniyalari vakolatxonalari muvaffaqiyat bilan faoliyat ko‘rsatayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Germaniyaning qator banklari bilan aloqa o‘rnatgan, Toshkentda “Doyche-bank” bo‘limi tashkil etilgan.

– O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan jadal islohotlarni diqqat bilan kuzatib borayapmiz. Mamlakatingizdagi investitsiyaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or tajriba va innovatsiyalar bilan o‘rtoqlashishga doimo tayyormiz, – dedi Frank-Valter Shtaynmayer.

Yig‘ilishda O‘zbekiston va Germaniya tadbirkorlarining turli sohalarda qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish imkoniyatlari, o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ochish masalalari muhokama qilindi. Energetika, neft-gaz kimyosi, axborot texnologiyalari, bank-moliya, transport, atom energetikasi kabi sohalarda sheriklik aloqalariga oid qator hujjatlar imzolandi.

Frank-Valter Shtaynmayer poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi «Bakan Tex» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurdi.

Germaniyaning «Truchler», «Zenser», «Saurer» kabi yetakchi kompaniyalari texnologiyalari bilan jihozlangan korxonada paxtadan yuqori sifatli ip-kalava ishlab chiqariladi. Loyiha qiymati 52 million dollar bo‘lgan korxonada 500 dan ziyod ishchi mehnat qiladi. Bu yerda mamlakatimizda yagona avtomatik qadoqlash, tozalash, chiqindilarni presslash tizimlari o‘rnatilgan. Bu ekologik toza va sifatli mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi.

ISO-9001 sifat menejmentiga ega korxona mahsulotlari dunyo bozorida juda xaridorgir. Ayni paytda mahsulotlar MDH mamlakatlari, Xitoy va Turkiyaga eksport qilinmoqda. 2018 yil yakuniga ko‘ra, 9,5 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. Joriy yilning o‘tgan davrida 5 ming 770 tonna paxta tolasidan 4 ming 800 tonna ip-kalava ishlab chiqarilgan, 13 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.

Oliy martabali mehmon paxta tolasidan ip-kalava ishlab chiqarish, qadoqlash va eksportga yo‘naltirishgacha bo‘lgan jarayon haqidagi videorolik bilan tanishdi, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti talabalari bilan suhbatlashdi.

Germaniya Prezidenti Toshkentdagi Gyote institutida bo‘lib, Yohann Volfgang Gyote haykalining ochilish marosimida qatnashdi.

Frank-Valter Shtaynmayer O‘zbekistonda Gyote siymosiga ehtirom mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yangi ruhda davom ettirishga, madaniy-ma’rifiy aloqalarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Oliy martabali mehmon Toshkentdagi Gyote instituti faoliyati bilan tanishdi.

Bugun O‘zbekistonda Germaniya akademik almashuvlar xizmati, Konrad Adenauer va Fridrix Ebert nomidagi jamg‘armalar vakolatxonalari, Nemis xalq universitetlari assotsiatsiyasining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha instituti kabi GFRning ko‘plab ilmiy-ma’rifiy tashkilotlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda.

Mamlakatimizdagi 1 ming 842 maktabda 377 mingdan ziyod o‘quvchi nemis tilini o‘rganmoqda. Ayni paytda o‘zbekistonlik 700 dan ortiq talaba, ilmiy tadqiqotchi Germaniya oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayapti.

Toshkentdagi Gyote institutining asosiy maqsadi nemis tilini o‘rgatish, xalqaro madaniy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. Hozirgi kunda institutning til o‘qitish markazlarida 4 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz nemis tilini o‘rganmoqda.

Frank-Valter Shtaynmayer institutda til o‘rganayotgan yoshlar, madaniyat va san’at namoyandalari, ilmiy doiralar hamda keng jamoatchilik vakillari bilan suhbatlashdi.

Federal Prezident ikki hamyurtimiz – Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tarjimoni Mukarram Karimova va Marg‘ilon shahridan nemis tili o‘qituvchisi Lidiya Osinani “Bundesverdienstkreuz” (“Germaniya Federativ Respublikasiga ko‘rsatgan xizmatlari uchun”) ordeni bilan mukofotladi.

Hamyurtlarimizning bunday yuksak mukofot bilan taqdirlanishi nafaqat ularning ikki tomonlama madaniy-gumanitar hamkorlik rivojiga qo‘shgan hissasi, balki davlatlararo munosabatlarni mustahkamlash yo‘lidagi xizmatlarining ham e’tirofidir. Taqdirlash marosimi Germaniyada O‘zbekiston bilan aloqalarga alohida e’tibor bilan qaralishi, hamkorlikni ravnaq toptirish maqsadida faoliyat ko‘rsatayotgan vakillarimiz yuksak qadrlanishidan yana bir dalolat bo‘ldi.

GFR Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning mamlakatimizga rasmiy tashrifi davom etmoqda.

Manba: O‘zA