Kasb etikasi kodeksi—Jurnalistning mezoni bo‘lishi kerak

2019-08-12T11:51:11+05:0029 May, 2019|Umumiy yangiliklar|

“Hurriyat” gazetasining 22 may №11 sonida chop etilgan O‘zbekiston Jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi loyihasi bugun mamlakatimiz qalam ahlining ijodiy ko‘tarinkiligi yanada ortishiga muhim turtki bo‘ldi. Shu munosabat bilan joylarda bosma va elektron ommaviy axborot vositalari, nashriyotlar, matbaa korxonalari, matbuot tarqatuvchilar, qo‘yingki, jurnalistlar mehnat qilayotgan barcha jamoalarda o‘tkazilayotgan yig‘ilishlar asosan kasbimiz etikasi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlanayotir.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining Andijon viloyati bo‘limida o‘tkazilgan yig‘ilish ham taqdim etilgan kasb etikasi kodeksi loyihasini o‘rganish, u haqida fikr-mulohazalar, takliflar bildirishga bag‘ishlandi. Unda viloyat bo‘limi qoshidagi Kengashlar a’zolari, yetakchi ijodiy jamoalar rahbarlari ishtirok etdilar.

–O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan e’tiborimizga taqdim etilgan kasb etikasi kodeksi – har bir jurnalist faoliyatinig mezoni, uning burchi, mas’uliyati, ahloqiy madaniyati, ma’naviyatini belgilab beruvchi o‘ziga xos muhim hujjat, –dedi bo‘lim raisi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Nazirjon Saidov. –Uyushmamiz rahbariyati tomonidan alohida ta’kidlanganidek, kodeksning kasbiy faoliyatimizda qanchalik muhim o‘rin tutishi mukammal bo‘lishiga bog‘liq. Shu bois, har bir jurnalist Kodeks loyihasiga befarq bo‘lmaslik, mas’uliyatni chuqur his etish bilan unga yondashishi, har tomonlama puxta o‘ylangan fikr-mulohazalarni hamkasblar bilan o‘rtoqlashishi zarur.

Davra suhbatida so‘zga chiqqan “Andijon yoshlari” gazetasining muharriri, filologiya fanlari nomzodi Ma’mirjon Saidxonov, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Abdug‘ulom Sultonov, “Andijon tongi” gazetasi muharriri Maxpura Ortiqova va boshqalar O‘zbekiston Jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi loyihasi e’lon qilinishi muhim voqea ekanligini alohida ta’kidladilar. Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning qalam ahliga, aniqsa, biz – jurnalistlarga e’tibori va g‘amxo‘rligi ortayotgan bir davrda bu hujjatning muhokamaga qo‘yilgani esa hammamizning, har birimizning mas’uliyatimizni o‘n chandon oshishiga xizmat qilishi shubhasiz.

Yig‘ilishda Andijon viloyatining barcha ijodiy jamoalarida loyiha muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishlarni yuksak ko‘tarinkilikda o‘tkazish, bildirilajak fikr-mulohazalarni kelgusi faoliyatimiz uchun foydali bo‘lishini ta’minlovchi amaliy takliflar bilan boyitish xususida kengashib olindi.

Viloyatdagi hududiy, xususiy bosma nashrlar hamda elektron OAV jamoalarida jurnalistlar tomonidan kasb etikasi xususidagi kodeks loyihasini muhokama etish davom etmoqda.

Murodjon To‘xtanazarov