O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bir yoshda

2019-08-12T11:51:13+05:0027 May, 2019|Umumiy yangiliklar|

Bundan roppa-rosa 1 yil avval, Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etilgan edi.

Oradan bir yilgina vaqt o‘tib bu universitet ikki yuzdan ortiq talaba, 50 ga yaqin professor o‘qituvchisi va ko‘plab jonkuyar ishchilarga ega katta tashkilotga aylandi!

Shu qisqa muddat davomida universitet ko‘plab xalqaro ta’lim dargohlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Qanchadan qancha mazmunli suhbatlar, talaba yoshlar uchun qiziqarli bo‘lgan uchrashuvlarni tashkillashtirdi. Hali qo‘liga diplom olib ulgurmagan bo‘lsada, universitet talabalarini o‘zlari qiziqqan sohalar bo‘yicha ishga joylashtirish, ularni hayotda va tanlagan sohalarida o‘z yo‘llarini topishlari uchun imkon darajasida barcha ishlarni amalga oshirdi. Tashabbuskor yoshlarning media loyihalarini ham moddiy, ham ma’naviy qo‘llab quvvatlab, ular hayotga tatbiq etilishi uchun katta imkoniyatlarni taqdim etdi.

Mamlakatga erkin, hur fikrli jurnalist kadrlarni tayyorlab berish borasida ko‘plab ishlarni amalga oshirdi. Bu yutuqlar bizga bildirilgan ishonchni oqlash, yelkamizdagi mas’uliyatli vazifani uddalashda, soha rivojiga munosib hisssa qo‘shish borasida tashlagan ilk qadamlarimizning kichik bo‘laklaridir. O‘zJOKU bundan keyin ham katta marralarni zabt etishda, soha bo‘yicha ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish hamda jurnalistika rivojida o‘z so‘ziga ega, alohida ahamiyatli dargoh bo‘lish uchun harakatdan to‘xtamaydi va albatta, bildirilgan ishonchni oqlaydi!

Bugungi kun – universitetimizning 1 yillik tantanasi barchamizga muborak bo‘lsin, azizlar!

Sherzod QUDRATXO‘JAYEV,

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy

kommunikatsiyalar universiteti rektori