Ism-sharifingiz to‘g‘rimi?

2019-08-12T11:51:13+05:0027 May, 2019|Hafta maqolasi|

talab — pasport bo‘yicha

Xalq bankining Paxtaobod tumani bo‘limiga shaxsiy masalada murojaat qilgan Rejavali (Rajabali bo‘lishi kerak – H.K.) bobo fuqarolik pasportini uzatar ekan, har galgidek bank xodimlarining e’tiroziga duch keldi:

— Familiyangiz qanaqa, otaxon? Samsakovmi? O‘zbeklarda bunaqa ot bo‘lmaydi-ku? Noto‘g‘ri yozilgan shekilli…

— E, qizim, bir umr ism-sharifim noto‘g‘ri yozilganidan pand yeb kelyapman. Aslida, Sarimsoqov Rajabali bo‘lishim kerak. Sovet davrida biz o‘zbeklarning ism-familiyamiz noto‘g‘ri yozilavergan, shu kasallikdan hali-hanuz qutula olmayapmiz, – dedi otaxon norozi qiyofada.

Darhaqiqat, Andijon viloyatining Paxtaobod tumani “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Rejavali Samsakov singari ism-sharifi noto‘g‘ri yozilib, bundan norizo bo‘lib yurgan yurtdoshlarimiz oz emas. Bunday xatolar ularda haqli e’tiroz uyg‘otsa-da, o‘zlari istagandek to‘g‘ri talabning uddasidan chiqa olmaydilar. Chunki aksariyat fuqarolar qonun hujjatlari yordamida muammoni hal qilish mumkinligini bilishmaydi.

Yaqinda “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan Termiz shahrida istiqomt qiluvchi Kahramon Boboqulov Boboxonovich (hujjatda Babakulov Kaxramon Baboxanovich) ham hamisha ana shu muammoga duch kelayotganini afsus bilan ta’kidlaydi:

— Tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomamda xuddi shunday yozilgan. Noto‘g‘ri familiya keyinchalik fuqarolik pasporti berilayotgan vaqtda ham saqlanib qoldi. O‘sha vaqtda rahmatli ota-onam ham bunga e’tibor bermagan. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi xodimlarining o‘zbek tiliga nisbatan hurmatsizlik bilan qarashi, qolaversa, chalasavodligi men kabi qanchadan-qancha kishilarni bir umr asabbuzarlik balosiga giriftor etmoqda. Pasport bo‘yicha yozilishi shart, degan talab bilan ruschaga “o‘girilgan” ism-sharifim farzandlarim Sayyora, Saodat, Yo‘ldoshning hujjatlarida ham xuddi shunday yozilgan. Oila qurgan qizlarimning familiyasi nikohdan so‘ng o‘zgardi. O‘g‘limning, ya’ni nevaralarimning familiyasini o‘z tashabbusimiz bilan “Qahramonov” deya to‘g‘rilashga muvaffaq bo‘ldik.

Jurnalistning “dardi”

Hamkasblarimiz o‘z ish jarayonida ism-familiyasi noto‘g‘ri yozilgan mualliflarga duch kelib, uning qo‘lyozmasini tahrir qiladilar. Matnni gazeta yoki jurnal talabiga binoan, bir sidra ko‘rib chiqqan xodim muallifning ism-sharifi qayd qilingan joyda “taqqa” to‘xtaydi. Baltabayeva, Abdurazzakov, Atamirzayev, Farxatov, Madjidova kabi ruschaga “tarjima” qilingan mualliflarni ko‘rib, ularning ensasi qotadi. Har qalay tahririyat xodimi o‘zbek adabiy tili qoidalariga rioya qilinishini yoqlagan holda, muallif ism-sharifini to‘g‘rilab qo‘yishni o‘zining kasbiy burchi, deb biladi.

— Navoiy viloyati hokimligining “Do‘stlik bayrog‘i” gazetasida 10 yildan beri ishlayman, — deydi Nigora Ro‘ziyeva. — Chet mualliflardan pochta va elektron manzil orqali jo‘natilayotgan maqolalarni imkon qadar gazeta sahifasida e’lon qilish tarafdorimiz. Ular orasida turli yoshdagi mualliflar bor. Ayniqsa, katta avlod vakillari qo‘lyozmasiga hurmat bilan qarab, agar telefon raqamlari yozilgan bo‘lsa, roziligi bilan ism-sharifini o‘zbekchaga moslab to‘g‘rilaymiz.

Yaqinda viloyat bojxona boshqarmasi tadbiriga bordim. Soha xodimidan intervyu olib, ism-sharifini so‘radim. Ablakulov ekan, yon daftarchamga Obloqulov deb to‘g‘rilab yozganimni ko‘rgan haligi kishi “Familiyam Ablakulov, pasport bo‘yicha ketsin” deya qarshilik bildirdi. Nachora, keyinchalik nizo tug‘ilmasligi uchun ba’zan ko‘nglimiz buyurgan to‘g‘ri ishni qila olmaymiz.

Aslida, buning imkoni bor

Shaxsni tasdiqlovchi hujjat — pasport, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma har bir insonga hamisha kerak. Fuqaro ta’lim olish, ishga kirish, shifoxonada davolanish, xorijiy davlatlarga chiqish, meros rasmiylashtirish va boshqa barcha holatlarda o‘z hujjatini yoki uning nusxasini tegishli joyga taqdim etadi. Afsuski, noto‘g‘ri yozilgan bo‘lsa-da, ism-familiyani o‘zgartirishga huquq-tartibot organlari qatori boshqa idora xodimlari ham botina olmaydi, shu tariqa xatolik davom etaveradi. Hujjatida ism-sharifi ruscha yozilgan yurtdoshlarimiz bu muammodan xalos bo‘lish uchun kimga, nima deb murojaat qilishi kerak?

— Huquqshunoslar ish jarayonida bu holatga har qadamda duch kelishadi, — deydi Samarqand shahridagi 13-notarial idorasining katta notariusi Lola Narzullayeva.

— Meros, mulk rasmiylashtirish, hujjatini tasdiqlatish masalasida murojaat qiluvchi Gaziyev, Djurayev, Akkuziyev, Xalturayev, Jankabilov, Tuxtaxodjayev, Axbayeva, Yuldasheva kabi familiyalar bilan yashab kelayotgan fuqarolar qabulimizga kirishadi.

Turli masalalarda notarial idoraga qilingan murojaatlarni ayrim hollarda rad etishga majbur bo‘lamiz. Chunki otasining familiyasi Djurayev bo‘lsa, o‘g‘liniki Jo‘rayev tarzida to‘g‘rilab yozilgan bo‘ladi. Ikki xillik keyinchalik muammo tug‘dirmasligi uchun hujjatni rasmiylashtira olmaymiz. Fuqarolik sudlari orqali bu yuridik faktni hal qilish bo‘yicha qaror qo‘limizga tekkachgina shaxs hujjatlari rasmiylashtiriladi. Aslida, “Fuqarolik protsessual kodeksi”ning 283-moddasida yuridik ahamiyatga ega bunday holatlarni qanday hal qilish yuzasidan ko‘rsatma bor. Buning uchun yelib-yugurishga hafsala kerak, xolos.

Xulosa shuki, ko‘tarilgan muammo ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega. 1989 yilda qabul qilingan “Davlat tili to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga ko‘ra, adabiy til me’yorlariga har qanday holatda rioya qilinishi kerak. Qolaversa, ism-familiyaning davlat tili talablariga zid ravishda yozilishi har bir fuqaro shaxsiga nisbatan hurmatsizlik hisoblanadi. Bas, shunday ekan, “sobiq ittifoq” davridan boshlab davom etib kelayotgan qusurni tugatishga hukumat darajasida e’tibor qaratilishi xalqimiz manfaatlariga to‘la ma’noda mosdir.

Hulkar KUZMETOVA.

Manba: “Nuroniy” gazetasi