Muammoning yechimi avvalo o‘zimizga bog‘liq

2019-08-12T11:51:14+05:0027 May, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi o‘zining navbatdagi ko‘chma seminarini Rishton tumanida o‘tkazdi. Unda tuman hokimligi muassisligidagi “Rishton haqiqati” gazetasining ijodiy faoliyati, muassis va tahririyat o‘rtasidagi shartnoma shartlarining ijrosi tahlil qilindi. Gazetaning yutuqlari ta’kidlangan holda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklari ko‘rsatib o‘tildi.

“Rishton haqiqati” gazetasi 1931 yil 5 mayda “Kollektivchi” nomi bilan chop etilgan. Gazetaning birinchi muharriri Mavlon Shokirov bo‘lgan. 1968 yil 1 iyuldan buyon “Rishton haqiqati” nomi bilan chiqa boshladigan.

Bugungi kunda ham gazeta sahifalarida e’lon qilingan va shubhasiz, gazetxonlar e’tirofiga munosib maqolalar ham bor, albatta. Jumladan, nashrning 2018 yil 1-sondagi “O‘z ukasining qotili”, 9-sondagi “Hisobchi hisobidan adashsa”, 11-sondagi “Noqoqnuniy ish keltirar tashvish”, 15-sondagi “4 kunlik “soqqali operatsiya” yoki uyushgan jinoiy guruhning faoliyatiga qanday chek qo‘yildi?”, 22-sondagi “Isitmasi ko‘tarilayotgan matbuot” kabi maqolalar chindan ham mushtariylarning e’tirofiga sazovor bo‘lgan.

Biroq 88 yillik tarixga ega mazkur nashr hozirgi kunga kelib, ming afsuski, o‘z nufuzini sekin-astalik bilan yo‘qotib bormoqda. O‘rganish davomida “Rishton haqiqati” gazetasining 2018 yilgi to‘liq taxlami va 2019 yilda chop etilgan sonlarini sinchiklab kuzatildi. Tahririyat ko‘p o‘rinlarda qat’iy pozitsiyada tura olgan, o‘z fikrini dadil aytib, uni himoya qila bilgan va shu bilan gazetxonlar e’tiborini ma’lum bir voqelikka qaratish bo‘yicha mulohaza yuritish kerakligini uqtirishga muvaffaq bo‘lgan.

Biroq, gazeta kamchiliklar, orfografik va stilistik xatoliklar, g‘alizliklardan xoli emas. Dizaynda esa bir xillik kuzatiladi.

Gazeta sahifalarida “Deputat so‘z so‘raydi”, “Deputat minbari” kabi ruknlar tez-tez ko‘zga tashlanadi, biroq ularda mahalliy kengash deputatlari faqatgina mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan qonunlar, qarorlarning hayotimizdagi ahamiyati haqida so‘z yuritadi, xolos. Vaholanki, jamiyatda yuz berayotgan salbiy voqealar, fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘layotgan ortiqcha rasmiyatchiliklar yoki boshqa ijtimoiy muammolar haqida nima uchun deputat bir og‘iz lom-mim demaydi, o‘zining aniq qarashlari bilan chiqmaydi?

Jumladan, gazetaning 25 yanvardagi 2-sonidagi “Sessiya bir hafta davom etdi. Nega?” sarlavhali maqolada tuman hokimligida asosan bir xil mazmun va azaliy tartibda o‘tadigan sessiyalardan biri xususida so‘z boradi xolos. Material avvalgi sessiyalar ishining matbuotda yoritilishi kabi, “navbatchi” jumlalar va fikrlar bilan to‘lib-toshgan. Sarlavha ham yaxshi topilgan. Negadir maqola tagsarlavhasida: “chunki unda paxta-g‘allachilik yo‘nalishidagi fermerlar taqdiri hal etildi”. Bu o‘rinda jumlani “fermerlar taqdiri” emas, “fermer xo‘jaliklari taqdiri hal etildi” tarzida bayon qilish maqsadga muvofiq bo‘lur edi.

Bugun har bir tahririyatni qiynab kelayotgan muammolar “Rishton haqiqati” uchun ham begona emas. Tahririyat bir necha yillardan beri o‘z binosiga, xizmat avtomashinasiga ega emas, nashr adadi hamin qadar. Gazetaning rasmiy veb-sayti yaratilgani da’vo qilinadi, biroq internetdagi qidiruv xizmatlari bunday saytni ochib berolmaydi. Ijodkorlarga munosib mehnat sharoiti yaratilmagan, ularni moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga muassis tomonidan yetarlicha ahamiyat qaratilmayapti.

— Har qanday gazetaning muvaffaqiyati va kamchiliklari bosh muharrirning jurnalistik, tashkilotchilik iqtidori bilan bog‘liq,— dedi, “Farg‘ona haqiqati” gazetasi bosh muharrir o‘rinbosari A. Bobojonov. –“Rishton haqiqati” gazetasining adadi kamayib bir yarim mingtaga tushib qolganiga avvalo ijodiy jamoa javobgar deb o‘ylayman. Albatta bunda muassisning ham mas’uliyatini inkor qilaolmaymiz. Ammo muassis obunaga yordam qilmadi deyishlik bahona bo‘la olmaydi. Gazeta o‘qimishli bo‘lsa albatta obunachi topiladi.

Shuningdek, yig‘ilishda gazetaning bugungi ahvoli va saviyasi bo‘yicha “Buvayda ko‘zgusi” gazetasi bosh muharriri A.Soliyeva, “Xalq so‘zi” gazetasining Farg‘ona viloyatidagi muxbiri E.Exsonov so‘zga chiqib, muammolarini yechish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdilar.

—Gazetamizga befarq qaramayotgani uchun Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limiga minnatdorlik bildiraman,—“Rishton haqiqati” gazeatsi bosh muharriri Z.Yigitaliyev.— Bugungi yig‘ilishda aytilgan tahlillar va muzokaralarda bildirilgan tanqidiy mulohazalarni to‘g‘ri qabul qilamiz hamda kamchiliklarni bartaraf etishga va’da beramiz. Shu o‘rinda uyushmaning viloyat bo‘limi rahbariyatidan muassisdan tahririyat balansiga mustaqil bino ajratishi bo‘yicha yordam berishi so‘raymiz.

Seminarda viloyat jurnalistlari oldida turgan dolzarb maslalar ham muhokama qilindi.

Umida MIRZAMATOVA,

O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi

Farg‘ona viloyat bo‘limi mutaxassisi.