JURNALISTLAR JIPSLIGI dunyoni birlashtiradi

2019-08-12T11:51:15+05:0024 May, 2019|Nazariya va amaliyot, Umumiy yangiliklar|

Taniqli jurnalist va olim Halim Saidovning «Ishonch» gazetasida chop etilgan «Jurnalist — u hokimiyatga kim?» sarlavhali maqolasida OAVning bugungi holati tahlil etiladi.

Maqolada qayd etilganidek, afsuski, mansabdorlarning tanqidiy-tahliliy maqolalarga munosabati qoniqarsiz ahvolda. «Davlat hokimiyati va bosh­qaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonun ijrosi ta’minlangani yo‘q. Matbuot sahifalarida tanqidiy materiallar orqali ko‘tarilayotgan jiddiy muammolar, kamchilik­larga har doim ham o‘z vaqtida munosabat bildirilmayapti. Shu sababli qonunchiligimizda OAVda e’lon qilingan tanqidiy materiallarga nisbatan davlat hokimiyati organlari mutasaddilarining mas’uliyati, javobgarligini belgilovchi talab va shartlar ko‘zda tutilsa, ayni muddao bo‘lar edi.
Muallif o‘z maqolasini «Nega xorijiy ommaviy axborot vositalarida kunning eng dolzarb voqeasi va muammosi vahimali sarlavhalarda beriladi-yu bizning matbuotimizda unday emas?» degan gaplar bilan bosh­laydi. Bu fikrda jon bor, ammo bu mulohaza ijodiy jarayonga emas, ko‘proq texnik yondashuvga taalluqli. Aslida, bu borada bosma nashrlardan talay misollar keltirish mumkin. Masalan, «Kto ignoriruyet pressu, ili stuk v zakrыtыe dveri» («Pravda Vostoka», 8 fevral), «Meni jazoni o‘tash koloniyasiga qaytaring» («Mahalla», 4 aprel), «Quruvchining qaddi-yu qadri qachon baland bo‘ladi?» («Ishonch», 8 yanvar), «Ering o‘lsa, uy beramiz!» («Jamiyat», 19 aprel), «Vazir shifokor «dard»ini ko‘tarib chiqdi, bemorlar dardi haqida qim qayg‘uradi?» («Oila davrasida», 21 mart), «Janobi sudya, nega adolat eshigini ochmayapsiz?» («Iqtisodiy gazeta», 15 mart) va hokazo.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, «vahimali sarlavhalar» bo‘lgani yaxshi, sarlavhalar ostidagi maqolalar teran va ta’sirchan bo‘lsa, yanada yaxshi. Asosiy gap – muammolarni dadil ko‘tarib chiqish, teran, xolis va jurnalistik mahorat bilan tahlil eta olishda! Muammoli masalalar, «qaynoq» mavzular esa jurnalist uchun har doim topiladi.
Maqolada yillar davomida shakllangan avtoritar, libertian, ijtimoiy mas’uliyat va totalitar nazariyalar tahlili jarayonida dunyo ommaviy axborot vositalari allaqachon ijtimoiy mas’uliyat jarayoniga qadam qo‘ygani, lekin bungacha salkam 300 yillik yo‘lni bosib o‘tgani alohida ta’kidlanadi. Biz esa «yo‘ldan adashgan» totalitar nazariyadan bor-yo‘g‘i 28 qadam uzoqlashdik, xolos. Lekin asosiy gap bunda emas. Gap shundaki, nazariya hamisha bosib o‘tilgan yo‘l tahliliga asoslanadi. Globallashuv jarayonini kechirayotgan bugungi dunyo shiddati esa qoliplarga sig‘maydi. Zamon shitob bilan ilgarilab borayapti. Manfaatlar kurashi, beshafqat raqobat har jab­hada o‘z ruhini namoyon etmoqda. Shu ma’noda, ijtimoiy mas’uliyat nazariyasi ham yangilanib, yuksak insonparvarlik va gumanizm g‘oya­lari ustuvorlik kasb etayotganini ham ilg‘ash qiyin emas.
Joriy yil 24-30 mart kunlari Janubiy Koreyaning Seul shahrida «Dunyoda tinchlik va bunda jurnalistlarning o‘rni» mavzuida butunjahon jurnalistlari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. 50 ta davlatdan vakillar ishtirok etgan ushbu anjuman yakunlari bo‘yicha «Hurriyat» gazetasida O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimovning «Jurnalistlar ezgu g‘oyalar atrofida birlashsa, dunyo birlashadi» maqolasi e’lon qilindi.
Unda yozilishicha, mazkur anjumanda jahon jurnalistlarining dunyoda tinchlik barqaror bo‘lishidagi missiyasi naqadar ulug‘ ekani qayta-qayta ta’kidlangan. Chunki dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar haqida aytilgan jurnalist so‘zi mazkur voqealarning omma tomonidan qabul qilinishiga katta ta’sir ko‘rsatadi.
— Biz jurnalistlar, – deydi Janubiy Koreya jurnalistlar assotsiatsiyasi prezidenti Jung Kiyu Sung, – tarix solnomachilarimiz. Lekin har qanday zamonda jurnalist uchun ezgu intilishlar va insonparvarlik g‘oyalariga daxldor mavzularda qalam tebratish sharafli yumush sanaladi.

AQSh professional jurnalistlari milliy jamiyati prezidenti Janet Mariye Tarquniyoning fikricha, «Jurnalistlar diplomat emas. Ular o‘z mamlakatlari foydasi uchungina xizmat qilishmaydi. Qolaversa, ular siyosiy partiyalar, ijtimoiy guruhlar qiziqishlari yoki o‘z shaxsiy manfaatlari qobig‘ida qolib ketmasligi lozim. Ular uchun asosiy mezon – odamlarning tinch-totuv hayoti. Ayniqsa, voqea­lar yomonlik tarafiga o‘ta boshlaganda, kelishuvlar hech qanday natijalarga olib kelmaganida yoki vaziyat chigallashgan bir vaziyatda jurnalist voqealar rivojini o‘z xulosalariga tayangan va puxta tekshirilgan holda yoritishi lozim. Jurnalist faqatgina birinchi bo‘lib xabarlarni yetkazishgagina emas, balki o‘zi bildirayotgan xulosaning qonunga qanchalik mos ekaniga ham e’tibor qaratishi kerak».
Demak, globallashuv jarayonlari tobora kuchayib borayotgan hozirgi jarayonda ommaviy axborot vositalari, jumladan, jurnalistlarning yaqin hamkorligi, kasbiy birodarligi, xolisligi yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda, bashariyat oldidagi mas’uliyati tobora yuksalib bormoqda. Jurnalistlar qo‘lni qo‘lga bersa, jurnalistlar ezgu g‘oyalar atrofida birlashsa, dunyo birlashadi.
Bugun milliy jurnalistikamiz, mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari, hech shubhasiz, mana shunday globallashuv sharoitida tamomila yangicha jarayonlarni o‘z boshidan o‘tkazmoqda. Bosma nashrlarimiz ham shaklan, ham mazmunan yangicha qiyofa kasb etmoqda, elektron ommaviy axborot vositalari tarmog‘i tobora kengayib bormoqda, internet nashrlari media makonda toshqin sel kabi quloch otayapti, blogerlar o‘zlarini ko‘rsatayapti. Jurnalistlarning yangi zamon tarbiyasini olayotgan behalovat avlodi maydonga kirib kelayapti.
Bugun ijodiy jarayonda qanday ijobiy, salbiy an’analar, g‘oyalar paydo bo‘lmoqda, ularning ijtimoiy ahamiyati nimalarda ko‘rinmoqda, qanday janrlar bugun yetakchilik qilmoqda, qanday muammolar yuzaga kelmoqda, ularning yechimlari nimalardan iborat? Ustoz muharrirlar mahorat maktablarining ibratli jihatlari, til va uslub borasidagi o‘ziga xos jihatlari nimalardan iborat va ular yosh jurnalistlarning ijodiy izlanishlariga nechog‘li samarali ta’sir ko‘rsatmoqda? Afsuski, bu jarayonlarni milliy jurnalistikamiz tadqiqotchilari hali yetarlicha o‘rgangani yo‘q. Holbuki, ana shunday tahlillargina o‘zbek milliy jurnalistikasining bugungi kundagi o‘rni va mavqeini belgilaydi. Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalarining davlat va jamiyat o‘rtasidagi vositachilik faoliyati ijtimoiy mas’uliyat nazariyasiga nechog‘li muvofiq ekanini ham ko‘rsatib beradi.
Xulosa qilib aytganda, Halim Saidovning mazkur maqolasi e’tiborga molik bo‘lib, muallif ilgari surgan muammolarni nazariyotchi va amaliyotchilar har tomonlama chuqur o‘rganishi zarur.

Shoqahhor SALIMOV,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy
uyushmasi yetakchi mutaxassisi