Vatan taqdiriga vobasta hayot

2019-08-12T11:51:15+05:0023 May, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi va “Muruvvat” ijodiy guruhi bilan hamkorlikda atoqli adib va jurnalist Sa’dulla Karamatov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan “Vatan taqdiriga teng hayot” xotira tadbiri o‘tkazildi.

 

Tadbirda Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, adabiyotshunos olim Ibrohim G‘ofurov, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakim va boshqa taniqli adabiyotshunos olimlar, adib va shoirlar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

 

Buxoro viloyatida xizmatchi oilasida dunyoga kelgan Sa’dulla Karamatov ilk ijodiy faoliyatini 1955 yildan boshlagan. Shundan so‘ng, adib O‘zbekiston gazeta-jurnallarida va radioda badiiy ocherk, lavhalari bilan faol ishtirok etgan.

 

Sa’dulla Karamatovning “Oltin qum”, “So‘nggi barxan” romanlari, “Tog‘lar tabassumi” hujjatli qissasi,“Hijron”, “E’tiqod” qissalari,“Amuning zar kokillari”, “Kumush kamar” ocherklar to‘plamlari va boshqa ijod namunalari nashr etilgan. Adib adabiy tarjimon sifatida ham yaxshi tanilgan. Mashhur fransuz adibi Jyul Vernning “Suv ostida 80000 kilometr” asarini, rus yozuvchisi Vadim Kojenikovning “Peshin chog‘i kungay tomonda”, turkman adibi Qilich Quliyevning “Qora karvon” romani va yana bir qancha asarlarni o‘zbek kitobxonlariga ona tilimizda mutolaa qilishi zavqini taqdim etgan.

 

Xotira marosimida adibni xotirlagan zamondosh shoir-yozuvchilar, shogirdlari u haqdagi ibratli, yorug‘ xotiralarini so‘zlab berdi.

 

Tadbir so‘nggida “Muruvvat” ijodiy guruhi tomonidan foto, video, audio va gazeta materiallaridan foydalanib, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Toshkent shahar davlat arxivi, Karamatovlar va Odil Yoqubovlar oilasi, Solih Yoqubov, Rustam Sharipov, Jaloliddin Maslovlar shaxsiy arxividan taqdim etilgan hujjatlar asosida tayyorlangan “Vatan taqdiriga teng hayot” hujjatli filmi namoyish etildi.

O. BEKMURODOVA, O‘zA