Ozod Sharafiddinov: “Xolislik va adolat jurnalistikaning bayrog‘i bo‘lsin!”

2019-08-12T11:51:16+05:0023 May, 2019|Umumiy yangiliklar|

Ozod Sharafiddinov nafaqat o‘zbek adabiyoti taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli munaqqid, balki o‘zbek jurnalistikasining ham taraqqiyot yo‘lini belgilashda jasorat va jonbozlik ko‘rsatgan inson edi.

2001 yilda mamlakatimizdagi, jumladan, Farg‘ona yog‘-moy zavodida ham korrupsiya rosa “urchigan”, yog‘, kunjara, sheluxa kabi mahsulotlarni sun’iy ravishda tanqisligini yuzaga keltirib fermer va aholiga 4-5 barobar qimmat narxlarda sotish avj olgan edi.

O‘shanday kunlarning birida “Axborot” dasturida, so‘ng “Axborot+” ko‘rsatuvida bu jinoyatlarni fosh qiluvchi g‘oyat qaltis telereportaj berdik. U efir yuzini ko‘rishi ham oson bo‘lmagan. Teleradiokompaniya, “Axborot” direksiyasi va muxbir menga nisbatan qarshi kuchlar g‘arazli niyat otiga mindilar. Ammo to‘satdan, barchamiz uchun kutilmagan holda O‘zbekiston Qahramoni Ozod aka Sharafiddinovning “Mas’uliyat. Jurnalist Muhammadjon Obidovga ochiq xat”i markaziy nashrlarning birida chop etildi.

Unda Ozod Sharafiddinov efirga uzatilgan reportaj mavzusining mamlakat hayoti uchun muhimligini ta’kidlab bizni himoya qilgan va jurnalistikaning jamiyatdagi o‘rni, ahamiyati haqida teran fikrlarini bayon qilgandilar. Shu ochiq xat e’lon qilindi-yu, jamoamiz, menga bo‘lgan tahdidlar to‘xtadi, uning tashkilotchilari chekinishga majbur bo‘ldilar. Keyin bilsam, ustoz vaziyatni bilar ekanlar va haq so‘z, adolat tantanasi himoyasiga chiqqan ekanlar. Men o‘shanda ilk bor ustoz suhbatlaridan bahramand bo‘ldim. Do‘stim Xurshid Do‘stmuhammedov bilan Ozod Sharafiddinov xonadoniga borib jurnalistika muammolari haqida uzoq suhbatlashgandik.

– Xolislik va adolat jurnalistikaning bayrog‘i bo‘lishi kerak,-degandilar ustoz. – Bu bayroq jurnalistning qalbiga tikilsin.

Oradan qancha vaqt o‘tsa-da, har gal qo‘limga qalam olganda, Ozod akaning shu o‘gitlari yozgan maqolam, tayyorlagan ko‘rsatuvlarim ruhida yashadi, deya olaman.

Nokamtarinlik bo‘lsa-da, quyida Ozod Sharafiddinovning o‘sha “Ochiq xat”larini taqdim etmoqdaman. Zero unda ko‘tarilgan muammolar bugun uchun ham dolzarbligicha qolgan.

MAS’ULIYaT

(Jurnalist Muhammadjon Obidovga ochiq xat)

Hurmatli, Muhammadjon Obidov! Shu yil iyun oyining 13 kuni O‘zbekiston televideniyesining “Axborot”dasturidagi chiqishingizni g‘oyat mamnuniyat bilan ko‘rdim. Men umuman sizning chiqishingizni anchadan beri kuzataman. Nazarimda, siz Andijon va umuman, Farg‘ona viloyati hayotini ancha chuqur bilasiz.

Sizning chiqishlaringizda ko‘pincha teran fikr va qiziqarli tahlil bo‘ladi. Shuning uchun ham o‘tgan yili Prezidentimiz farmoni bilan boshqa jurnalistlar qatori sizning ham munosib taqdirlanishingiz meni quvontirgan edi.

Biroq, men hozir shu maqtovlarni sizga yetkazib qo‘yish uchun qo‘lga qalam olganim yo‘q. Sirasini aytganda, shirin gaplarni shaxsan uchrashgan kezlarimizda quloqqa aytib qo‘ysa ham bo‘ladi. Sizga murojaat qilishimga undagan narsa shu bo‘ldiki, nazdimda sizning mazkur chiqishingiz bizning bugungi jurnalistikamiz rivoji uchun g‘oyat prinsipial ahamiyatga ega bo‘ldi. Bir qaraganda, siz goh sheluxa, goh kunjara kabi juda oddiy narsalar haqida gapirdingiz, lekin, shu oddiy narsalar haqida bilan bog‘liq bo‘lgan shunaqa masalalarni ko‘tardingizki, ular bugungi iqtisodimiz rivojining tub masalalari desa ham bo‘laveradi. Yana shuni aytmog‘im kerakki, biznnig jurnalistlarimiz, ayniqsa, shunisi achinarliki, yosh jurnalistlarimiz o‘z faoliyatlarida besamar bir yo‘lni tanlashgan. Ular biror kichik fikrni oladilaru bu to‘g‘rida benihoya balandparvoz jumlalar bilan gapiradilar, haddan tashqari umumiy mulohaza yuritadilar. Natijada, bunday eshittirishlarda gap ko‘p bo‘ladi, ammo, maqolda aytilganidek, “ko‘mi” oz bo‘ladi. Bundan tashqari, bunday eshittirishlarda biror hayotiy muammoning ichiga chuqurroq kirib borish kuzatilmaydi. Uning o‘rniga quruq maqtov, hamma narsani yaltiratib ko‘rsatishga intilish bo‘ladi.

Bunday eshittirishlar go‘yo jannatdan daraklarga o‘xshaydi. Ba’zan iqtisodiyot va siyosat bilan bog‘liq muhim masalalar ko‘tariladi-yu, lekin, ularni aniq hal qilishga kelganda lom-mim deyilmaydi. Masalan, inson huquqlari haqida gapirilganda, “bizning Konstitutsiyamizda bu masalani ifodalaydigan moddalar bor, yana ko‘pgina qarorlar qabul qilingan”, deyiladi-da, lekin, bu moddalar hayotda qanday amalga oshayapti, qabul qilingan qarorlar ishlayaptimi-yo‘qmi kabi jihatlar to‘g‘risida og‘iz ochilmaydi. Yoki tadbirkorlar, fermerlar haqida ko‘p gapiriladi. Ularning dalada, ish joylarida muvaffaqiyatga erishilayotganlari e’lon qilinadi. Lekin. Har bir fermerning erishgan yutuqlari, hayotidagi o‘zgarishlar ochiq tahlil qilinmaydi.

Masalan, falonchi falon so‘m daromad qildi deyiladi. Biroq, bu daromadni har oyga va jon boshiga taqsim qilganda tirikchilikka yetadimi, yetmaydimi bu yog‘i noma’lumligicha qolaveradi. Xullas, balandparvozlik, mavhumlik. Maqtanchoqlik, yuzakilik bugungi jurnalistikamizning rivojiga to‘siq bo‘lib turgan asosiy g‘ovlarga o‘xshaydi.

Men, albatta, bugun faol ishlayotgan hamma jurnalistlarimiz shunaqa degan fikrdan yiroqman. Shubhasiz, bugungi jurnalistlarimiz orasida o‘tkir fikrli, mahoratli, samarali izlanayotganlari ham ko‘p. Lekin, shunga qaramay bugun jurnalistikamiz tom ma’noda to‘rtinchi hokimiyatga aylandi, degan gapni ayta olmaymiz.

Xo‘sh, jurnalistikamiz to‘rtinchi hokimiyatdir deganda nimani anglashimiz kerak? Mening nazarimda jurnalistikamizning hokimiyat bo‘lishini ta’minlaydigan eng birinchi omil, u hayotda adolat barqaror bo‘lishi uchun kurashmog‘i kerak, odamlar taqdirida yuz beradigan adolatsizliklarning har qanday ko‘rinishiga qarshi murosasiz kurashmog‘i lozim. Kerak bo‘lganda fidokorlik bilan ish yuritib, masalaning tub mohiyatiga yetib, haqning qaror topishiga erishmog‘i lozim. Tabiiyki, bunga tumtaroq va xashaki gaplar bilan erishib bo‘lmaydi. Bunga faqat aniq tahlil bilan, hayotda har qadamda ko‘ndalang bo‘lib turgan muammolar to‘g‘risida teran fikr yuritish orqali erishiladi.

Siz o‘z chiqishingizda kunjara, sheluxa va yog‘ narxi o‘z-o‘zidan ko‘tarilib ketayotganligini qayd qilgansiz. Darhaqiqat, zavodda tayyorlangan kunjaraning bi kilosi 10 so‘m bo‘lsa-yu, xaridor qo‘liga yetguncha 90 so‘mga chiqib ketsa, buni qanday tushunmoq kerak. Shu munosabat bilan, umuman narx-navo haqida gapiradigan bo‘lsak, bugungi bozorda hamma narsaning narxi beistisno tarzda vahshiyona “raqs” tushmoqda. Odatda, narsalarning bahosi unga sarflangan xom ashyo va mehnat bilan belgilanar edi. Hozirgi narxlar nima asosida belgilanadi, buni anglash qiyin. Mana masalan, tibbiyot sohasi—dori-darmonlarni olaylik. Odamlar, ayniqsa, yoshi o‘tganda nonsiz yashasa yashaydiki, dori-darmonsiz yashay olmaydi. Hozirgi dori-darmonlarimiz esa huddi zaharli qovoq aridek, chaqaman deydi. Masalan, bugun “Korflam” degan dorini ko‘p reklama qilishadi. Bundan atigi 2 yilgina avval uning ichidagi tabletkalar 20 dona bo‘lardi va u 50 so‘mlar atrofida turar edi. Bugun esa uni traktor zavodi hududidagi dorixonadan 750 so‘mga xarid qildim.

Xo‘sh, bu ikki yil ichida ushbu dorini tayyorlash texnologiyasida qanaqa o‘zgarish bo‘ldiki, uning narxi shunchalik o‘zgarsa… Yoki uning tarkibiga oltin qo‘shilyaptimi? Xuddi shunga o‘xshab elektr, kvartira, transportning kira haqlari ham va yana boshqa yuzlab ashyolarning bahosi o‘z-o‘zidan osmon bo‘yi ko‘tarilib ketyapti. Nimagu shunday bo‘layotganini birorta mutasaddi izohlab ham bermaydi, tushuntirmaydi ham. Matbuotda yangi texnologiyalar kirib kelayotgani, qo‘shma korxonalar ochilayotgani haqida ko‘p gapiriladi. Hatto, buning oqibatida ayrim narsalarning tannarxi kamayib borayotganligi ta’kidlanadi. Lekin, qani o‘sha “kamayish”. Biron narsaning narxi keyingi yillarda hech bo‘lmaganda yuz so‘mga arzonlashdimi?! Bunaqa dalilni bilmayman. To‘g‘ri, bozor bo‘lgandan keyin narx-navolar erkin bo‘lmog‘i kerak. Lekin, bu narx-navolar muttasil ko‘tarilib boradi degan ma’noni bildirmadi-ku. Aksincha, bozorda bir kun narx tushsa, bir kun ko‘tariladi. Uning shunday qonunlari bor. Afsuski, bizda bu qonunlar yetarli darajada samara bermayotir. Nazarimda allaqanday kuchlar boru bu kuchlar sun’iy ravishda narx-navoni ko‘tarish bilan band. Fikrim dalilsiz bo‘lmasligi uchun bir misol keltiraman. Toshkent bozorlari borgan sari obodlashyapti. Lekin, qaysi bozorga kirmaylik, u yerda savdo qilayotgan odamlarning turmush tarzi o‘zgargani yo‘q. Na Chorsu, na Oloy bozorida o‘z mehnati bilan yetishtirgan mahsulotini yetishtirgan dehqonni uchratolmaysiz. Bozorga kelgan dehqonning mahsulotini bozorga yetmayoq muayyan odamlar xarid qiladi-yu, keyin o‘zlari istagan narxda sotishadi. Qiziq, London yoki Parij bozorlarida ham shundaymikan? Har holda bu masala juda muhim. Xalq farovonligini ta’minlashning eng asosiy yo‘llaridan biri. Shunday ekan, jurnalistlarimiz ham bozorning muhtashamligini gapirish bilan bir qatorda uning ichki munosabatini tahlil qilsalar, yaxshi bo‘lardi. Bizda bozor ming yillardan beri mavjud. Lekin, ming yillardan beri u faqat boylik orttiradigan, pulga tanda qo‘yadigan, xaridorlarni laqillatadigan joy bo‘lgan emas, balki savdo-sotiq bilan shug‘ullanadigan odamlarning iymoni, vijdoni namoyon bo‘ladigan joy sanalgan.

Hurmatli Muhammadjon, aytay desam dilda gap ko‘p. Ularning barini tabiiyki, bir xatda tugatib bo‘lmaydi. Men jurnalistikamizning chindan ham to‘rtinchi hokimiyat bo‘lishini juda-juda istardim. Buning uchun esa ular maydakashlikni, manfaatparastlikni yig‘ishtirib qo‘yib, faqat xalqni o‘ylashlari va elning farovonligini, to‘qligini, tinchligini ta’minlaydigan yo‘llarini o‘ylashlari kerak, bu yo‘lda g‘ov bo‘layotgan har xil yulg‘ichu tekinxo‘rlarga qarshi mardonalik bilan kurashmoqliklari lozim.

Sizning chiqishingiz menda shunday fikrlarni uyg‘otdi. Meni quvontirgan narsa nafaqat sizning dadilligingiz, balki, umuman bugungi matbuotda bunday tamoyilning borgan sari kengayib borayotganligidir.

Hurmatli Prezidentimiz ham jurnalistlarimizdan dadil bo‘lishni, hayot muammolarini ko‘tarib chiqishni, mustaqilligimizni mustahkamlash yo‘lida kuchini ayamay mehnat qilishni talab qilmoqda. Juda adolatli talab. Ajab emaski, jurnalistlarimizning sa’y-harakatlari bilan islohotlarimiz bundan-da yurishi ketsa. Qishloqda ham, shaharda ham xalqimiz to‘qroq va farovonroq yashay boshlasa. Inshoolloh!

Kamoli ehtirom bilan:

Ozod ShARAFIDDINOV.

O‘zbekiston Qahramoni

2001- yil, 21 iyun. “Qishloq hayoti” gazetasi.

Manba:O‘zA