Saida Mirziyoyeva davlat tashkilotlari matbuot xizmatlari va ulardagi salohiyatsiz kadrlarni tanqid qildi

2019-08-12T11:51:16+05:0021 May, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari lavozimida ish boshlaganiga ko‘p bo‘lmadi. Biroq, u o‘tgan oz fursat ichida bir necha loyiha ustida ishlayotgani ma’lum. Besh tashabbusning joylarda, xususan Bo‘kada amalga oshirilishiga bosh-qosh bo‘lgan Mirziyoyeva endi davlat tashkilotlari matbuot xizmatlari faoliyatini o‘rganib chiqib, xulosalarini ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali ma’lum qildi. Mirziyoyeva bugungi kundagi matbuot xizmatlari va undagi kadrlar masalasini keskin tanqid qiladi:
“Ushbu postda dolzarb mavzu – davlat organlari matbuot xizmatlari faoliyatiga doir fikrlarim bilan bo‘lishmoqchiman. Bu mavzu jurnalistlar tomonidan tez-tez ko‘tarilmoqda va axborot sohasi uchun muhim ahamiyatga ega.
Mutaxassislarning bu boradagi fikrlari va xorijiy amaliyotni o‘rganib, mamlakatimiz vazirlik va idoralari matbuot xizmatlarining faoliyati, afsuski, sust darajada qolayotganini qayd etishga majburmiz.
Matbuot xizmatlarining ishi sustligi va ko‘pgina davlat organlari rahbarlari OAV bilan muloqot qilish zaruriyatini anglab yetmagani oqibatida mamlakatimiz aholisining islohotlar borishi to‘g‘risida xabardorligi past, ularni yetarli darajada idrok etmayapti hamda Prezident va hukumat tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning mohiyati va tafsilotlarini to‘laligicha anglamayapti”.
Saida Mirziyoyeva so‘zida davom etarkan, tasdig‘ini topmagan, mish-mishlar OAVda tez-tez uchrab turayotgani, bunga esa matbuot xizmatlari aks-sado bilan chiqmayotganini alohida qayd etdi:
“Davlatimiz tomonidan oshirilayotgan keng miqyosli ishlar mamlakat ichida ham, xorijda ham yetarli darajada yoritilmay, sezilmay qolmoqda.
Oqibatda, bunday vaziyat tekshirilmagan axborot, asossiz mish-mish va uydirmalarning paydo bo‘lishiga olib kelmoqda, ular keng tarqalib, matbuot xizmatlari tomonidan munosabatsiz qoldirilgan bir sharoitda aholi o‘rtasida tushunmovchilik va norozilik keltirib chiqarishi mumkin.
Vaziyat matbuot xizmatlari kadrlar salohiyati cheklangani, ularning moddiy-texnik jihozlanishi va xodimlari malakasi darajasi pastligi bilan yanada keskinlashmoqda”.
Saida Mirziyoyevaning ma’lum qilishicha, tez orada matbuot xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi yangi hujjat qabul qilinadi.
“Ko‘rib turganingizdek, oldimizda turgan muammo jiddiy va keng qamrovli. O‘ylaymanki, bu amaldagi hujjatlarga qo‘shimcha ravishda kompleksli normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqish va qabul qilishni taqozo etadi.
Xususan, matbuot xizmatlarining davlat organlari va jamiyat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik sifatida samarali faoliyatini ta’minlash, matbuot kotibi mavqeini oshirish, muntazam ravishda malaka oshirish kurslarini tashkil etish lozim va hokazo. Biz bu boradagi ishlarni boshlaganmiz. Jumladan, tegishli takliflar ishlab chiqish va normativ-huquqiy hujjatni tayyorlash bo‘yicha maxsus guruh tuzilgan.
Bunday chora-tadbirlarning qabul qilinishi mamlakatimiz axborot sohasini rivojlantirish uchun sharoitlar yaratishga, shuningdek, eng muhimi, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqot asoslarini salmoqli darajada mustahkamlashga xizmat qiladi”, deydi Mirziyoyeva.

Qalampir.uz Tahririyati