«O‘lay agar, jurnalistligimni aytmayman»

2019-08-12T11:51:18+05:0017 May, 2019|Hafta maqolasi|

Yaqinda qishloqqa borish uchun taksiga o‘tirdim. Mashinada ikki kishi bor ekan, haydovchi yana bir yo‘lovchi topib kelish uchun bekat tomon ketdi.

Hamrohlarim bilan salom-alik qildim. Birozdan so‘ng ular nima ish qilishim, nega yo‘lga otlanganim haqida surishtirib qoldi.

— Ota-onamni ko‘rgani ketyap­man, shu yerda ishlayman, – dedim-u, gapni cho‘zmay, – jurnalistman, — dedim. Shunda oldi o‘rindiqdagi amaki xuddi tilla top­gandek xursand nigohda yarq etib menga qaradi:

— Sizni Xudoning o‘zi yetkazdi, ukam, — dedi. Tushundimki, uning bir «dardi» bor…

U kishi bir papka qog‘ozni ko‘rsatib murojaat qilmagan joyi qolmagani, haligacha muammosi yechim topmaganini aytib qoldi.

— Hozir ham televideniye tahririya­tidan kelyapman, murojaatimni o‘rganib chiqamiz deyishdi, — dedi u.

Ma’lum bo‘lishicha, u o‘z akasiga oldi-sotdi uchun 20 ming dollar tutqazgan. Akasi uning ulushini kechiktirib bergan. Endi bu «jabrdiyda» undan o‘sha 20 ming dollarni ham qaytarib olmoqchi ekan.

— Akangiz kech bo‘lsa ham ulushingizni beribdi-ku. Undan yana o‘shancha summani undirib olib nima qilasiz? Yana begonamas, jigaringiz bo‘lsa…

Bu gap amakiga zig‘ircha ham ta’sir qilmadi. Battar jag‘i ochildi:

— O‘sha pulga xarid qilingan tovar shuncha summalik ekani rostmi, yolg‘onmi men qayoqdan bilaman. Pulimni qaytarib olishim kerak baribir.

Tushundimki, tortishishdan naf yo‘q.

Shu payt ikkinchi hamrohim gap boshlab qoldi:

— Men uchinchi guruh nogironiman, davlat poytaxtda davolanishimga yordam beradi. Ammo bu safar yo‘llanma bilan kelsam, shifokorlar joy yo‘qligini vaj qilib, besh kundan so‘ng kelishimni ayt­di. Biroq yo‘llanma bo‘yi­cha besh kunim «kuyib» ketarkan. Bu qanaqasi? — deb shifokorlar ustidan shikoyat qilib qoldi.

—Buni har tomonlama, yaxshilab o‘rganmay turib, sizga aniq bir narsa deyishim qiyin. Surishtirib, qo‘ldan kelgancha yordam beraman, — dedim.

Suhbat avjiga chiqdi, hamrohlarimning biri qo‘yib, ikkinchisi hali u, hali bu tashvishdan diydiyo qildi. Ularning arzimagan ish, tashvishdan ham katta muammo «yasab» olgani meni ajablantirdi. Gapirsam, tushuntirsam, foydasi bo‘lmadi. Xullas, arzu e’tirozlarning adog‘i ko‘rinmadi. Oxiri, pichoq suyakka yetdi. «Dardkash»larimning gapini shartta bo‘ldim:

— Endi meni ham eshitinglar, — dedim ularga yuzlanib. – Shu desangiz, besh yildan buyon imtiyozli uyimning qurilishini kutaman. Kutsam yana kutaveraman-u, lekin bola-chaqa qishloqda, o‘zim shaharda, ularni olib kelishni cho‘ntak ko‘tarmaydi. Qishloqqa qaytay desam, tayinli ish yo‘q. Ota-onam o‘qituvchi. Otam bezori o‘quvchini urgani uchun boshi suddan chiqmayapti. Onam bechoraning mao­shidan har oy kommunal to‘lovlar uchun ushlab qolinadi, qarzimiz bo‘lsayu bo‘lmasa farqi yo‘q. Xotinimning ish joyidan «hadeb dekretga chiqadigan bo‘lsangiz, arizangizni yoza qoling!» deb dakki berishyapti. Katta o‘g‘lim otamdan «Dadam bizning qanaqa qarindoshimiz bo‘ladi?» deb so‘rabdi, — deya gapni yakunladim.

Sheriklarim ko‘zlarini chaqchaytirib, menga ji-i-i-m tikilib qoldi. Shu payt mashina eshigi ochilib to‘rtinchi hamroh keldi-yu, salom-alik ham qilmay, yo‘lkiraning osmonga chiqib ketgani, o‘z mashinasida Toshkentga kelib-ketay desa, radarga tushishga toqati yo‘qligidan nolidi. Shu tobda ko‘nglimdan o‘tgani shu bo‘ldi: o‘lay agar, to‘rtinchimizga jurnalistligimni aytmayman!..

 

Begali ESHONQULOV.

Manba:«Jamiyat» gazetasi.