Prezident Xonobod sihatgohini borib ko‘rdi

2019-08-12T11:52:27+05:0016 May, 2019|Umumiy yangiliklar|

So‘lim tabiati bilan mashhur Xonobodda bir paytlar qurila boshlagan sanatoriy qarovsiz holda qolib ketgan edi. Prezident Shavkat Mirziyoev 2017 yil 2 iyunda bu erga kelib, uni obodonlashtirish, aholi dam olishi uchun zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

O‘tgan yili bu erda 180 o‘rinli zamonaviy sihatgoh ishga tushirildi. Davolash binolari, standart, yarimlyuks va lyuks xonalar, 6 ta apartamentda barcha sharoitlar yaratildi.

Dengiz sathidan 850 metr balandlikda joylashgan ushbu maskan toza havosi va shifobaxsh suvi bilan nafas yo‘llari, asab tizimi, yurak qon-tomir kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan. Mineral vannalar, fizioterapiya, elektroforez, galьvanizatsiya, igna bilan davolash, stomatologiya, kosmetologiya, galoterapiya yo‘lga qo‘yilgan.

Davlatimiz rahbari sanatoriyda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Endi ushbu tog‘li hududda engil konstruktsiyalardan mehmon uylari tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Shavkat Mirziyoev bu xizmatlar narxini kamaytirib, qamrovni kengaytirish, yana ko‘plab odamlarni ish bilan ta’minlashga xizmat qilishini qayd etdi.

Shu erda Andijon viloyatida turizmni rivojlantirishga doir loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Xonobod faollari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.