Xitoy televideniyesida – Farg‘ona

2019-08-12T11:52:28+05:0016 May, 2019|Umumiy yangiliklar|

yoki ijodiy uyushma faoliyatining yana bir amaliy natijasi haqida

O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi Xitoy jurnalistlari assosatsiyasi bilan bevosita ijodiy aloqalar o‘rnatgan. So‘nggi ikki yilda 31 nafar farg‘onalik jurnalistlar Xitoy ommaviy axborot vositalarida o‘zaro tajriba almashib keldilar. O‘z navbatida Xitoyning 33 nafar taniqli jurnalistlari ijodiy uyushma viloyat bo‘limi taklifi bilan O‘zbekistonga, Farg‘onaga o‘zbek hamkasblari faoliyati bilan tanishgani keldilar. Bu kabi hamkorlik natijasida yozilgan maqolalar, tayyorlangan teleko‘rsatuvlar tufayli ikki mamlakat xalqlari bir-birlarini yanada yaqinroq bilishi imkoni yaratildi.

O‘tgan yilning so‘nggi oylarida CCTV-4 Umumxitoy “Do‘stlik” telekanalining o‘n bir nafar teleijodkorlari Farg‘ona viloyatida bo‘ldilar. Bu yerda ular jurnalistlar ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi faollari bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkazdilar. Gazetalar taxririyati, teleradiokanallar ish faoliyati bilan tanishishdi.

–O‘shanda xitoylik teleijodkorlar jurnalistlar ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi ishtirokida beshta mavzuda teleko‘rsatuv tasvirga tushirgan edilar,—deydi bo‘lim raisi Muhammadjon Obidov. –Shu kunlarda ko‘rsatuvlarini dunyoning 170 ta davlatida qabul qiladigan CCTV-4 kanali “Buyuk ipak yo‘lidagi Marg‘ilonga sayohat”, “Ipak jilolari”, “Hunarmandlar sulolasi”, “Farg‘onaning uchqur otlari” hamda “Konfutsiy Farg‘onada” deb nomlangan teledasturlarni dunyoga namoyish etmoqda. Ularda qadimiy Marg‘ilon tarixi, buyuk zotlari, hunarmandchilik an’analari, viloyatdagi tarixiy-madaniy meros, sayyohlik salohiyati, xalqimizning urf-odatlari va an’analari, yurtimizning betakror tabiati hamda ajoyib odamlari haqida samimiy hikoya qilingan. Ayniqsa, pilladan shoxona matolargacha bo‘lgan ishlab chiqarish jarayoni batafsil lavhalarda aks ettirilgan.

Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, bundan 21 asr muqaddam Xitoy imperatori elchisi Farg‘ona vodiysiga kelgan. Bu yerning jo‘g‘rofiy tuzilishi, tabiati, o‘simliklari, xalqining urf-odatlari, kasb-kori haqida yozib qoldirgan. U o‘zi bilan uzun oyoqli qorabayir naslli uchqur otlardan, uzum, yong‘oq urug‘i va ko‘chatidan olib ketgan. Imperatorning buyrug‘iga ko‘ra bu ko‘chatlar Xitoyda mahalliylashtirilgan.

Xitoylik teleijodkorlar elchi bosib o‘tgan manzillar xususan, Quvasoy shahridagi “Vodiy tulporlari” qorabayir ot naslchilik majmuasi haqida g‘oyat qiziqarli ko‘rsatuv tayyorladilar.

O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi tashabbusi va hamkorligida ketma-ket uch marta o‘zbek va xitoy tillarida chop etilgan Konfutsiyning “Suxbat va mulohazalar” kitobi O‘zbekiston-Xitoy madaniy aloqalarini mustahkamlashga munosib hissa deb aytiladi ko‘rsatuvlarning birida.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bu ko‘rsatuvlar xitoy tilida bo‘lsada, ingliz tiliga tarjima qilinib subtitr (tasvir ostidagi matn) bilan efirga uzatildi va telegram, youtube kabi tarmoqlar orqali ham tarqatildi.

 

Umida MIRZAMATOVA,

O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi

Farg‘ona viloyat bo‘limi mutaxassisi.