O‘zA saytida hadislar bo‘limi ochildi

2019-08-12T11:52:29+05:0016 May, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston musulmonlari idorasi O‘zbekiston milliy axborot agentligi bilan hamkorlikda muborak Ramazon oyi munosabati bilan http://uza.uz saytida “Imom Buxoriy hadislari” nomli bo‘limni tashkil etdi.

Ushbu bo‘limni ochishdan maqsad, Islom dinining asl mohiyatini yoshlarga hadisi shariflar orqali yetkazish, yurtimizdan yetishib chiqqan Imom Buxoriy va boshqa muhaddis allomalar qoldirgan boy ilmiy merosni xalqimiz o‘rtasida keng targ‘ib qilishdan iborat.

Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi va sallamning Imom Buxoriy hazratlari to‘plagan hadislari ushbu bo‘limda bosqichma-bosqich taqdim etib boriladi.

Hadislarni bayon etish jarayonida uning ko‘pchilik tushunadigan, sodda tilda bo‘lishiga alohida e’tibor qaratildi. Qolaversa, yurtimizda asrlar osha musulmonlarning fiqhiy mazhabi bo‘lmish, Hanafiy mazhabida bo‘lishi ham e’tiborimizda turdi.

“Imom Buxoriy hadislari” nomli bo‘lim faoliyatini Imom Buxoriy bobomizning ikkinchi bosh asarlari bo‘lmish «Al-adab Al-Mufrad» kitoblariga zabardast ulamo, fazilatli Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qilgan sharhlaridan boshlashga qaror qildik. Imom Buxoriy hazratlari ushbu kitoblarida odob-ahloq masalalariga oid hadislarni saralab keltirganlar.

Mana shunday sharafli ishga muyassar qilgan Alloh taboraka va taologa hadsiz shukrlar aytish bilan birga bu ishda o‘z yordamini ayamagan insonlarga o‘z minnatdorligimizni izhor qilamiz.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati.

Manba: O‘zA