Buyuk jasorat tarannumi

2019-08-12T11:52:30+05:0015 May, 2019|Umumiy yangiliklar|

Yaqinda poytaxtimizda 9 may — Xotira va Qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 74 yilligiga bag‘ishlangan bayramni keng nishonladik. Bu qutlug‘ bayram mamlakatimizning har bir go‘shasida katta bayram sifatida tantana qilindi. Mardlik, qahramonlik, ezgulik hech qachon unutilmaydi. Vatanimiz ozodligi, xalqimizning tinch va osuda hayoti uchun kurashib, jon bergan o‘g‘lonlarni hurmat-ehtirom bilan yodga olish, bu yo‘lda zahmat chekkan, bugungi kunda ham umrguzaronlik qilayotgan insonlarga mehr-oqibat, g‘amxo‘rlik ko‘rsatish mamlakatimizda ezgu odatga, qadriyatga aylangani shundan.

Prezidentimizning 2019 yil 23 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarga yangicha shukuh baxsh etdi. Ushbu hujjatlarga muvofiq, yurtimiz bo‘ylab 9 may – Xotira va Qadrlash kuni tadbirlari yuksak saviyada tashkil etildi. Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shgan, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasini abadiylashtirish, faxriylarni moddiy-ma’naviy rag‘batlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

“Ajdodlarni xotirlash — muqaddas qadriyat”, “E’tibor va g‘amxo‘rlik — insoniy burch” shiorlari ostida urush va mehnat faxriylari ishtirokida turli marosimlar, uchrashuvlar o‘tkazildi.

Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan bayram tadbirlarida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Ko‘pchilik ko‘rib, guvohi bo‘ldi, poytaxtimizdagi Botanika bog‘ida bo‘lib o‘tgan tantanada Davlatimiz rahbari Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan tanatanali marosimdagi nutqida ko‘p millatli butun xalqimizni Ikkinchi jahon urushida ershilgan G‘alabaning 74 yilligi bilan samimiy mubarokbod etdi. Hech shubhasiz, oradan qancha yillar, zamonlar o‘tmasin, buyuk G‘alabaning qadr-qimmati va ahamiyati tobora ortib boraverishini, ming-minglab jasur ota-bobolarimiz dunyodagi ko‘plab xalqlar qatorida bu mudhish urushda chinakam qahramonlik ko‘rsatgani, bu so‘nmas jasorat, 74 yildirki, biz uchun mardlik maktabi, g‘urur-iftixor manbai bo‘lib kelayotgani va bundan keyin ham shunday bo‘lib qolishini ta’kidladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, urush arafasida mamlakatimizda 6,5 millionga yaqin aholi yashagan bo‘lsa, shundan 1,5 milliondan ortig‘i urushda bevosita ishtirok etgan. Ya’ni yosh go‘dak va bolalarni, qariyalar va ayollarni hisobga olmaganda, xalqimizning 40 foizdan ko‘prog‘i qo‘liga qurol olib, jang maydonlariga otlangan. Insoniyat tarixidagi eng dahshatli qirg‘in- barotdan yurtdoshlarmizning yarim milliondan ziyodi qaytmadi. Qanchasi nom -nishonsiz, bedarak ketdi. Qaytganlarining aksariyati bir umrga mayib- majruh va nogiron bo‘lib qoldi. Omonsiz janglardan Vatanimizga to‘rt muchasi sog‘ kelganlarning ham yuragida, ruhida mudhish urushning ayanchli oqibatlari o‘chmas iz qoldirdi.

Prezidentimizning tantanali marosimdagi nutqlaridagi bir misol ko‘pchilikning e’tiborida bo‘ldi, deyish mumkin. Davlatimiz rahbari urush qahramonlari haqida gapirar ekan, “Tabarruk Ona siymosi ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi”, — dedi. — Chunki el-yurt himoyasini or-nomus ishi deb biladigan mard va botir o‘g‘lonlarni voyaga yetkazgan ulug‘ zot — onadir. Urushning barcha azob-uqubatlarini eng ko‘p tortgan insonlar ham mushtipar onalarimizdir.

Bitta misol. Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi Xonobod qishlog‘ida Zulfiya aya Zokirova ismli bir mo‘’tabar onaxon yashab o‘tganlar. Tom ma’noda buyuk bu insonning jasoratini ta’riflashga so‘z ojiz. Turmush o‘rtog‘i Xolmat aka vafot etgach, Zulfiya aya besh o‘g‘il va bir qizni tarbiyalab voyaga yetkazganlar.

Hammamiz yaxshi bilamiz, ona zoti uchun farzand dog‘ini ko‘rishdan ham og‘ir yo‘qotish yo‘q. Zulfiya aya Zokirova Ikkinchi jahon urushida bir emas, besh azamat o‘g‘lidan – Isoqjon, Ahmadjon, Mamajon, Vahobjon, Yusufjon ismli aziz farzandlaridan judo bo‘lgan.

O‘zingiz ayting, qadrli do‘stlar, har qanday odamni ham yiqitib, yakson qiladigan taqdirning bunday beshafqat zarbasiga bardosh berish mumkinmi?

Lekin Zulfiya Zokirovadek matonatli, qahramon o‘zbek ayoli bunga bardosh bera oldi. Shunday fojiali qismatga besh marta ko‘ksini qalqon qilib, besh marta ham mardona oyoqqa turdi. Buning uchun odamda qanchalik kuchli iroda, metin sabr-bardosh bo‘lishi kerak!

Yovuz urush tufayli ayaning to‘rt kelini beva, besh nabirasi yetim bo‘lb qoldi. Uning o‘zi esa bir umr motamda yashadi. Lekin hech qachon umidsizlikka tushmadi, o‘g‘illarining so‘nmas xotirasi, yorug‘ kunlari yodi bilan, kelinlari, nabiralarining hayoti, orzu umidlari bilan yashadi.

Mana, o‘zbek ayollarining, o‘zbek xalqining haqiqiy jasorati va matonati!

Mana, sevgi va sadoqat madhiyasi, uning yengilmas kuch-qudrati!

Mana, yoshlarimiz, farzandlarimiz kimdan namuna va o‘rnak olishlari kerak!

Hayotda biron-bir qiyinchilikka duch kelsa, umidsizlikka tushmasdan, ularni bardosh bilan yengib o‘tishda Zulfiya Zokirova va uning oilasi yosh avlodimiz uchun chinakam ibrat maktabi emasmi?”

Ikkinchi jahon urushida Vatani, xalqi uchun jasorat ko‘rsatgan ijodkorlar haqida ham aytib o‘tsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Tarixdan, adabiyotdan ma’lum, Ikkinchi jahon urushining dastlabki kunlaridanoq taniqli adib, shoirlar xalqimizning Vatanini asrab qolish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga, frontga jo‘nab ketganlarni ona –Vatanini ko‘kragini tutib himoya qilishga undaydigan ijod namunalarini yaratdilar. G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Oybek, Zulfiya, Abdulla Qahhor, Uyg‘un, Maqsud Shayxzoda, Hamid G‘ulom, Izzat Sulton kabi ijodkorlarning she’r, hikoya, publitsistikalari gazetalarda bosildi, radio orqali eshittirildi. Otashin shoir G‘afur G‘ulomning “Sen yetim emassan!”, “Men yahudiy”, Hamid Olimjonning “Qo‘lingga qurol ol!” she’ri, “Jangchi Tursun” balladasi, Zulfiyaning Vatan himoyasiga bag‘ishlangan she’rlari o‘zining mazmun-mohiyati, ta’sirchanligi bilan frontda jang qilayotgan va front ortidagilarda ham juda katta taassurot qoldirdi. So‘z ustasi, taniqli adib Abdulla Qahhorning urush yillarida yaratgan g‘oyat ta’sirchan “Ko‘k konvert”, “Kampirlar sim qoqdi”, “Hi-hi!” kabi hikoyalari o‘quvchilarida juda yaxshi taassurot qoldirdi.

Endi bevosita qo‘liga qurol olib, Vatanni himoya qilgan ijodkorlar haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, ularning shonli g‘alaba yo‘lidagi jasoratlari uzoq yillar esda qoladi. Sharof Rashidov, Shuhrat, Ibrohim Rahim, Odil Yoqubov, Nazir Safarov, Matyoqub Qo‘shjonov, Ziyod Yesenboyev, Nazarmat Egamnazarov, To‘g‘on Ernazarov, Sulton Akbariy – bularning Ikkinchi jahon urushi maydonlaridagi jasorati, shuningdek, ajoyib ijod namunalari haqida katta avlod vakillari yaxshi bilishadi. Sharof Rashidov, Ziyod Yesenboyev, To‘g‘on Ernazarov, Adham Hamdamning publitsistik maqola va she’rlari, Shuhratning “Oltin zanglamas”, “Shinelli yillar”, “Jannat qidirganlar”, Odil Yoqubovning “Er boshiga ish tushsa”, “Qaydasan, Moniko?”, urush yillaridagi ko‘rgan-kechirganlari, voqea-hodisalar ta’sirida yaratilgan asarlardir.

Sharof Rashidov va To‘g‘on Ernazarov o‘zlari ishlab turgan gazeta tahririyatidan frontga – jangga jo‘nab ketishdi. Bir qo‘lda qurol, bir qo‘lda qalam bilan jang qilishdi. Frontda o‘zbek tilida gazeta tashkil qilib, o‘zlarining g‘alabaga undovchi she’rlari, o‘tkir publitsistik maqolalari bilan muntazam qatnashib turishdi.

Bugungi o‘zbek vatanparvarlik jurnalistikasi haqida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, bu dolzarb mavzu mamlakatimiz mustaqilligidan keyin shakllandi. Vatanparvarlikdek muhim, dolzarb mavzu respublikamiz matbuot va ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda. Xususan, “Vatanparvar”, “Postda” gazetalari sahifalarida yoshlarni vatanni jon – dildan sevish, uni ko‘z qorachig‘idek asrash, himoya qilishga bag‘ishlangan turli janrlardagi materiallar bosilib turibdiki, bular o‘z o‘quvchilarini befarq qoldirmayapti, albatta. Yuqorida aytib o‘tilgan gazetalar va mamlakatimizda bosilib chiqayotgan boshqa gazetalarda ham biz ilgari bilmagan, bir paytlari sir tutilgan o‘zbek razvedkachilari, vatanparvar insonlari haqida maqolalar berib borilyapti. Yaqinda “Xalq so‘zi” gazetasida jurnalist To‘lqin Hayitning “UChINChI FRONT yoxud afsonaviy o‘zbek razvedkachisining Markaziy Osiyoda nemis fashistlari agressiv g‘oyalarini yo‘qqa chiqargani xususida” sarlavhali intervyusi bosildi. Unda o‘zbek razvedkachisi Bahrom Ibrohimovning fashistlarning “Uchinchi front” ochish rejasini yo‘qqa chiqarishda asosiy shaxs bo‘lganligi haqidagi tafsilotlar atroflicha bayon etilgan. Bu kabi misollarni yana keltirish mumkin.

Ayni vaqtlarda bevosita vatanparvarlik mavzusida qalam tebratayotgan jurnalist, shoir va adiblar ham o‘z asarlari bilan o‘quvchilarining ko‘nglini xushnud etishga harakat qilishayapti. Masalan, Qurolli kuchlar faxriysi Iskandar Rahmonning vatanparvarlik mavzusida yozilgan bir necha kitoblari o‘quvchilari e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Yoki shoir Zikrilla Ne’matning mazkur muhim mavzuga bag‘ishlangan she’rlari o‘zining chuqur mazmunga egaligi va ta’sirchanligi bilan o‘quvchilariga manzur bo‘lmoqda. O‘ta dolzarb hamda serqirra bo‘lgan vatanparvarlik mavzusi, uni matbuot, ommaviy axborot vositalarida yoritilishi borasida yana ko‘plab misollar keltirish mumkin. Aytish kerakki, bu o‘ta muhim mavzu o‘z dolzarbligini aslo yo‘qotmaydi.

Vatanimiz bo‘ylab Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 74 yilligi bayram shukuhi kezib yuribdi. O‘tganlarni xotirladik, kundan – kunga saflari kamayib borayotgan urush faxriylari — tiriklarni yo‘qladik. Ota-bobolarimizning shijoati, jon fidoligi evaziga dorilomon kunlarga yetib, umrguzaronlik qilayapmiz. Yetkazganiga shukr, deymiz. Piri badavlat otaxon, onaxonlarimiz har kuni qo‘llarini ochib, duo qilganlari: “Aslo urush bo‘lmasin, urushning oti o‘chsin! Vatani, yurtini himoya qilishda halok bo‘lgan, shahid ketganlarni Olloh rahmatiga olgan bo‘lsin. Tinch- osoyishtaligimiz abadiy, osmonimiz musaffo bo‘lsin. Kundan-kunga rivojlanib borayotgan O‘zbekistonimizni yomon ko‘zlardan asrasin”.

Sizu biz — ijod ahlining ham o‘zining ajoyib ijod namunalari bilan hayotimizga fayz berib, el-yurtimiz ardog‘ida bo‘lib yurishimizni shunday ulug‘ kunlarda Yaratgandan chin dildan so‘rayman.

Yusufjon HAMDAMOV,

Mirzo Ulug‘bek nomidagi

O‘zbekiston Milliy universiteti

Jurnalistika fakulteti dotsenti