Vatanga askarday fidoyi qalam

2019-08-12T11:52:32+05:0014 May, 2019|Umumiy yangiliklar|

Jurnalistlar ijodiy uyushmasi O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi bilan hamkorlikda Milliy matbuot markazida Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlab davra suhbati o‘tkazdi.

«Vatanga askarday fidoyi qalam» mavzuida bo‘lib o‘tgan tadbirda Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan hamda front ortida mehnat qilgan jurnalistlar xotirasi yodga olindi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov davlatimiz tomonidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga ko‘rsatilgan e’tiborni alohida qayd etdi.

– Insoniyat tarixidagi eng dahshatli bu urushda 1,5 milliondan ortiq O‘zbekiston fuqarosi qatnashdi. Ularning 500 mingdan ziyodi halok bo‘ldi, 133 ming nafarga yaqini bedarak yo‘qoldi, 60 mingdan ortiq vatandoshimiz esa nogiron bo‘lib qaytdi. Albatta, bu raqamlar – oddiy statistik ma’lumot emas. Bu raqamlar boshimizdan kechirgan mudhish urush oqibatlarini hech qachon unutmaslikka chaqiradi. Shu bilan birga, bugungi tinch va go‘zal hayotning qadriga yetib, doimo hushyor va ogoh bo‘lishga, yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi, – dedi «Nuroniy» jamg‘armasi raisi Shuhrat Jalilov.

Davra suhbatida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti Yusuf Hamdamov urush yillarida o‘zbek matbuoti va jurnalistikasi tarixi, jumladan, ommaviy axborot vositalari ommani front uchun, g‘alaba uchun safarbar etish, xalqni g‘oyaviy-siyosiy jihatdan tarbiyalashda muhim omil bo‘lib xizmat qilgani haqida gapirdi.

Urush yillari O‘zbekistonda chop etilgan gazeta va jurnallar sahifalarida frontdagi vaziyat, respublika mehnat jamoalarining fidokorona mehnati keng yoritib borilgan. O‘zbekistonning bir guruh jurnalistlari armiya boshqarmalari ixtiyoriga yuborilgan. Ular o‘z asarlarida urush oqibatlari hamda o‘zbek jangchilarining jasoratini tasvirlagan.

Urush yillarida radiojurnalistlar ham aholiga tezkor xabarlar yetkazish barobarida xalqning va askarlarning ruhini ko‘tarish uchun madaniy-ma’rifiy dasturlarni tayyorlashgan. Radio madaniy-ma’rifiy, tarbiyaviy ishlarni olib borish markazi sifatida ham xizmat qilgan.

Bugungi kunda harbiy jurnalistlarning ona Vatanga jo‘shqin muhabbat ruhida yo‘g‘rilgan ijodi yosh avlod uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.

Tadbirda yurtimiz ommaviy axborot vositalari rivojiga munosib hissa qo‘shgan bir guruh faxriy jurnalistlar Saydi Umirov, Sa’dulla Hakimov, Alinazar Egamnazarov, Qaldibek Seydanov, Irismat Abduxoliqovlarga Prezidentimiz tomonidan ta’sis etilgan “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni topshirildi.

—14 yoshimda birinchi maqolam tuman gazetasida chop etilgani yaxshi eslayman, — deydi 80 yoshni qarshilayotgan faxriy jurnalis Alinazar Egamnazarov.— Posportim yo‘qligi uchun ilk gonararimni tug‘ilganlik guvohnomam bilan akam borib olib kelgan. Keyinchalik maktabni tamomlab o‘qishga kirdim. Tahsilni tamomlaganimdan so‘ng bizni yangi tashkil etilgan Sirdaryo viloyatining «Sirdaryo haqiqati» gazetasiga ishga yuborishdi. U yerda sharoitlar juda og‘ir edi. Lekin kasbga bo‘lgan muhabbat bizni u yerda olib yurdi. To‘rt yil og‘ir sharoitda ishladik. Hozir o‘sha holatni yoshlarga aytib bersam ular ishonishmaydi. 1958 yilda birinchi bo‘lib Jurnalistlar s’ezdida ishtirok etganman. Keyinchalik taqdir taqozosi bilan gazeta, televideniya va radioda ishladim. Albatta hozir avvalgi kuch-quvvat yo‘q. Ammo yozishga ishtiyoq so‘nmagan. 1980 yillarda Zulfiya aya Zokirova va u kishining urushda vafot etgan besh nafar o‘g‘illari haqida ko‘p yozganman. E’tibor bo‘lmadi. Yaqinda shu oila haqida yana yozib berishimni so‘rashdi. Taklifni qabul qilib yozib berdim. «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida chop etildi. Prezidentga ham yozdim. Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan bunday e’tibordan juda xursand bo‘ldik. G‘alabaning 74 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiridagi Prezident ma’ruzasida nomi keltirilgan Zangiota tumani Xonobod mahallasida yashagan Zulfiya aya Zokirova yanchli taqdiri barchaga o‘rnak bo‘lishi kerak aslida. Besh o‘g‘ilni voyaga yetkazib, ularni urush domiga tutqazish, tutqazganda ham o‘limga tik yuborish har qanday onaning qadni bukib, ado qilishi tayin. Hayotning bu achchiq zardobini ichiga yutib kelinlari va nevaralarini jamiyat koriga yaraydigan farzandlar qilib tarbiyaladi. Vaqt tarozi hamma narsani joy-joyiga bugun qo‘ydi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Joriy yilda poytaxtimizda g‘alabaning 75 yilligiga atab borpa etiladigan bog‘da ana shunday onalar siymosi—Zulfiya aya haykali timsolida qad rastlaydi.