Biz uchun tinch va osoyishta hayot yaratgan fidoyi bobolarimiz xotirasi mangudir

2019-08-12T11:52:35+05:0010 May, 2019|Umumiy yangiliklar|

Bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jon fido qilgan ajdodlarimiz xotirasini yod etish, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda ¬yurgan, elu yurt tinchligi va ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan keksalarni e’zozlash ma’naviy hayotimizning ajralmas ¬qismiga aylangan.

Mamlakatimizda keng nishonlanayotgan Xotira va qadrlash kuni mazmun-mohiyatida ana shunday ezgu tamoyillar mujassam.

Ushbu ayyom kunlari bugungi tinch-osoyishta hayotga qanday og‘ir sinov va mashaqqatlar evaziga erishilganini yana bir bor chuqur his etamiz. Bu yo‘lda qurbon bo‘lgan yurtdoshlarimiz xotirasiga ta’zim qilamiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 23 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida urush qatnashchilari holidan xabar olish, yurt tinchligi va ozodligi yo‘lida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasini yod etishdek ezgu maqsadlar ifodasini topgan.

Ushbu hujjatlarga muvofiq, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining har biriga Prezidentimiz tabriknomasi, 7 million 500 ming so‘m miqdorida biryo‘la to‘lanadigan pul mukofoti va bayram sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Ularning har birini tibbiy va ijtimoiy himoya qilish maqsadida tegishli xodimlar biriktirilib, doimiy patronaj xizmati ko‘rsatilmoqda. Sanatoriyalarga bepul yo‘llanmalar ajratilmoqda.

Urush qatnashchilari va front orti faxriylari bilan birga mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila a’zolariga ham moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat, Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi, Badiiy akademiya, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Nuroniy” jamg‘armasi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi boshqa tashkilotlar bilan birgalikda Vatanimiz ozodligi himoyachilariga bag‘ishlangan maxsus uchrashuvlar va ma’rifiy-badiiy kechalar o‘tkazmoqda.

9 may. Poytaxtimizdagi Xotira maydoni har qachongidan gavjum. Bu yerga senatorlar, deputatlar, hukumat a’zolari, harbiylar kelgan.

Soat 8.30. Maydonga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kirib keldi.

Davlatimiz rahbari Ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi – harbiy orkestr sadolari ostida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.

Shu kuni Toshkent shahridagi Botanika bog‘ida Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 74 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan urush va mehnat faxriylari taklif etildi.

Davlatimiz rahbari bayram tadbiriga kelgan urush va mehnat faxriylarining har biri bilan alohida salomlashib, hol-ahvol so‘radi. Ularga sihat-salomatlik, uzoq umr tiladi. Nuroniylar yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga farovonlik tilab duolar qildi.

Ramziy sahnada mashhur o‘zbek generali Sobir Rahimov qo‘mondonligidagi diviziyaning qahramonligi aks ettirildi. Prezident faxriylar bilan birga uni tomosha qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 74 yilligi bilan barcha faxriylarni, butun xalqimizni tabrikladi.

Bog‘da Ikkinchi jahon urushi davridagi kompozitsiyalar installyatsiyasi aks ettirilgan. Poyezd va harbiy texnikalar namoyish qilingan. Qo‘mondonlik shtabi, okop va blindajlar, tibbiyot punkti, dala oshxonasi qurilgan. Jang maydonlarida askarlarimiz ko‘rsatgan mardlik va jasorat, urushdan qaytmagan minglab yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasi, ota-bobolarimizning front orti mehnat faoliyati aks etgan.

Sahna ortidagi ulkan monitorda xalqimizning urush davrida ko‘rsatgan matonati va jasorati, yovqur o‘g‘lonlarning mislsiz qahramonliklari aks etgan lavhalar namoyish qilindi. Mardlik, Vatan, tinchlik tarannum etilgan shiorlardan yuraklar junbushga keldi.

Davlatimiz rahbari g‘alabaga katta hissa qo‘shgan barcha vatandoshlarimizning jasorat va matonatini yanada chuqur o‘rganish, ularning hayoti va faoliyati haqida yangi ilmiy tadqiqotlar, badiiy asarlar, kinofilmlar va spektakllar yaratish, yoshlarimiz qanday fidoyi insonlarning jasorati evaziga bugungi tinch va baxtli zamonda yashayotganini bilishi va buning qadriga yetishi zarurligini ta’kidladi.

Butun dunyoda millionlab insonlar umriga zomin bo‘lgan, mislsiz yo‘qotishlar, talafot va musibatlar keltirgan Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng dahshatli, eng qonli qirg‘in bo‘lganini hech kim unutmaydi. Urush arafasida O‘zbekistonda 6,5 million aholi yashagan. Urushda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq o‘zbekistonlikning yarim milliondan ziyodi halok bo‘lgani, yana qancha-qanchasi mayib-majruh bo‘lib qaytgani, qanchasi bedarak yo‘qolgani hisobga olinadigan bo‘lsa, bu g‘alaba xalqimiz uchun naqadar qimmatga tushgani yaqqol ayon bo‘ladi.

Xalqimizning urush yillaridagi chinakam matonat va jasorati butun insoniyat uchun ibratdir. O‘zbek xalqi jang maydonlaridan yurtimizga evakuatsiya qilingan bir millionga yaqin kishiga o‘z uyidan joy berdi. Ular orasidagi 200 ming bolani yuzlab o‘zbek oilalari “Sen yetim emassan”, deb o‘z panohiga olgan, oxirgi bir burda nonini ular bilan baham ko‘rgan. Toshkentlik Shomahmudovlar oilasi 14 nafar, kattaqo‘rg‘onlik Samadovlar oilasi 12, buxorolik Jo‘rayev va Ashurxo‘jayevlar oilasi 8 nafardan bolani o‘z bag‘riga olgan. Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan poytaxtimizdagi Xalqlar do‘stligi maydoniga toshkentlik temirchi Shomahmudovlar oilasi xotirasiga hurmat sifatida barpo etilgan haykal qayta o‘rnatilgani bu bag‘rikenglikning yana bir namunasidir.

Davlatimiz rahbari ayni vaqtda Toshkent shahrida G‘alaba bog‘ini barpo etish bo‘yicha loyiha-qurilish ishlari boshlab yuborilganini qayd etdi.

Albatta, bu bog‘ va uning tarkibida bunyod etiladigan Shon-shuhrat muzeyini me’moriy jihatdan eng go‘zal va mukammal loyihalar asosida yaratamiz. Bu muhtasham yodgorlik majmuasining ichki ma’no-mazmunini, muzey ekspozitsiyasini shakllantirishda biz muhtaram faxriylarimiz, tarixchi olimlarimiz, ijodkor ziyolilarimiz, keng jamoatchilikning fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalariga tayanamiz, dedi Prezident.

– 1943 yil urushga ketdim, – deydi Sirdaryo tumani Dehqonobod mahallasida yashovchi Xolqo‘zi ota Toshqo‘ziyev. – G‘alabadan so‘ng uzoq yillar kutubxonachi bo‘lib ishladim. Turmush o‘rtog‘im Mukarramxon bilan o‘n farzandni ulg‘aytirdik. Oltmishdan ortiq nevara-chevaramiz bor. U davrlarni eslash biz uchun azob. G‘alabaga hissa qo‘shgan o‘nlab quroldosh do‘stlarimiz xoki begona yurtlarda qolib ketdi. Ilohim u kunlar qaytib kelmasin.

Sahnada va ulkan monitorda Ikkinchi jahon urushi yillaridagi hayot aks ettirilgan lavhalar namoyon bo‘ladi.

… «Xotira mangu» kompozitsiyasi namoyish etiladi.


Mashhur suxandon Yuriy Levitanning urush boshlangani to‘g‘risidagi e’lonni o‘qigan ovozi yangraydi. Yigitlar Vatan himoyasiga otlanadi. Monitorda Ikkinchi jahon urushi voqealari tasviri aks etadi.

– O‘zbekistonda Xotira va qadrlash kuni nishonlanayotgani zamirida juda katta ma’no-mazmun bor, – deydi Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim. – Ikkinchi jahon urushi tugaganiga ancha bo‘ldi, lekin undan chiqariladigan saboq, xulosalar hali o‘z dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Bu esa g‘alabaning qadr-qimmatini yanada oshiradi. O‘zbek xalqi ana shu ulkan g‘alabaga munosib hissa qo‘shgani bilan faxrlanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida fashizmga qarshi kurashda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning xotirasini yod etish, ularning ruhi poklariga hurmat bajo keltirish zarurligini ta’kidladi. Darhaqiqat, xotira bugungi avlodni tinchlikni qadrlashga o‘rgatadi. Prezidentingiz, shuningdek, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mamlakatlar bilan hamkorligi bundan buyon ham mustahkamlanib borishini qayd etdi. Biz bu munosabatlarni g‘oyat qadrlaymiz. O‘zaro hamkorligimiz bundan keyin ham izchil taraqqiy etaverishiga ishonamiz.

Bayram dasturida atoqli shoir va san’atkorlarimizning she’r va qo‘shiqlariga keng o‘rin berilgani Xotira va qadrlash kuni mazmun-mohiyatiga mos tushgan. G‘afur G‘ulom qalamiga mansub «Sen yetim emassan» she’rining muallifdan yozib olingan parchalari eshittirilganda, qalblar larzaga keldi.

Alisher Navoiyning «Mubtalo bo‘ldim sanga», Muqimiyning «Ayrilmasin» g‘azallari, Kamtarning «Askar maktubi», Xayriddin Salohning «Meni eslagil», Isroil Vahobovning «O‘zbekistonim», Bulat Akudjavaning «Nam nujna odna pobeda», Yakov Galitskiyning «Siniy platochek» kabi she’rlariga bastalangan qo‘shiqlar yangradi.

Konsert harbiy orkestr va taniqli xonandalar ishtirokida davom etdi.

…Urush tugab, g‘alabaga erishilgani haqida Yuriy Levitan e’lon qiladi.

74 yil oldingi bu quvonch, surur yana bir bor tadbir ishtirokchilarini hayajonga soldi.

– Biz baxtli avlodmiz – shunday tinch-osoyishta mamlakatda yashayapmiz, – deydi Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti talabasi Gulruh Pardayeva. – Bunda bobo-buvilarimizning, barcha nuroniylarimizning hissasi beqiyos. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ularga g‘amxo‘rlik qilish, umrlarini uzaytirish uchun barcha sharoitlarni yaratish hammamizning farzandlik burchimizdir.

Urush yillarining ayanchli xotiralari, bugungi tinch-osoyishta hayot qadri aks ettirilgan badiiy dastur qatnashchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.

9 may – Xotira va qadrlash kuni mamlakatimizning barcha hududlarida keng nishonlanmoqda.

Ziyodulla JONIBEKOV, O‘zA