Yurakdan yozish kerak

2019-08-12T11:52:35+05:008 May, 2019|Umumiy yangiliklar|

Ijod ko‘ngil ishi, qalb amri. U hudud, makon tanlamaydi. Joriy yil 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kunida o‘tkazilgan jurnalistika sohasida «Oltin qalam» XIV Milliy mukofoti g‘olib va sovrindorlari ro‘yxatida «Do‘stlik» ordeni sohibasi, «Inson va qonun» gazetasining Navoiy viloyati bo‘yicha muxbiri Marusa HOSILOVA ham bor. U xalqaro hamkorlar ta’sis etgan nominatsiyalar bo‘yicha Xitoy Xalq Respublikasi elchixonasi tomonidan taqdim etilgan «Bir makon – bir yo‘l» loyihasi doirasidagi hamkorlik» mavzuiga bag‘ishlangan eng yaxshi material uchun mukofotga sazovor bo‘lgan. O‘zA muxbiri jurnalistga savollar bilan murojaat qildi.

– Nodavlat davriy nashrlar va xususiy telekanallarning nufuzi kundan-kunga ortib bormoqda. Sizningcha, xususiy nashr va telekanallar kishilarning ma’naviyatiga qanday ta’sir qilmoqda?

– Menimcha, biz «sariq» matbuot deb ataydigan davriy nashrlar o‘rnini veb-saytlar egallab bormoqda. Chunki, ushbu nashrlarda beriladigan “oldi-qochdi” ma’lumotlarni har lahzada ijtimoiy tarmoqlar, saytlar uzatib turibdi.

Xususiy telekanallar esa ayni damda davlat kanallari bilan raqobatga kirishgan. Ba’zan ularning qo‘li baland kelayapti ham. Sababi, xorij seriallarini qalashtirib, ketma-ket uzatyapti, ularni oilalarda xotin-qizlar bolalarini atrofida jamlab tomosha qilyapti. Bir ma’rakada sinfdosh do‘stlarim bilan to‘planib qoldik. Afsuski, erkaklarimiz ham shu “mashmashalarga to‘la” filmlarni ko‘rayapti.

Xususiy telekanallarning maqsadi reklama orqali biznesga qaratilganini oddiy xalqimiz qayerdan ham tushunsin?! “Boriga baraka”, desa televizorga kirib ketgudek bo‘lib tomosha qiladi.

O‘tgan yili Prezidentimiz O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Sohada katta o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Men aytmoqchi bo‘lganim, shoir, yozuvchilar va ular yaratgan asarlarni targ‘ib qilish alohida belgilandi. Davlat teleradiokanallari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Xususiy telekanallarda adabiy jarayonga oid biror ko‘rsatuvga ko‘zim tushmadi. Shou qilsayam sakkizta estrada xonandasi, bayram dasturi qilsayam, o‘shalar… Tonggi dasturdayam, tungi dasturdayam o‘sha-o‘sha … Adabiyotimizning zahmatkash ijodkorlari, yosh ijodkorlari chehrasini xalqqa tanishtirishga xizmat qiladigan dasturlar tayyorlansa, shu xalq uchun, yoshlarimiz ma’naviy olami uchun faqat foyda bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Albatta, butun boshli telekanallar faoliyatini qoralash noo‘rin, xalqqa manzur bo‘layotgan, davr muammolarini ochib berayotgan axborot-tahliliy ko‘rsatuvlar ham bor. Ammo bugun odamlar yengil-yelpi narsalarga qanchalik o‘ch bo‘lmasin, televideniye xoh xususiy bo‘lsin, xoh davlatniki jiddiy, salmoqli ko‘rsatuvlarni ko‘paytirishi kerak, OAV orqali insonlarni ma’naviyatga, odobga chaqirishni kuchaytirish lozim.

– Toshkentda o‘qigansiz, bugun bu yerda ijodiy muhit qaynaydi. Nega markazga intilmagansiz?

– Toshkentda biz talabalik davrimizda ham ijodiy muhit qaynar, adabiy jarayonlar qizg‘in edi.

Toshkent mudom menga yaxshi xotiralarni eslatadi. Chunki poytaxtda tahsil olishdek baxtga ham osonlikcha erishmaganman. O‘rta maktabni tugatganimdan so‘ng hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetiga o‘qishga hujjat topshirganman. Birinchi yil o‘qishga kirolmaganman. Navoiyga qaytganman. Hozirgi »Karmana ovozi» gazetasida oz muddat ishlab tajribamni oshirganman. So‘ng o‘qishga qabul qilindim. 1977-1982 yillar mobaynida talabalikning oltin davrini poytaxtning diqqatga sazovor ko‘chalarida, madaniyat va ma’rifat maskanlarida, yuz yoshni qarshi olgan muhtasham Milliy universitet kutubxonalarida o‘tkazganman. O‘qishni tugatib viloyatga qaytishga to‘g‘ri kelgan. O‘sha yillar Navoiy viloyati yangi tashkil etilayotgan edi. Biz kabi yosh kadrlarni viloyatga jo‘natishgan. Hududiy nashrlarni yanada takomillashtirishga o‘z hissamizni qo‘shganmiz. Oradan vaqtlar o‘tdi. Ijod qildik, yashadik. Oz bo‘lsada, viloyatimiz rivojiga o‘z ulushimizni qo‘shdik. Bundan afsuslanmayman. Toshkent esa men har qachon oshiqadigan, o‘ziga meni ohanrabodek jalb qiladigan maskan bo‘lib qolaveradi.

–Ijodni sevadigan, so‘zni qadrlaydigan tajribali jurnalist sifatida yoshlarga, endi ijod ostonasida turgan qalamkashlarga qanday maslahatlar berasiz?

–Avvalo, yoshlar ustozlar etagidan mahkam tutishlari, tajribali ijodkorlar sabog‘ini olishlari lozim, deb bilaman. Mening eng katta baxtim – yaxshi ustozlarning shogirdi ekanligim. Milliy universitetda o‘qib yurganimda ham, ish jarayonlarida ham salohiyatli ustozlarim bo‘lgan. Vohid Abdullayev, Ochil Tog‘ayev, Muxtor Xudoyqulov, Anvar Shomaqsudov, Tohir Pidayev, Abdurauf Rasulov, Najmiddin Komilov, Qosim Hasanov, Toshpo‘lat Hamidov, Umid Sattorov, Sa’dulla Hakim, Saydi Umirov, Abdusaid Ko‘chimov, Odil Hotamovlar meni har jabhada qo‘llab quvvatladi, o‘z tavsiyalarini berib charchashmadi. Hozir ham ular bergan o‘gitlarga mudom amal qilib kelaman.

Yoshlar o‘z yo‘lini topolmasdan, ijodning turli yo‘llarida omadi kelmasdan adashib yurishida faqat o‘zlari aybdor emas. Ularning ustozlari ham bunga sababchi. Ustoz shogirddan mehrini, vaqtini ayamasligi kerak. Ular yosh qalamkashlarning ijod namunasini tahrir qilishga, ko‘rib berishga hafsala qilishlari kerak. Ustoz yosh nihollarning to‘g‘ri o‘sishida ko‘mak bersa, ular ham tez orada ustozdek bo‘lishga intiladi. Bunga javoban yosh ijodkorlar ham yurakdan yozmog‘i, chin dildan ijod qilishi kerak.

Dilobar Mamatova.

Manba:O‘zA