Ko‘ksingizga “georgiy lentasi” emas, sharaf tasmasini taqing

2019-08-12T11:52:36+05:008 May, 2019|Hafta maqolasi|

Mamlakatimizda Xotira va Qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi. Fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga hissa qo‘shgan, Vatanimiz mustaqilligi uchun jonini, bor kuch-quvvatini ayamagan insonlarni xalqimiz aslo unutmaydi, ularning har biriga munosib hurmat-ehtirom ko‘rsatadi.

Qizig‘i, har yili ana shu go‘zal ayyomni nishonlashimizda ayrim yot g‘oyalarga duch kelamiz. Aniqrog‘i, ma’naviy tahdid, hatto Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabani ulug‘lash, front va front ortida mardonavor kurashib, matonat va jasurlik ko‘rsatgan qahramonlarni munosib e’tirof etish, xotirasini abadiylashtirishdek qadriyatlarimiz orasiga ham suqilib kirmoqda. Shulardan biri — Georgiy tasmasini ulashish aksiyasidir.

Qora-olov rang tasmaning bizga qanday aloqasi bor?

Ko‘cha-ko‘yda qora va olov rangli 5 ta hoshiyadan iborat tasmani ko‘ksi uzra taqqan yoxud avtomobilini shu lenta bilan bezatgan kimsalarga ko‘p duch kelamiz. «Georgiy lentasi» deya ataluvchi ushbu tasmaning bizga, yurtimizga nima aloqasi bor? Qolaversa, bog‘ichning Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaga yaqinligi nimada?

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bosh mutaxassisi, «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Feruza AZIMOVA bilan suhbatimiz ana shu savollar doirasida bo‘ldi.

Bayram mohiyatida ikkilanish paydo bo‘ladi

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu tasma aslida 1769 yilda ta’sis etilgan Avliyo Georgiy ordeni bilan bog‘liq. Uning ildizi Rossiya – Turkiya urushlariga borib taqaladi. Mazkur orden Turkistonga yurish boshlangandan keyin o‘lkamizda turli xunrezliklarni amalga oshirgan, o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, tojiklarning qonini to‘kkan rus ofitserlari, generallariga berilgan. Aholi tinchlik-osoyishtaligini buzgan, xalqlarni ozodlikdan mahrum etgan shaxslarning qilmishlarini o‘sha davrda Rossiya imperiyasi ma’muriyati Avliyo Georgiy ordeni bilan taqdirlagan.

2015-2016 yillarda Ukrainada sodir bo‘lgan fojialardan so‘ng ham ushbu aksiya yana avj olgan. Tadqiqotlar Avliyo Georgiy tasmasining Ikkinchi jahon urushiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasi yo‘qligini ko‘rsatadi. Shunday bo‘lsa-da, yaqin to‘rt-besh yildan buyon yurtimizdagi ayrim tashkilotlar Ikkinchi jahon urushida g‘alaba qozonilgan kun – 9 may arafasida Georgiy lentasi ulashish aksiyasini uyushtirmoqda. Bu esa mamlakatda 9 may – Xotira va Qadrlash kuniga bo‘lgan munosabatning ikkiga ajralishiga olib kelayotir.

Ayni fikrda tarafdorlar va rad etuvchilar ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda turli ko‘rinishdagi chiqishlar uyushtirishmoqda. Ushbu bo‘linishlarning oldini olish, xalqimizning Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan buyuk hissasini qadrlash, e’tirof etish, abadiylashtirish hamda tinchlik-osoyishtalikni, to‘kin-sochinlikni avaylab-asrash, vatanparvarlikni targ‘ib etish maqsadida xuddi shunga o‘xshash aksiya uyushtirishni vaziyat taqozo etmoqda.

Sharaf tasmalari hilpirab tursin

Shu jihatlarni e’tiborga olgan holda, joriy yilning 24 aprelida Vazirlar Mahkamasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Georgiy tasmasi ulashish aksiyasi keskin tanqid qilindi. Aksincha milliy qadriyatlarimizga asoslangan shunga o‘xshash aksiyani ommalashtirish zarurligi ta’kidlandi. Zero, Ikkinchi jahon urushi g‘alabasiga jasur va bag‘rikeng O‘zbekiston xalqining qo‘shgan ulkan hissasi tarix sahifalarida manguga muhrlangan.

Ayni tashabbus tufayli bugun mamlakatimizning turli hududlarida Sharaf lentasi ulashish aksiyasi keng joriy qilinmoqda. Jumladan, Respublika Ma’naviyat markazi, markaz qoshida ta’sis etilgan «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati ham mazkur harakatda faol qatnashdi, tarixiy g‘alabaning mohiyati keng targ‘ib qilindi. Qolaversa, yurtimizdagi boshqa tashkilotlar qatori Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi ham Ikkinchi jahon urushida mardonavor ishtirok etgan, g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan yurtdoshlarimizni xotirlash, tinchlik va osoyishtalikni qadrlashga bag‘ishlangan Sharaf tasmasi ulashish aksiyasini o‘tkazdi. Mamlakat bo‘ylab ana shunday keng tus olgan aksiyada hamyurtlarimiz bilan bir qatorda chet ellardan tashrif buyurgan turli millatga mansub sayyohlar ham faol qatnashishdi. Ayniqsa, Respublika Ma’naviyat markazi, markaz qoshida ta’sis etilgan «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan ishtirokchilarga badiiy-ma’rifiy kitoblar ham taqdim etilgani jarayonga mazmun bag‘ishladi.

— Poytaxtimizdagi Samarqand darvoza savdo majmuasiga ish bilan borsam, bir guruh tashkilotchilar xush kayfiyatda menga peshvoz chiqib, ko‘ksimga «Sharaf tasmasi»ni taqib qo‘yishdi, — deydi Toshkent moliya instituti talabasi Shahlo Ko‘palova. — Ana shu paytda g‘alabaga ulkan hissa qo‘shgan, insoniyatni qullik iskanjasidan qutqargan ota-bobolarimizdan faxrlanish tuyg‘usi meni qamrab oldi, g‘alaba yo‘lida qurbon bo‘lganlarning, Mustaqillik yillarida xalqimiz uchun jonini fido qilganlarning xotirasiga buyuk ehtirom keltirdim. Ana shunday hislar tufayli kursdoshlarimiz bilan yildan-yilga saflari siyraklashib borayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ziyorat etish, yumushlariga yordamlashishga qaror qildik.

Bizga faqat tinchlik va omonlik kerak

Butun dunyo xalqlarining ezgu orzusi, xohish-irodasi bitta — hech qachon, hech qanday shaklda urush qaytarilmasin. Bunday istak, bunday maqsad jahondagi barcha xalqlarning manfaatlariga hamohang. Chunki insoniyat urushni xohlamaydi. Bizning xalqimizga ham tinchlik va omonlik kerak. Faqat tinchlik va osoyishtalik bo‘lgan, mehr-oqibat, o‘zaro hurmat hukm surgan davlatda, jamiyatda farovon va baxtli hayot qurish, ezgu orzu-maqsadlarga yetishish mumkin. Shunday ekan, biz qurbonlar xotirasi oldida doimo ta’zim qilamiz. Ko‘ksimizdagi «Sharaf tasmasi» esa ana shu hurmatimiz ifodasidir.

Avliyo Georgiy kim?

Avliyo Georgiy Falastinning Rim mustamlakasidagi Lidda shahrida, taxminan milodiy 275 yilda tug‘ilgan. Milodiy 303 yilning 23 aprelida vafot etgan. Georgiyning otasi rim amaldori, onasi esa mahalliy nasroniy bo‘lgan. O‘sha davr an’analariga ko‘ra, Georgiy Rim armiyasida xizmat qilgan va ofitser darajasigacha ko‘tarilgan, 303 yilda esa uch marta qatl etilgan. Manbalarga ko‘ra, 303 yilning 23 fevralida imperator Diokletian Rim armiyasida islohotlar o‘tkazib, endi bu safda nasroniylarga o‘rin yo‘qligi haqida farmon chiqaradi. Yangilikdan xabar topgan Georgiy armiyada boshqa xizmat qilishni xohlamaydi va iste’foga chiqishni so‘rab imperatorga murojaat qiladi. Tabiiyki, Diokletian bunga izn bermay, yosh ofitserga nasroniylikdan voz kechishi uchun katta takliflar bildiradi.

Georgiy sobit turadi, uning o‘z e’tiqodiga qanchalar sodiqligini bilish maqsadida, imperator uni qatlga hukm qiladi. Qizig‘i, u ikki safar qayta tiriladi. Uchinchi bor o‘lim farmonida boshini tanasidan judo qilish ko‘rsatiladi. Shundan so‘nggina Georgiy boshqa uyg‘onmaydi. Georgiy lentasidagi ranglarda mazkur holat aniq-tiniq aks etgan: qora – to‘q sariq – qora – to‘q sariq – qora. Ya’ni Georgiyning o‘limi (qora), uning qayta tirilishi (sariq), galdagi o‘lim (qora), galdagi qayta tirilish (sariq) va oxirgi o‘lim (qora).

Georgiy tasmasi chuqur e’tiqod, qasamyod, e’tiqodning buzilmasligi ramzidir. Bu taxmin cherkov vakillariga qo‘l keladi. Aynan shu sababli Georgiy buyuk valine’mat nasroniy sifatida ulug‘lanadi.

Yulduz HOJIYEVA.

Manba: «Mahalla» gazetasi