So‘z izlab, so‘z topib, so‘zlarida qolib, el e’zozida bo‘lish baxt

2019-08-12T11:52:37+05:007 May, 2019|Umumiy yangiliklar|
Shunday kasblar borki, inson 24 soat tinmay ishlaydi. Bu sohada kishi faqat ruhiy orom oladi. Kechayu kunduz uyqu nima ekanini bilmaydiganlar — jurnalistlar. Ular ishda ham, uyda ham, ko‘chada ham yozish dardi bilan yashaydi, go‘yo bundan boshqa tashvishi yo‘qdek. Aslida, shunday ham. Bunday insonlarning qalb ko‘zi doim ochiq. Yozgani uchun birovdan maqtov yoki manfaat kutmaydigan jurnalist bo‘lish men uchun quvonchdan ham kuchliroq g‘urur.

Qoraqalpog‘istonning onlayn olamida yangiliklar tarqatish va xalqni aniq, ishonchli axborot bilan ta’minlash mening asosiy ishim. “Kar24.uz” sayti tashkil etilganiga ko‘p vaqt bo‘lmadi, ammo shu qisqa fursatlar ichida o‘z muxlislarini topa olganiga bugun aniq ishonyapman. Nega aynan bugun? Chunki muxlislar bizni yaxshi yozishga, Qoraqalpog‘istondagi voqea-hodislarni shaffof, tez va aniq yetkazishga undadi, shu o‘quvchilarni deb yozdik materiallarni va yozamiz. Sayt axborot tarqatish bilan birga jamiyatdagi muammolarni tanqidiy emas, tahliliy qalamga oladi, kamchiliklarni jurnalistik surishtiruvlar orqali yoritadi. El ardog‘idagi va oddiy insonlar bilan intervyuga kirishadi. O‘z o‘quvchilari va muhlislariga ega bo‘lgan saytning “ko‘chasida” bugun katta bayram, ya’ni axborot sohasida ko‘rsatayotgan ozgina xizmatimiz yuksak baholanganidan mamnunmiz.

Qoraqalpoqlarda “Yaxshining yaxshiligini ayt, ko‘ngli tog‘dek bo‘lsin”, degan purma’no gap bar. Vaqt va davr sinovidan o‘tgan bu gapga qo‘shimcha qilmoqchiman: ozgina jurnalistikaga qo‘shayotgan yaxshiligimizni inobatga olgan hakamlar va O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi xodimlari, hamkor tashkilotlarga tashakkur.

Endi “Oltin qalam” milliy mukofotiga munosib bo‘lishimiz kerak, balki shart ham. Barcha ijod xalqini mukofot bilan tabriklayman. Jurnalistlarning so‘z izlab, so‘z topib, so‘zlarida qolib, el e’zozida bo‘lishiga tilakdoshman.

Qumar BEKNIYaZOVA,

«Oltin qalam» XIV Milliy tanlovi

Internet jurnalistikasi yo‘nalishida 2-o‘rin sohibi,

Kar24.uz sayti bosh muharriri