Matbuotga ishonch “o‘lmagan”, uni tiklash mumkin

2019-08-12T11:52:38+05:006 May, 2019|Umumiy yangiliklar|

Jahon matbuoti erkinligi kuni. Aslida bu hammaning bayrami! Chunki matbuot jamiyatda yashovchi har bir insonga daxldor sohadir.

O‘tgan ikki yarim yil bizning soha uchun ham juda katta inqilobiy o‘zgarishlar davri bo‘ldi. Bu vaqt ichida dilimizga yillar mobaynida in qurgan hadik, xavotirdan qutula boshladik.

Muhim yo‘qotishlarimizdan biri — matbuotga ishonchu ehtiyojni susaytirib qo‘yganimiz. Shuni tiklash harakatidamiz. Biroq, bu oson kechayotgani yo‘q. Chop etayotgan gazetalarimizni o‘qish tabiiy ehtiyojga aylanishini istar ekanmiz, bu o‘zimizga ham bog‘liq.

Prezidentimiz takror-takror ta’kidlayotganidek, gazetalarimizda kuchli tanqidiy-tahliliy materiallar yetarli emas. Biz bu tanqidning zamirida davlatimiz rahbariga yelkadoshlik ishonchi turganini his etishimiz darkor, deb o‘ylayman. Biroq qo‘li ham, didi ham qotgan, ichki senzurasi haddan oshgan jurnalistlarimizga dadillik, tahlil va mohiyatni to‘g‘ri anglab, ifoda etish yetishmayapti.

O‘tgan davrda Kasaba uyushmalari hayoti bilan birga, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash kabi sohalardagi bir qator masalalarni ko‘tarib chiqdik, millat ma’naviyatining og‘riqli jihatlari bosh mavzularimizdan biri bo‘ldi, iqtisodiy yo‘nalishda ham qalam tebratishga, so‘z aytishga intildik.

«Xatolardan xoli bo‘lmagan ishlar», «Javob izlayotgan savollar», «Qadim qo‘lyozmalar qatidagi ganjinalar», «Keksalar faqat choyxonaga boradimi?», «Chiroqchiga xos ertak», «Tishing borida tishlab qol», «Kolumbda bor alamim manim», «Xalq ta’limi vaziriga ochiq xat» kabi o‘nlab maqolalar chop etildi. Ular bilan kimningdir dardiga malham, kimningdir qalbiga o‘t, kimningdir yuragida jamiyatga daxldorlik hissini soldik, deb ishonaman. Gazetalarimizda xalqimiz tashvishlari va quvonchlarini aks ettirishga harakat qilyapmiz.

Harakatlar, mehnatlar besamar emasligini ko‘ryapmiz ham. Gazetxonlardan kelayotgan xatlar, murojaatlardan ayon bo‘lmoqdaki, matbuotga ishonch “o‘lmagan”, uni kuchaytirish, barqaror tiklash mumkin!

Shu sabab, o‘tkir va uyg‘oq fikrga ega, islohotlarni tahlil etish qobiliyati bor chet mualliflar bilan ishlashning yangi mexanizmini joriy etdik. Qalam haqi — gonorarni oshirdik. Qo‘liga qalam olgan kishi biladi: dildagi fikr­larni, haroratni ifoda etishning mashaqqati og‘ir. Qolaversa, jamiyat fikrini shakllantirish, tafakkurni uyg‘otish mas’uliyati ham bor.

“Oltin qalam” XIV Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovida tahririyatlarimiz jamoasining matbuot sohasidagi eng yaxshi jurnalistik material uchun nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘ringa munosib ko‘rilishi bizga yanada katta kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi.

Husan ERMATOV,

«Oltin qalam» XIV Milliy tanlovi

matbuot yo‘nalishida 1-o‘rin sohibi

«Ishonch» va «Ishonch-Doveriye»

gazetalari tahririyati bosh muharriri.