«Oltin qalam» —24 soat mehnat mahsuli

2019-08-12T11:52:39+05:006 May, 2019|Umumiy yangiliklar|

«O‘zbekiston 24» teleradiokanali yangi davrimizning yangi telekanali sifatida nafaqat milliy, balki xalqaro mediamakonga ham shitob bilan kirib kelganiga ikki yil bo‘ldi. Teleradiokanal Prezidentimizning 2017 yil 2 maydagi «O‘zbekiston 24» informatsion-tahliliy teleradiokanali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan.

«O‘zbekiston 24» yurtimizning yangi tarixidagi keng ko‘lamli islohotlar, o‘zgarishlar va yangilanishlarning in’ikosi o‘laroq yuzaga kelgan muvaffaqiyatli loyihadir. Yangi institutsional tizim sifatida xalq bilan muloqot tamoyilining yo‘lga qo‘yilgani, aholi muammolari izchil o‘rganilayotgani va hal qilinayotganidan to davlat idoralari faoliyati ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, mamlakatimizning xalqaro maydondagi imijini yanada yaxshilash bilan bog‘liq barcha jarayonlar teleradiokanalimizda tezkor, izchil va ta’sirchan tarzda yoritilmoqda.

Aytish kerakki, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga uyg‘un holda «O‘zbekiston 24» teleradiokanalida ham sifat jihatidan tub yangilanishlar amalga oshirildi.

Biz «O‘zbekiston 24» teleradiokanali katta ijodiy salohiyatga ega, O‘zbekistonning yangi tarixini to‘laqonli yoritishga qodir jamoa ekanimiz bilan faxrlanamiz.

Butun xalqimiz davlatimiz rahbarining hududlarimizga tashriflarini intiq bo‘lib kutadigan bo‘lib qoldi. Chunki, muntazamlik kasb etgan bunday amaliy tashriflar hududlar hayotiga katta yangiliklar, odamlar hayotiga yengillik, farovonlik olib kirayapti. «O‘zbekiston 24» teleradiokanalida Prezidentimizning hududlarga tashrifini tezkor, sifatli va ta’sirchan yoritish borasida yangi yondashuvlar joriy etilmoqda va bu teletomoshabinlarga manzur bo‘layotganidan mamnunmiz.

Xorijiy ekspertlarning fikricha, Prezident Shavkat Mipziyoyevning sa’y-hapakatlapi tufayli O‘zbekiston dunyoga yorqin yuz ochmoqda. Bu fikrning isbotini davlatimiz rahbarining xorijiy mamlakatlarga tashriflarida ham ko‘rish mumkin. Xorijiy tashriflar nufuzli xalqaro telekanallar tajribasi va amaliyotiga mos ravishda, ular bilan hamkorlikda tezkor, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va yangicha yondashuvlar asosida yoritilayotgani tomoshabinlarning axborotga bo‘lgan ehtiyojini o‘z vaqtida qondirish imkonini berayapti.

“Obod qishloq” dasturi yurtimizning qiyofasini butkul o‘zgartirish barobarida odamlarning hayotga, kelajakka bo‘lgan ishonchlarini ham ijobiy tarafga o‘zgartirdi. «O‘zbekiston 24»telekanalida “Obod qishloq” dasturi doirasida butkul yangilangan manzillar — Jizzax viloyatining Manas qishlog‘i, Mirzacho‘l tumani, Andijon shahri Mustaqillik mahallasi, Surxondaryo viloyatining Sangardak qishlog‘i, Samarqand viloyatining Jom qishlog‘i, Navoiy viloyatining Tomdi tumani, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qoraqalpog‘iston ovulida olib borilgan qurilish-bunyodkorlik ishlari muntazam ravishda izchillik bilan yoritilmoqda.

Poytaxt Toshkent shahri, garchi barchaning havasi keladigan shahar bo‘lsa-da, uning shunday go‘shalari bor ekanki, ulardagi ahvolni ko‘rib achinib ketasiz. “Obod mahalla” dasturi doirasida «O‘zbekiston 24» telekanalida mazkur kamchilik bor bo‘yicha ko‘rsatildi. Jumladan, ko‘pqavatli uylardagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarining xom-xataligi, ichki ko‘chalar, yo‘laklarning ta’mirtalabligi, obodonlashtirish ishlarining o‘lda-jo‘ldaligi, haligacha tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi yoki pasporti yo‘q holatda yashayotgan keksalar, suv, elektr, gaz ta’minotidagi uzilishlar, foydalanilgan kommunal xizmatlar haqini hisoblashdagi tushunmovchiliklar – barchasi ochiq-oydin tahlil qilindi.

Ta’kidlagim keladiki, teleradiokanalimiz biror muammoga jamoatchilik e’tiborini qaratar ekan, uning yechimini ham nazardan qochirmaydi. Masalan, poytaxtimizning Choshtepa mavzesida qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylarni, Toshkent shahridagi kanal va anhorlar holati tubdan o‘zgarayotganini ko‘rib, bunda jamoamizning ham hissasi borligidan xursand bo‘lamiz.

Muhimi, xodimlarimiz o‘z kelajagi, ijodiy yuksalishi, hatto oilasining baxti va farovonligini teleradiokanalimiz rivojida ko‘radi. Inchunun, jamoamiz o‘z tajribasi va salohiyatiga tayangan holda, doimiy izlanishda va yuksak marralarni ko‘zlab ijod qilmoqda. Jamoamizning “Oltin qalam” XIV Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda Bosh Milliy mukofotiga sazovor bo‘lishi bizga yanada katta ilhom beraveradi.

Madamin SAFAROV,

“Oltin qalam” XIV Milliy tanlovi

Bosh Milliy mukofot sohibi

“O‘zbekiston” 24” teleradiokanali

direktori.