Ishonchni bugun ham, ertaga ham oqlashim kerak

2019-08-12T11:52:39+05:006 May, 2019|Umumiy yangiliklar|

Jurnalistika men uchun o‘z ixtiyorim bilan tanlagan ardoqli kasb. Ilgari suhbatlarimdan birida: “Jurnalist bo‘lish — bir umr talaba bo‘lish, o‘qish, o‘rganish”, degan edim. Har kuni biror manbani ko‘rib chiqmasam, biror voqea yoki hodisa mohiyatini o‘rganmasam, ikki-uch qog‘oz narsa qoralamasam, ko‘nglim o‘rniga tushmaydi.
Matbuotda ancha-muncha ishladim, ozmi-ko‘pmi tajriba orttirdim, jurnalist sifatida dunyo mamlakatlarini kezdim, o‘zim tahsil olgan oliy o‘quv yurtida yigirma yildan beri bo‘lajak kasbdoshlarimga saboq beraman. O‘ndan ortiq kitob¬larim chop etildi. Biroq hayotda yuz berayotgan o‘zgarishlar, kechayotgan murakkab jarayonlar, odamlar ong-tafakkuridagi evrilishlar, umuminsoniy muammolar shu qadarki, ular oldida esankirab qolish hech gap emas. Tinimsiz izlanish, yangi mavzu va talqinlarga qo‘l urish, xulosa chiqarish zarur.
Jurnalistika bir hamla bilan zabt etiladigan tepalik emas. U boshqa ko‘p sohalar kabi fidoyilikni, adog‘i ko‘rinmaydigan zahmatli mehnatni talab etadi. Butun hayotingni, o‘y-hayollaringni qog‘oz-qalam ixtiyoriga topshirishing, mavzular, muammolar girdobida harakat qilishing, kutilgan-kutilmagan to‘siqlardan peshonangni g‘urra qilmay o‘tishing kerak. Yillar ortda qolgani sari matbuot oldida yangi-yangi vazifalar paydo bo‘laveradi. Gazetxon atalmish har yangi avlod sendan yangi so‘z, yangi fikr, voqea-hodisalarning rost va xolis talqinini, ta’sirchan so‘z va iboralarni kutadi. Busiz gazetxonni o‘zingga jalb qila olmaysan, so‘zingga ishontirolmaysan. Gazeta va gazetxon o‘rtasida o‘zaro ishonch ko‘prigi qurilmas ekan, ishda unum bo‘lmaydi.
Bir vaqtlar yozishdan ko‘ra mavzu topish, senzura to‘sig‘ini xatlab o‘tish murakkab ish edi. Bugun-chi? Mavzu deganingiz yopirilib kelmoqda. Matbuotimiz erkinlik, turfa fikrlilik tomon yuz burdi. Jamiyatda sog‘lom tanqidga nisbatan munosabat o‘zgardi. Yaxshi tomonga, albatta. Davlatimiz rahbarining tashabbuslari, amaliy ishlari, xalq ko‘ngliga qarab ish tutish uslubi nainki bizlarni, olis mintaqalardagi ijodkor hamkasblarimizni ham ruhlantirmoqda. O‘zbekiston dunyo uchun hech qachon bugungidek jozibador, qiziqarli bo‘lmagan. Bunday paytda ijodkorning qo‘l qovushtirib turishini tasavvur qila olmayman. Chunki, matbuot, ayrimlar o‘zlaricha bir nimalarni pisanda qilishmasin, baribir, jamiyat hayotida bundan keyin ham o‘zining baland mavqeini saqlab qoladi. Gazeta-gazetxon muloqoti davom etadi. Jurnalistika yurtning ma’naviy qudratini yuksaltiradi, irodasini mustahkamlaydi. Buning uchun esa…
Bugun menga matbuot sohasidagi nufuzli mukofotlardan biri topshirilgan ekan, muhtasham zalni to‘ldirib o‘tirgan kasbdoshlarim orasida ko‘plab shogirdlarim o‘tirganidan ham shodlandim, ham hayajonlandim. Ustoz sifatida men ularning ishonchini bugun ham, ertaga va undan keyin ham oqlashim kerak. Vaqt hech kimni ayab o‘tirmaydi. Binobarin, kechagi kun bilan yashab ham bo‘lmaydi.

Ahmadjon MELIBOYeV,
«Oltin qalam» XIV Milliy tanlovi
matbuot yo‘nalishida 1-o‘rin sohibi,
“Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri.