“Matbuot erkin bo‘lmasa, u jurnalistika emas”

2019-08-12T11:52:39+05:006 May, 2019|Umumiy yangiliklar|

Erkinlik yaxshi, insonni rivojlantiradi, jamiyatni rivojlantiradi. Erkinliksiz ijod bo‘lmaydi. U muammolarni yuzaga olib chiqishga yordam beradi. Bugun ushbu yuksak mukofotning Xalqaro press-klubga topshirilishi jurnalistikaning chin ma’nodagi erkinligidan dalolatdir. Press-klubda senzura yo‘q, ta’qiqlangan mavzular yo‘q barchasi — ochiq-oydin. Bu esa albatta, oxirgi ikki yarim yil davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan katta siyosiy kursning samarasi deb bilaman. Chunki erkin matbuot mamlakatimizda yuritilayotgan siyosatning muhim qismidir. Bu mukofotning klubimizga topshirilishi esa bizning to‘g‘ri yo‘lda ekanimizni, bajarayotgan ishlarimiz to‘g‘ri ekanidan yana bir dalolatdir.

Fransuz yozuvchisi, Nobel mukofoti sohibi Alber Kamyu ta’rifiga ko‘ra, “erkin matbuot yaxshi yoki yomon bo‘lishi mumkin, ammo erkin bo‘lmagan matbuot faqatgina yomondir”. Yozuvchining ushbu fikriga qo‘shilmayman. Chunki erkin matbuotdan boshqacha matbuot bo‘lishi mumkin emas. Matbuot erkin bo‘lmas ekan, uning umuman jurnalistikaga aloqasi yo‘q.

Xalqaro press-klubda biz aynan shunday erkin jurnalistikani yaratmoqdamiz. U jurnalistlar va hukumat, parlament, boshqa hokimiyat organlari o‘rtasidagi interaktiv muloqot maydoniga aylangan. Press-klub sessiyalariga kelgan rahbarlar, jurnalistlar va tomoshabinlar hech qanday cheklovlarsiz, o‘z fikrini bildirishi mumkin. Har holda, biz ularni shunga chaqirmoqdamiz. Ularning so‘z erkinligi faqatgina o‘zlarining ichki senzuralari bilan chegaralanishi mumkin, xolos. Yurtimizdagi barcha jurnalistlarga qarata aytmoqchimanki, erkin, dovyurak, jasur bo‘lish kerak! Hozir jamiyat bizdan aynan shu dadillikni kutmoqda!

Sherzod QUDRATXO‘JAYeV,

Jurnalistika sohasida «Oltin qalam»

XIV Milliy tanlovi Bosh mukofot g‘olibi

Xalqaro press-klub rahbari