Mirzo Tursunzodaning do‘stlik ibrati

2019-08-12T11:53:05+05:002 May, 2019|Umumiy yangiliklar|

Agar o‘zbek va tojik xalqlarining do‘stlik, alalxusus adabiy aloqalari xususida gap ketsa, biz – qalamkashlar so‘z topishga aslo qiynalib o‘tirmaymiz. Zero, buning uchun uzoq tarix, ko‘p asrlik qardoshlik an’analarini qo‘yavering, yaqin o‘tmishimiz tarixini varaqlasak, ibratbaxsh misollar bisyor.

 

Bu tarixda unikal va noyob hodisa. Birgina atoqli shoir Mirzo Tursunzodaning o‘zbek adiblari bilan do‘stligi, O‘zbekistonga bo‘lgan cheksiz mehru muhabbati haqida soatlab so‘z yuritish mumkin. U o‘tgan asrning 20 yillarining oxirlarida Toshkentda faoliyat yuritgan Tojik dorulmuallimini tugatdi, Abdulla Qodiriy, Oybek, G‘afur G‘ulom kabi o‘zbek adiblari suhbatlarida bo‘ldi. O‘zbek tili va adabiyotidan mukammal boxabar ziyoli edi.

 

U kishining akademik shoirimiz G‘afur G‘ulom bilan haqiqiy do‘stligi dostonlarga munosib robita, buyuk ijodiy maktab. Bu haqda yaxshisi G‘afur G‘ulomning qizi Olmos opa hikoya qilishi ma’qulroq. Zero Olmos opa bu ikki do‘stning ajoyib suhbatlariga guvoh bo‘lgan. Darvoqe, Olmos opa Tursunzodaning ismini hamisha Mirzo tog‘am, deb tilga oladi.

 

Yaqinda 100 yillik to‘yi nishonlangan atoqli shoirimiz Hamid G‘ulomning xotiralarida Mirzo Tursunzodaning chinakam ajoyib inson va buyuk shoir ekanligi qayta-qayta takrorlangan.

 

“Tursunzoda Toshkenti sevar edi. U bizning shahrimizda tahsil ko‘rdi, keyin to umrining oxirigacha tez-tez kelib turdi. Mirzoning Osiyo va Afrika yozuvchilari Toshkent konferensiyasiga, G‘afur G‘ulom yubileyiga, yana boshqa o‘nlab yig‘inlarimizga kelgani, qizg‘in suhbatlarda tonglar ottirganimiz esimda”, deb yozadi Hamid G‘ulom.

 

1981 yili Tojikistonda O‘zbekiston adabiyoti va san’ati dekadasida ishtirok etgan H.G‘ulom do‘stining qabrini ziyorat qilar ekan “Endi Mirzo Tursunzoda oramizda yo‘q. Men uning qabri yonida sukut saqlab turar ekanman, Dushanbeda o‘tgan qaynoq yoshlik kunlarimni eslayman…” deb qayd etadi. Bu so‘zlarni bejiz aytmagan H.G‘ulom. Chunki, Hamid ota 1937 yili Toshkent shahrida millatparvar o‘zbek ziyolilari boshiga kelgan kulfatlar – repressiyani ko‘rib, bir muddat Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida yashashga majbur bo‘ladi. U yerda ko‘plab do‘stlar topadi, o‘zbek tilidagi gazeta bilan hamkorlik qiladi, o‘zbek tilidagi radioeshittirishlarining birinchi diktori sifatida faoliyat yuritadi. Toshkentda boshlangan do‘stlik rishtalari Dushanbe shahrida mustahkamlanadi.

 

Tojikiston Yozuvchilar uyushmasining yosh raisi bo‘lgan Mirzo Tursunzoda uyushma qoshida o‘zbek sho‘’basi tashkil etish ishida H.G‘ulomni jalb etadi. H.G‘ulomning “Vafoning uzun yo‘li” hujjatli qissasida uyushma yig‘ilishida manzarani tasvirlab quyidagilarni yozgan: (Do‘stoni aziz, deb tojik tilda so‘z boshlagan Tursunzoda darhol o‘zbek tiliga o‘tdi) – Aziz do‘stlar, men Toshkentda, Tojik pedagogika institutida tahsil ko‘rganman. G‘afur G‘ulom, Oybek, Hamid Olimjonlar bilan ko‘p marta muloqotda bo‘lganman. G‘afur aka: “O‘zbek bilan tojik bir onaning qornidan talashib tushgan”, deydilar. Darhaqiqat, bizlar bir xalqning farzandlari, bir Vatanning jigarbandlaridirmiz”.

 

Adib eslagan yig‘ilishda Yozuvchilar uyushmasi huzurida O‘zbek adabiyoti sho‘’basi tashkil etiladi va bu voqea munosabati bilan birinchi bo‘lib do‘stlik bulog‘idan suv ichgan yana bir ulug‘ adib Sadriddin Ayniy hammani tabriklaydi.

 

Yig‘ilish mushoiraga aylanadi. Hamid G‘ulom “Varzob qaynaydi” sarlavhali she’rini va Tursunzoda istagi bilan tarjimalarini o‘qib beradi. Mushoirani Mirzo Tursunzoda yakunladi, yozadi u. – U ishq, vafo haqidagi takrorlanmas go‘zal g‘azallaridan o‘qidi. Men ilgari Usmon Nosirning dilgir va ravon ovozini ko‘p eshitganman. Tursunzodaning ovozi ham xuddi o‘shanday ravon va dilgir – qalb tubidan yangrab chiqadi. Ajabo, bu ikki shoirning yoniq ko‘zlari, otashin nafasi ham bir-biriga juda o‘xshaydi.

 

Mana shu holatlarning ifodasi ham Mirzo Tursunzoda kimligini, o‘zbek xalqiga mehri boshqacha ekanidan dalolat beradi. Shoirning G‘afur G‘ulomga bag‘ishlab “Barno yigit”, Zulfiyaga atab “Marhabo” nomli yozilgan she’rlari ham so‘zimizning isbotidir. Shu tariqa, o‘zbeklar, O‘zbekiston diyori mavzusi Mirzo Tursunzoda she’riyatida alohida o‘rin tutadi. Atoqli shoir buyuk ajdodlarimiz Mavlono Jomiy va Hazrat Mir Alisher Navoiylar poydevori – oltin g‘ishtdan qo‘yilgan do‘stlik umrini oxirigacha tarannum etgan. Ushbu maslakni keyingi avlod shoirlari zullisonayn adiblar O‘lmas Jamol Dushanbe shahrida, Jonibek Quvnoq esa Toshkentda davom ettirdi. Bugun esa, ushbu an’ana yangi mazmunda, yangi jiloda davom etmoqda. Shoirlarning ibrati esa, ikki xalq do‘stligiga xizmat qilmoqda.

Shoqahhor Salimov,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy

uyushmasi yetakchi mutaxassisi

O‘zA