Mushtariy nega “Farg‘ona haqiqati” gazetasini o‘qimay qo‘ydi?

2019-08-12T11:53:05+05:002 May, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi har oyda biron bir OAV ijodiy faoliyatining tahliliga bag‘ishlangan sayyor seminarlar o‘tkazib keladi. Bu gal Farg‘ona viloyati hokimligi muassisligidagi “Farg‘ona haqiqati” gazetasi tahlili seminar mavzusi bo‘ldi. Quyida “Farg‘ona haqiqati” gazetasining 2018-2019 yillardagi tahlamlarini varoqlagan, o‘rganib chiqqan “Yangi Farg‘ona” gazetasi bosh muharriri Azizbek Ermatovning fikrlari bilan tanishasiz.

***

“Farg‘ona haqiqati” gazetasi Farg‘ona viloyati hokimligi muassisligida chop etiladigan ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy nashr. Gazeta A2 formatda, ofset usulida, 1- va 4-sahifalari to‘rt xil, 2- va 3-sahifalari 2 xil rangda haftasiga ikki marta chop etiladi. 1917 yil 14 oktyabrdan chiqa boshlagan gazetaning shu kunga qadar 24 ming 316 ta soni o‘quvchilar qo‘liga yetib borgan.

O‘tgan 2018 yil davomida tahririyat tomonidan gazetaning 104 ta soni tayyorlanib, chop etilgan. Gazetaning 2018 yil boshidagi adadi 10 ming 300 nusxadan ortiq. Yil yarmida 8 ming 900 nusxada chop etilgan gazeta yilning 4-choragida 4 ming 334 nusxaga tushib qolgan. 2019 yilda, ya’ni bugunga kelib esa 3 ming 200 ta nusxada chop etilmoqda. Surxondaryo, Samarqand, Andijon kabi viloyatlarda hokimlik nashrlari 15-20 ming adadda chiqmoqda. Umuman, respublika bo‘yicha viloyatlar bosh rasmiy nashrlarining o‘rtacha tiraji 10 ming nusxani tashkil etmoqda. Buni “Farg‘ona haqiqati”ning bugungi adadi bilan taqqoslasak, o‘rtacha umumiy tirajdan 3 baravar kamligi oydinlashadi. Xo‘sh, nega farg‘onaliklar “Farg‘ona haqiqati” gazetasini o‘qimay qo‘ydilar?

Ayni paytda tahririyatda 27 nafar xodim faoliyat yurityapti. Ularning 13 nafari ijodiy, 14 nafari esa texnik xodimlar. Tahririyat o‘z binosiga, 3 ta xizmat avtomashinasiga ega. Jurnalistlar foydalanuvida 17 kompyuter jamlanmasi, noutbuk, diktafon, fotoapparat va nusxa ko‘chirish uskunasi mavjud.

O‘zining bir asrdan ortiq tarixiga ega gazetaga turli yillarda ustoz jurnalistlar muharrirlik qilgan va “Farg‘ona haqiqati”ning o‘ziga xos ijod maktabi yaratilishiga munosib hissa qo‘shishgan. Gazeta ijodiy jamoasi mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotidagi islohotlar mazmun-mohiyatini xalqimizga yetkazishda faol ishtirok etgan va etmoqda. Bugun tahririyatda uzoq yillik tajribaga, yuksak jurnalistik salohiyatga ega bo‘lgan ustozlarimiz, hamkasblarimiz qalam tebratishmoqda. Tahririyat o‘z vaqtida “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda bosh mukofotni qo‘lga kiritgan. Tahririyatning ko‘plab xodimlari davlatimizning yuksak mukofotlari, esdalik nishonlari bilan taqdirlanishgan. Viloyat va respublika miqyosida o‘tkazilayotgan turli tanlovlarda sovrindorlar safidan o‘rin olishgan. Bu kabi yutuqlar gazeta jamoasining qanday ijodiy salohiyatga ega ekanligini ko‘rsatib turibdi.

Bugungi kunda tahririyatda Ma’mura Abdurahimova, Botir Omon, Dilnavoz Qo‘ldosheva kabi iste’dodli jurnalistlar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ularning turli mavzulardagi maqolalari gazetxonlarning e’tiborini qozongan. Xususan, M.Abdurahimovaning “Farg‘ona san’atining nufuzini kim ko‘taradi?” (2018, 5 yanvar), “Qaytishing alamli bo‘lmasin”, “Yigirma ikkinchi bahor xazoni” (2018, 3 mart), “Ziyoratgohlarga e’tibor ajdodlarga ehtiromdir” (2018,2 iyun), “Soxta tariqatga kimlar ergashadi?” (2018, 7 iyul) kabi maqolalarida jiddiy mavzular qalamga olingan. Tili ravon, mantiqiy xulosalar asosli.

Shuningdek, gazeta sahifalarida viloyatda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, sohalardagi islohotlar, voqea va yangiliklar imkoniyat darajasida o‘quvchilarga yetkazilishiga harakat qilinganligi ko‘rinib turibdi.

***

Sir emas, keyingi ikki yil davomida mamlakat miqyosida aksariyat OAVning qiyofasi, mazmun-mohiyati keskin o‘zgardi. Internet saytlari, jumladan rasmiy manba – O‘zbekiston Milliy axborot agentligi ham tubdan o‘zgardi, faollashdi. Materiallar soni, sifati va eng muhimi, mazmun-mohiyati yangilandi. Tanqidiy-tahliliy materiallar salmog‘i ortdi. Ilgari aytishga istihola qilingan gaplarning, mavzularning aksariyati bugun ekranga, gazeta sahifalariga, internet saytlariga ko‘chyapti. Davlatimiz rahbari ham bir necha marta jurnalistlar faol bo‘lishi, tanqidiy-tahliliy maqolalarni ko‘proq yozishi, ko‘proq shunday yo‘nalishdagi ko‘rsatuvlar tayyorlashi zarurligini, umuman amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ko‘makchi bo‘lishlari kerakligini ta’kidladilar.

Ammo “Farg‘ona haqiqati” zamon bilan hamqadamlikdan ortda qoldi. Negadir “Farg‘ona haqiqati” sahifalarida tanqidiy-tahliliy materiallarning kamligi ko‘zga tashlanadi. 2018 yil davomida gazetaning 104 soni chop etilgan bo‘lsa, faqatgina 2 ta sonda tanqidiy maqola berilgan. Birinchisi, gazetaning 2018 yil 17 yanvar kungi 4-sonidan o‘rin olgan Botir Madiyorovning “Aldagani bola yaxshi…mi?” sarlavhali maqolasi. Maqolada Qo‘shtepa tumanidagi 35-maktabgacha ta’lim muassasasining achinarli holati, bu muassasada zudlik bilan hal etilishi zarur bo‘lgan muammolar atroflicha tahlil qilingan. Mazkur muammo gazeta sahifalarida yoritilgach, maqolaga qanday munosabat bildirilgani, bog‘chada qanday o‘zgarishlar qilingani yoki qilinmagani xususida ham chiqish qilinganda maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Shu joyda bir jihatga ham e’tibor berish kerakka o‘xshaydi. Botir Madiyorovning tanqidiy maqolasi bilan yonma-yon Dilnavoz Qo‘ldoshevaning “Bolalar bog‘chalari eng zamonaviy ta’lim-tarbiya maskanlariga aylanadi” sarlavhali axboroti joylashtirilgan. Tanqidiy maqolada bog‘chada hatto qo‘l yuvish uchun suv yo‘qligi ta’kidlangan va menimcha, bu to‘g‘ri ta’kid va tanqid bo‘lgan. Shu maqolaning yonidagi axborotda esa viloyatdagi 642 ta MTMning barchasi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangani qayd etilgan. Qanday izoh berishga hayronsan..

Ikkinchi tanqidiy fikrlar qisman o‘rin olgan maqola Kamola Polvonova muallifligida 26 may kungi sonida “Mavsumga oz fursat qoldi: oromgohlardagi taraddud” sarlavhasi ostida chop etilgan. Unda viloyatimizdagi ayrim bolalar oromgohlari yoz mavsumiga yetarli darajada tayyorgarlik ko‘rmagani o‘rinli va asosli tanqid qilingan. Bu maqola bo‘yicha ham mutasaddilar munosabatiga yoki ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha qilingan ishlar haqidagi keyinchalik ma’lumot berilmadi.

Yil davomidagi tanqidiy maqolalar shu xolos. Umuman, gazetada janrlar imkoniyatlaridan unumli foydalanilmagan. Asosan, rasmiy axborotlar, tadbirlardan xabarlar va statistik hisobotlar bilan cheklanib qolingan.

***

Gazetanining 2018 yil 2 fevraldagi 9-sonida “Ijtimoiy-ma’naviy muhit barqaror bo‘lishi zarur” sarlavhali material berilgan. Rishton tumanidagi mahallalar va oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika ishchi guruhining 5 kunlik faoliyatiga bag‘ishlangan maqola hajman juda katta, 1-,2-,3-sahifalarning asosiy qismini egallagan. Aksariyat qismi hisobot va statistikadan iborat. Nazarimda ishchi guruhning qilingan ishlar bo‘yicha hisobotidan ko‘ra, mana shu o‘rganishlar oddiy odamlar hayotida, kundalik turmushida qanday o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi, ularning og‘irini yengil qildimi, degan savollarga hayotiy misollar bilan javob berilganida maqolaning ta’sirchanligi va o‘qishliligi ortardi.

Shu maqolada “…murojaatlar bilan ishlashning o‘ziga xos yangi – samimiy shakli yaratildi” deyilgan. Bu o‘rinda shakl bilan samimiy so‘zini qo‘llash o‘rinlimi? Nahotki shakl samimiy yoki nosamimiy bo‘lsa?

Yana shu maqolaga Rishton tumanidagi Dashti Pandigon MFY aholisining tashakkurnomasi ilova qilingan. Tashakkurnoma shunday jumla bilan boshlangan: “Biz Rishton tumani Dashti Pandigon qishloq aholisi va hududdagi fermer xo‘jaligi rahbarlari nomidan qishlog‘imizda joylashgan 150-sonli drenajni ta’mirlashda, ya’ni ushbu drenajga yangi nasos ajratib ta’mirlab berishga amaliy yordam so‘rab qilgan murojaatimiz inobatga olinib, 150-sonli drenajga yangi nasos o‘rnatilib, ta’mirlandi va suv chiqarilishi ta’minlandi.”

Oddiy o‘quvchi bu mujmal jumlalardan nimani tushunishi mumkin?

Gazeta sahifalarida soliq yangiliklarini berib borish yo‘lga qo‘yilibdi. Bu o‘quvchilarning soliq sohasiga oid huquqiy bilimlarini oshirishda yaxshi samara berishi aniq. Lekin kichik yangiliklarga qo‘yilayotgan sarlavhalar juda uzun, nazarimda. Masalan, “Yuridik shaxslar yer solig‘ini har oyda to‘laydi, u bo‘yicha hisob-kitobni 10 yanvargacha topshiradi” yoki “Eksport qiluvchi korxonalar uchun soliqlar stavkalarining kamaytirilishi 2018 yilning 1 aprelidan bekor qilinadi” kabi sarlavhalar. Shularni sarlavha deyish o‘rinlimi?

Gazetaning 22 avgust sanasidagi sonida gazeta bosh muharriri A.Teshaboyevning “Barcha fuqarolar diqqatiga” rukni ostida “O‘zbekistonda “Har bir oila – tadbirkor” dasturi amalga oshirilmoqda” sarlavhali material berilgan. Jurnalistikaning qaysi janriga oidligini tushunib bo‘lmaydi. Ushbu materialda indyuk, bedana, broyler jo‘ja, so‘qimga qoramol boqish bo‘yicha tavsiyalarni bir mavzu, bir sarlavha ostida bir-biriga bog‘lashga harakat qilingan. Materialda negadir misol tariqasida Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi fuqaroning oilaviy tadbirkorligi keltirilgan. Yana bir joyda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani “Qilchinoz” ovulida yashovchi Iskandar Matyoqubovning issiqxonasi haqida so‘z boradi. Vaholanki, viloyatimizda ham oilaviy tadbirkorlikni namunali tarzda yo‘lga qo‘ygan fuqarolar ko‘plab topiladi. Yoki maqola boshqa gazetadan ko‘chirib olinganmi, bilmadi.

Gazeta sahifalarida paxta mavsumini yoritishga yondashuvni ham biroz o‘zgartirish kerakka o‘xshaydi. Chunki, mamlakatimiz agrar sohadan sanoatlashish tomon yuz burdi va bugun iqtisodiyotimizning asosiy qismini sanoat va kichik biznes tashkil etmoqda. Paxta milliy boyligimiz, degan tushunchalar asta-sekin iste’moldan chiqib ketyapti. Markaziy nashrlar allaqachon bu mavzuni, mana shunday yondashuv bilan yoritishdan voz kechib bo‘ldi.

Mavsumga oid rasmlar ham bir xil – qo‘lida paxta ushlab turgan, ayrimlari hatto chakkasiga ham paxta taqib olgan, bir necha erkak va ayollar suratkashga qarab kulib turibdi. Shu bir xil ko‘rinishdagi suratlar gazetaning ketma-ket 5-6 sonida, birinchi sahifada berilgani tushunarsiz.

Yanvar oyida ikki marta, avgust oyida bir marta Ahmadali Teshaboyevning viloyat hokimi Sh.G‘aniyev bilan suhbati uyushtirilgan. Viloyatning birinchi rahbari fikrlarini gazeta orqali o‘quvchilarga yetkazish yaxshi an’ana. Lekin intervyular asosan, o‘quvchini zeriktiradigan raqamlar va ma’lumotlar bazasidan iborat bo‘lib qolgan. Vaholanki, viloyatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning natijasini oddiy odamlar hayotiga bog‘lab, hayotiy misollar bilan o‘quvchiga yetkazish mumkin edi.

2018 yilning 8 avgust sonida A.Teshaboyevning viloyat hokimi bilan “Mamlakatimizda hududlarni rivojlantirishning yangi tizimi amalga oshirilmoqda” sarlavhali yana bir suhbati e’lon qilingan. Ma’lumotlar bazasidan iborat suhbat mazmun jihatidan gazetxonni zeriktiradi. Suhbatda nechta ishchi guruh, nechta sektorlar haqida uzoq va avvalgi sonlarda chop etilgan maqolalarda takrorlangan ma’lumotlarni keltiradi.

Quruq raqamlar, fuqarolarning ism-familiyalari qayd etilgan nuqtali vergullardan iborat hissiz matnlar jurnalistikaning biror janriga mos emas.

Viloyatda amalga oshirilayotgan islohotlarga, viloyatni kompleks rivojlantirishga oid ma’lumotlar, raqamlar, statistik hisobotlar ham mualliflar imzosi bilan berilgani tushunarsiz. E’tiboringizni 2018 yil 15 dekabrdagi 100-soniga qaratamiz. Bu sonda ham bosh muharrirning o‘zi “faollik ko‘rsatyapti”. “Farg‘ona barqaror rivojlanish yo‘lida” sarlavhali 6 ustunli maqolada 258 ta raqamni sanadik. Xo‘sh, o‘quvchi bu buxgalteriya hisobotiga o‘xshash maqolaning mazmunini tushunib yetarmikin? Uning yonidagi “Farg‘ona viloyatida 2019-2029 yillarda qishloq xo‘jaligi sohasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish konsepsiyasi”A.Teshaboyev nomidan berilyapti. Bunda ham 81 ta raqam o‘quvchi fikrini chalkashtirib yuboradi. Qiziq viloyat konsepsiyasi muallifi nahotki Teshaboyev bo‘lsa? 2018 yil 28 iyun sonida ham A.Teshaboyevning “Muharrir minbari” ruknida “Har bir oila – tadbirkor” Dasturi obod yurt va farovon turmush uchun” sarlavhasi ostida “ma’lumotnomasi” chop etilgan.

Gazetaning 2019 yil 13 apreldagi 28-sonida 5 ta material viloyat hokimligi axborot xizmati nomidan berilgan. Ularning uchtasi birinchi sahifada yonma-yon joylashtirilgan. Axir, “Farg‘ona haqiqati” ham viloyat hokimligining bosh nashri hisoblanadi va bunday muhim tadbirlarni bevosita o‘z muxbiri yordamida yoritib borishi kerak emasmi?

***

Albatta, har bir gazetaning o‘z pozitsiyasi, o‘z uslubi va qiyofasi bo‘lishi lozim. Ammo biz ko‘zdan kechirgan gazetaning 2018 yil va joriy yilning o‘tgan davridagi sonlarida buni sezmadik. Birinchidan, gazetaning alohida bir jamoatchilikda qiziqish uyg‘ota oladigan o‘z rukni tashkil etilmagan. Ikkinchidan, jamoatchi muxbirlar bilan ishlash masalasi ham yetarli darajada emas. Uchinchidan, gazetada tahliliy-tanqidiy mavzudagi materiallar soni juda kam.

“Farg‘ona haqiqati” viloyatning yuzi sanalib, otaxon tahririyat hisoblanadi. Ammo keyingi davrda gazetada berilayotgan maqolalarning saviyasi ancha pasayganini sezish mumkin. Gazetada barcha soha o‘z aksini topmagan. Ayrim axborotlarga katta joy ajratilgan bo‘lib, o‘quvchini qiziqtira oladigan maqolalarni deyarli uchratmaysiz.

14 fevral sonida A.Teshaboyevning “Kartoshka eking” deb nomlangan maqolasi berilgan bo‘lib, u juda katta hajmni egallagan. Avvalo, gazeta qishloq xo‘jaligi sohasi uchun ixtisoslashmagan. Shuning uchun ham bunday katta hajmdagi maqolani berilishining o‘zi noto‘g‘ri.

Gazetaning 2019 yil 23 yanvar sonida berilgan “Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev Janubiy Koreya delegatsiyasini qabul qildi” nomli maqolada ham g‘aliz jumlalar uchraydi. Xususan, undagi “Sizning tashrifingiz bizga ilhom bag‘ishladi” deganni rosti tushunmadik. Rasmiy axborotni yozish qoidalari bor. Gazetaning 19 yanvar sonidagi “Misr Arab Respublikasi elchisi-Farg‘onada” degan maqola ham jiddiy tahrirni talab etadi. “Viloyat hokimi mehmonlarni iliq kutib oldi va Amani honim faoliyatiga yuqori baho berdi” kabi jumlalar har qanday gazetxonni ajablantirishi tabiiy. Xorijiy mamlakat elchisi faoliyatiga viloyat hokimi baho berishga haqlimi? Nega gazetada bunday jumla ketib qoldi?

2019 yil 20 fevral sonida aksariyat maqolalarning matni “Muhtaram Prezidentimiz” degan jumlalar bilan boshlangan. “Dang‘arada baliqchilik rivojlanyapti”, “Har bir oila tomorqadan samarali foydalanishi zarur”, “Iqtisodiy rivojlanish va farovon hayot mezoni”, “Probatsiya xizmati” kabi maqolalar jiddiy tahrirga muhtoj.

Shuningdek, gazetada berilgan ba’zi materillarda tashkilot va korxonalarning nomlari, Prezident va hukumat qarorlarining yozilishida xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan. Xususan, 2019 yil 23 fevral sonidagi “Muhokamada shartnomalar ijrosi” nomli maqolada “Viloyat kasaba uyushmalari federatsiyasida” degan jumla bor. Bu “viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi” bo‘lishi kerak edi. Shuningdek, 9 fevral sonidagi “Yangi turdagi mahsulotlar endi Farg‘onada tayyorlanmoqda” maqolasida ham bir qator xatolarga yo‘l qo‘yilgan. Masalan, “O‘zbekiston-Janubiy Koreya Vin Chemikal qo‘shma korxonasi” degan jumla uchraydi. Afsuski, bunday nomdagi korxona aslida yo‘q yoki noto‘g‘ri yozilgan.

2019 yil 20 mart sonida “Oilaviy tadbirkorlikka e’tibor-aholi bandligini ta’minlash va farovonligini yuksaltirishga bo‘lgan e’tibor” nomli maqolaning aksariyati Prezident qaroridan ko‘chirilgan (“Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirorklikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori. 2019 yil 7 mart). Vaholanki, mazkur qaror chuqur tahlil qilinib, sharhlab berilishi lozim edi.

***

Ta’kidlash joizki, viloyatning bosh nashri qishloq xo‘jaligi va chorvachilikka nisbatan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarni kengroq yoritishi zarur. Shuningdek, raqamlar, ma’lumotlar va hisobotlarni imkon darajasida kamaytirib, jurnalistika janrlaridan unumli foydalangan holda tanqidiy-tahliliy materiallar salmog‘ini oshirishi kerak.

“Farg‘ona haqiqati” gazetasi tahririyatida Ma’mura Abdurahimova, Botir Madiyorov, Sohiba Abdurahmonova, Madaminjon Solijonov singari allaqachon o‘z o‘quvchisini topgan fidoiy va qalami o‘tkir jurnalistlar mehnat qiladi. Ochig‘i, bu mualliflarning har bir yangi maqolasini o‘quvchi qiziqish bilan kutadi. Botir Madiyorovning bir necha yil avvalgi tanqidiy-tahliliy maqolalari o‘z vaqtida anchagina shov-shuv bo‘lgan. Tanqid nishoni bo‘lgan mutasaddilar ham ancha hushyor tortgan.

Ma’mura Abdurahimovaning har bir maqolasini qoldirmay o‘qiymiz, har safar o‘zimiz uchun nimadir yangi narsa kashf qilamiz. 2018 yildagi 9-sonida chop etilgan “Qaytishing alamli bo‘lmasin” sarlavhali maqolada odam savdosi bilan bog‘liq muammolarga biz o‘rganib qolgandan boshqacha yondoshuv, boshqacha uslub bor.

Gazetaning 10 fevral sanasidagi 11-sonida Ma’mura Abdurahimova “Bizga maktub yo‘llabsiz” sarlavhasi ostida tahririyatga turli insonlardan turli mavzularda kelgan xatlar o‘ziga xos usulda bir ipga terilib, samimiyat bilan tahlil qilingan.

3 martdagi sonida Ma’mura Abdurahimova muallifligida berilgan “Yigirma ikkinchi bahor xazoni” sarlavhali maqola ham o‘ta ta’sirchanligi va dolzarbligi bilan ajralib turadi. Maqolani o‘qigach, Suriyaga borib qolgan marg‘ilonlik o‘smir taqdiri sizni uzoq vaqt o‘ylashga majbur qiladi.

20 oktyabr sanasidagi gazeta sahifalaridan o‘rin olgan “Menga o‘zbekcha gapir, nabiram yoxud tilga e’tiborsizlik unga ehtiyojsizlik emasmi?” sarlavhali maqolasida ham bugungi kunda ona tilimizga bo‘lgan munosabat hayotiy misollar va ta’sirchan vositalar yordamida yoritilgan.

20 yanvardagi 5-sonida berilgan Kamola Polvonovaning “Soyadagi yigitlar” sarlavhali ayrim oilalardagi noqobil farzandlar taqdiri qalamga olingan maqolasini ham o‘quvchi bir nafasda o‘qib chiqishi, shubhasiz.

Lekin bu kabi maqolalar barmoq bilan sanarli. Holbuki, gazetaning har bir sonida aqalli bitta, odamni o‘ylantiradigan, jamoatchilik fikrini shakllantiradigan “ustun maqola” bo‘lishi kerak.

“Farg‘ona haqiqati” viloyatimizning bosh nashri. Biz jurnalistlar va ijodikorlar hamisha uni diqqat bilan kuzatib boramiz va bu gazeta barchamizga andoza bo‘lib qolishini istaymiz.

…Seminar chog‘i “Farg‘ona haqiqati” gazetasi taxririyatining oylik, yillik ish rejasi yo‘qligi, chet mualliflar bilan ishlash yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagani, taxririyatda umuman xaftalik ijodiy taxlil (letuchka) o‘tkazilmasligi kabi kamchiliklar ta’kidlandi. Uning yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi boshqaruvi “Farg‘ona haqiqati” taxririyati va muassis – Farg‘ona viloyat hokimligiga gazeta faoliyatini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan tavsiyalar berdi.

Umida Mirzamatova

O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy

uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi mutaxassisi.

O‘zA