Oliy sudda foydali muloqot

2019-08-12T11:53:08+05:001 May, 2019|Umumiy yangiliklar|

Aholining siyosiy faolligi, huquqiy madaniyatini va savodxonligini yuksaltirishda, davlat organlari, xususan sudlar faoliyatida jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda ommaviy axborot vositalari muhim vosita hisoblanadi. Mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligi, jurnalistlarning axborotni moneliksiz izlash, olish, tarqatish huquqi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va sohaga oid tegishli qonunlar bilan kafotlatlangan. Inson huquq va manfaatlarining himoyachisi bo‘lgan sud mustaqilligini mustahkamlash yo‘lida islohotlar samadorligini oshirishga va bu haqda keng jamoatchilikni xabardor etishga ko‘maklashuvchi ko‘plab huquq sohasiga oid bir qator bosma va elektron OAV paydo bo‘ldi. Ushbu yo‘nalishga ixtisoslashgan jurnalistlar qatlami shakllana boshladi. Bu o‘z navbatida aholini sifatli huquqiy axborot bilan ta’minlash imkoniyatini bermoqda. Binobarin, sud-huquq sohasini yoritish qonun-qoidalarini mukammal bilmay axborot tarqatish holatlari borligini inkor eta olmaymiz. Bunday holatlar o‘z navbatida sud tizimida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlashga to‘siq bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Oliy Sudida mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida sud-huquq sohasida amalga oshrilayotgan islohotlarni yoritish va boshqa dolzarb masalalarga bag‘ishlangan Oliy sud raisi va bosh muharrirlar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda sud hokimiyati va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi o‘zaro amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash, mavjud muammolar va uni bartaraf etish yo‘llari hamda istiqboldagi rejalar muhokama etildi.

Muloqotni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud raisi Kozimjon Komilov boshqardi. U yurtimizda sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan farmon va qarorlar sudlarning mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash, shuningdek odil sudlovga erishish darajasini oshirishda dasturilamal bo‘layotganini ta’kidladi. Shuningdek, sud organlarining muhim vazifalaridan biri sifatida faoliyatning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdori ekanini aytib o‘tdi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, OAV va sud hokimiyati o‘rtasidagi o‘zaro munosabatda sudlar faoliyatida matbuot yordamida oshkorolikni ta’minlash hamda sud ishiiga OAV aralashuviga yo‘l qo‘ymaslik. Masalaning ikkinchi tomoni, afsuski, bizda xavf ostiga qolmoqda. Ushbu jarayon hal etilishini kutayotgan masaladir.

Sudlar faoliyatini yoritish va huquqiy madaniyatni shakllantirish bo‘yicha Oliy sud tomonidan qator chora-tadbirlar amalga oshrilmoqda. Jumladan, oshkoralikni ta’minlash maqsadida bugungi kunda barcha sudyalar belgilangan reja asosida brifinglar o‘tkazib kelmoqda. Lekin sudyalarning aholi bilan yanada yaqin muloqotda bo‘lish uchun bu juda kam.

—Ayni paytda mamlakatimizda 607 ta sud faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda ishlayotgan sudyalar faoliyatini yoritish uchun jurnalistlarga katta imkoniyatlar yaratib berayapmiz. Bu bizga juda kerak. Chunki xalqimiz sudyalarni yaxshi tanimaydi. O‘tgan yillar yillar davomida sud sohasi xalqdan ancha uzoqlashdi, ajralib qoldi, —deydi Oliy sud raisi K.Komilov.— Prezidentimiz topshiriqlari bilan 30 foiz sudlar sayyor sud shaklida mahallalarda o‘tkazilyapti. Bundan tashqari «Mening mahallam—mening sudyam» konsepsiyasini joriy etdik. Unga ko‘ra sudyalar mahallarga biriktirildi. Endi sudyalar har bir mahallaning tinchligi, jinoyatlarning oldini olish uchun mas’uldir. Oyda bir marotaba o‘z hududiga chiqib odamlar bilan uchrashishga majbur. Lekin mahalla faollari sudyalar bilan ishlashga, jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan profilaktik ishlarni, aholining huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qiladigan tadbirlarni birgalikda tashkil etishda juda sust. Aslida teskarisi bo‘lishi kerak, mahalla faollari sudyalarni aholi ichiga olib kirishlari kerak!

Masalaning ikkinchi tomoniga Oliy sud raisi to‘xtalar ekan, jurnalistlarning sudda ishtirok etishiga hech qanday monelik yo‘qligini, biroq sudga xalaqit berish, sud hukmi ijroga yo‘lnaltirilmasdan uni tahlil etish, sudlanuvchi va guvohlarning fikrlarnii e’lon qilishga hech qimning haqqi yo‘qligi bildirib o‘tdi.

—Afsus bilan aytish kerakki, biz-o‘zbeklar orasida oilaviy va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nizolar juda ko‘p. Boshqa millat vakillari ichida aka-uka, opa-singillar o‘rtasidagi nizolarni juda kam uchraydi. Nega shunday? Xalqimiz uy-joy va meros masalasida hujjatlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirib qo‘ymaydi. Ota-bobosi o‘lgandan keyin, farzandlari voyaga yetgandan so‘ng uyni yoki yerni nomimga o‘tkazib olishim kerak, deb o‘ylab qoladi. Undan keyin o‘zaro oilaviy esa mojarolar boshlanib, sudgacha kelinadi. Bundan tashqari ajralishlar ham oz emas. Ajralishlarni oldini olish maqsadida Oliy sud tomonidan 19 daqiqalik film yaratildi. Barcha viloyatlarda qo‘rsatilmoqda. Kamida 4-5 oila shu filmni ko‘rib yarashib ketishyapti. Mayli, bu juda oz bo‘lishi mumkin, biroq kimlarning o‘ylashga, farzandining yetim bo‘lim qolmasligiga shu ishimiz ham naf berayotganildan xursandmiz. Hozirgi kunda ikkinchi film tayyorlanmoqda. Ommaviy axborot vositalarida esa ajralishlar va meros talashish holatlari yetarlicha yoritilmayapti. Bu jarayonda yanada faolroq bo‘lsak maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, sud tizimida zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydanishda katta natijalarga erishyapmiz. Ya’ni sudlar onlayin tizimda o‘tkazilyapti. 12 ta tuman onlayn rejimiga ulangan. Saytimiz orqali ushbu tumanlarda o‘tkazilayotgan sudlarni ko‘rishingiz mumkin. Albatta sud jarayonlarining onlayn efirga uzatilishi ikki tomonning roziligi bilan amalga oshriladi. Bundan tashqari, videokonferensaloqa rejimi ham yo‘lga qo‘yildi. Bu odamlarning vaqti va mablag‘ini tejashga xizmat qilmoqda. Yaqin kunlar ichida barcha sudlar qamrab olinadi.

Anjumanda jurnalistlar va sudlarning vazifasi jamiyatda aholini qonunlarga hurmat bilan qarashini va ularga rioya etishiga o‘rgatish ekanligi qayd etildi. Chunki, har bir fuqaro o‘zini haq, deb biladi. Uning huquqini qonunlarimizga zid ravishda poymol etishga jurnalistga ham, sudyalarga ham vakolat berilmagan.

– Sud-huquq sohasida ijod qilib kelayotgan qalamkash sifatida shuni aytishim mumkinki, ayrim hollarda jurnalistlarimiz tanqidiy chiqishlarida bir tomonlama fikr yuritish hollari uchraydi, – deydi “O‘zbekiston ovozi” gazetasi bosh muharriri Safar Ostonov. – Shuning uchun jurnalistlarimiz so‘z mas’uliyatini chuqur his qilgan, mavzuni har tomonlama o‘rgangan holda maqola yozishsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bugungi ochiq muloqot bu borada sezilayotgan kemtikliklarni to‘ldirishda foydali muloqot, deb hisoblaymiz. Har oyda bir marotaba sud raislari va bosh muharrirlar ishtirokida ochiq suhbatlarni tashkil etishni taklif etaman. Bundan tashqari sudyalarning matbuotda chiqishlarini rejalashtirish kerak. Ular bu oyda qaysi gazetada chiqishini, ertaga qaysi kanalga intervyu berishni oldindan bilishi kerak. O‘ylaymanki, bu kabi muloqotlarda jurnalistlar va sudyalar o‘rtasidagi mavjud tushunmovchiliklar o‘z-o‘zidan barham topadi.

Tadbir yakunida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Jobir Xo‘jaqulov