«Tomchi» tanlovida jurnalistlar ham qatnashadi

2019-08-12T11:53:16+05:0025 April, 2019|Umumiy yangiliklar|

Milliy matbuot markazida “Tomchi” mobil ilovasi tanlovining navbatdagi bosqichi e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Shveysariyaning mamlakatimizdagi elchixonasi vakillari, soha mutaxassislari ishtirok etgan tadbirda tanlov keng ommaning suvni tejaydigan texnologiyalar haqidagi xabardorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Ushbu mobil ilova Suv xo‘jaligi vazirligi amalga oshirayotgan “O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi” doirasida ishlab chiqilgan bo‘lib, Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi tomonidan moliyalashtirilgan.

2018 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan mazkur tanlovga fermerlar, suv xo‘jaligi xodimlari va yoshlar keng jalb qilindi. Navbatdagi bosqich esa matbuot, internet, radio va televideniye yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari va fotoreportyorlar ishtiroki uchun mo‘ljallangan.

Tadbirda soha mutaxassislari tanlovda qatnashish shartlariga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, tanlovga joriy yilning aprel oyidan boshlab “Suv tejovchi texnologiyalarning afzalliklari” mavzusida chop etilgan har qanday material qabul qilinadi. Buning uchun ishtirokchilar avval “Tomchi” mobil ilovasini yuklab olishi, tanlovda qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tishi va identifikatsiya raqami (ID raqami)ni olishi lozim.

Qabul qilinadigan ijodiy ishlar hay’at a’zolari tomonidan baholanadi.

– “Tomchi” mobil ilovasi foydalanuvchilari qishloq xo‘jaligida suvni tejashning qulay texnologiyalari haqida ma’lumotga ega bo‘ladi, – deydi loyiha rahbari O.Islomova. – Unda tejamkor texnologiya bahosini hisoblaydigan kalkulyator bo‘lib, mahalliy bozorlardagi narxlar, asosiy ishlab chiqaruvchilar bo‘yicha barcha axborotlar kiritilgan.

Tadbirda suvni tejovchi texnologiyalarning afzalliklari, sohada uchrayotgan muammolar va ularni bartaraf qilish yo‘llari bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Manba: O‘zA