Jurnalistikani auditoriyada o‘rganib bo‘lmaydi

2019-08-12T11:53:17+05:0024 April, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘tgan yili davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigida “Ommaviy axborot vositalari so‘zda emas, amalda “to‘rtinchi hokimiyat” darajasiga ko‘tarilishi zarur. Bu — zamon talabi, islohotlarimiz talabi”, deb alohida ta’kidlagan edi.

Oradan qariyb bir yil o‘tdi. Tahririyatimiz shu munosabat bilan taniqli jurnalist Farmon Toshevga quyidagi savollar bilan murojaat qildi.

  1. “To‘rtinchi hokimiyat” o‘z maqomiga to‘la erisha olmayotganiga sizningcha sabab nimada?
  2. Davriy nashrlar, ayniqsa, gazetalarni solishtirib ko‘rilsa, bir-birini takrorlaydigan jihatlar, yondashuvlar ko‘p. O‘ar bir nashrning o‘z yo‘nalishi, uslubi-yu qiyofasi bo‘lishi kerak emasmi? Bunga to‘liq erishish qiyinmi?
  3. Soha kadrlarining (nafaqat yoshlar, kattalarning ham) malakasini oshirish, tajriba almashish masalasida tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qanday ishlarni ro‘yobga chiqarish lozim deb hisoblaysiz?
  4. Jurnalistika fakultetini bitirib kelayotgan yoshlar davr talabiga javob bera oladigan dunyoqarash, bilimga ega deya olasizmi? o‘qitish tizimida qanday yangilik, o‘zgarishlarni amalga oshirish zarur deb hisoblaysiz?
  5. Davlat organlarining ommaviy axborot vositalariga munosabatini qanday baholaysiz?

“Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari

bosh muharriri Farmon TOShEV:

  1. “To‘rtinchi hokimiyat”ning asosiy vazifasi odamlarda jamiyat va o‘z taqdiriga nisbatan ijtimoiy fikr uyg‘otish. Bizda buni ko‘pincha faqat tanqid qilish kerak, deb tushuniladi. Fuqaroga o‘z haq-huquqini, burchini tushuntirish ham, qanday yashashni o‘rgatish ham bizning zimmamizda. Faqat OAV bu ishni voqealar jarayonini yozish orqali amalga oshiradi.

OAV obro‘sining asosiy mezoni unga murojaat qiluvchilar soni bilan bevosita bog‘liq. Bu borada bizda sezilarli o‘zgarishlar bo‘layotir. Deyarli barcha OAV xalq fikrini bera boshladi. Qo‘shib yozish, to‘rachilik fosh qilinyapti. Real hayotimiz haqida ma’lumotlar chop etilyapti. Tan olish kerakki, ijtimoiy tarmoqlar bu borada ancha faol.

“To‘rtinchi hokimiyat” o‘z maqomiga to‘la erisha olmayapti, degan fikr ham menimcha, nisbiy. Chunki OAV har bir tizim, davlat va mintaqada o‘ziga xos o‘rniga ega. Ayrim mamlakatlarda OAV faqat axborot tarqatish bilan shug‘ullansa, ba’zilarida jurnalistikaning bosh­qa janrlari ustun. Bir davlatdagi nashrlar faqat tanqid bersa, ikkinchisida tanqidiy materiallar umuman bosilmaydi. Bu boradagi qarashlarda shoshma-shosharlik bilan xulosa chiqarib bo‘lmaydi.

Lekin faoliyatimizni to‘la namoyish etish uchun to‘siqlar ham yo‘q emas. Aytish mumkinki, bu to‘siqlar tash­qi tomondan bo‘lmayapti. O‘zimizni qanchalik oqlamaylik, ichki senzuradan hali qutula olganimizcha yo‘q. Mahorat masalasi chatoq. Mushtariylarni munosabat bildirishga undaydigan, muhokamaga chorlaydigan, ularni qiynab turgan mavzudagi maqolalar juda kam.

Misol uchun, ikki yil davomida katta mablag‘ evaziga ekilgan piyoz, sarimsoqpiyoz va qalampir taqdiri xususida bosma nashrlar deyarli hech narsa demadi. Ba’zi tumanlarda turar-joylarning katta qismi kadastr qilinmaganligi muammo emasmi? Unda nega hamon jimmiz?

Sudlardagi sansalorlik, bir ishni yillar davomida “ko‘rish” ham e’tiborimizdan chetda qolyapti.

Bu masalalarga oid muammolarni dadil ko‘tarib chiqishga, ularni bartaraf etish bo‘yicha mutaxassis maslahatini berishga bizga kim xalaqit qiladi?

Demoqchimanki, “to‘rtinchi hokimiyat”miz — biz, jurnalistlarning hokimiyati. Uning obro‘si ham, inqirozi ham o‘zimizning qo‘limizda. Toki sohamizda korporativ hamkorlik, o‘zaro muloqot tizimli yo‘lga qo‘yilmas ekan, ko‘ngildagi natijaga erishishimiz qiyin.

  1. Bunday savollarni beraverib, ularga bahona ko‘rsataverib, charchadik. Vaholanki, tegishli qonunlarda rasmiy hujjat va qonunlar chop etiladigan nashrlar aniq belgilangan. Hatto madaniyat va sport xabarlarini birinchi sahifaga berishni ma’qul ko‘rmaydigan nashrlar bor. Ba’zi hamkasblarim qiziqarli emas, balki “gap-so‘zsiz”, “G‘urbatsiz” gazeta chiqarishni ma’qul ko‘rishadi. Ilgari chet ellik “G‘animlar” bilib qolmasin, deb kamchiliklarni yozmasdik. Endi esa davlat rahbari hamma muammoni ochiq aytib, o‘rtaga tashlagandan keyin, qolaversa virtual zamonda bizning hayotimizni kechayu kunduz ko‘rib, kuzatib turishgan bo‘lsa, nimadan cho‘chiymiz?

Bir xil material bilan sahifalarni to‘ldirgani uchun “egizak” nashrlar rahbarlarini hech kim urushmaydi, faqat gazetxon o‘qimay qo‘yadi, xolos. O‘qilmagan nashr esa omma e’tiboridan mahkum. Aslida majburiy obunaga qarshi kurash shunaqa nashr­lar uchun boshlangan edi.

Sohadagi kamchiliklar avvalo soha mutasaddilari, xodimlari o‘rtasida muhokama qilinishi yaxshi samara beradi. Bosh muharrirlarning doimiy seminarlarini yo‘lga qo‘yish kerak.

  1. Viloyat gazetalari-ku bir amallab “kun ko‘ryapti”, ammo aksariyat tuman nashrlarida ahvol yaxshi emas. Ularning anchagina qismini jurnalistikaga aloqasi yo‘q kadrlar boshqaryapti. Eng yomoni, ularda uslubu ifoda o‘zgarmayapti, sarlavhalar o‘sha-o‘sha: “Plenum bo‘lib o‘tdi”, “Baxtimiz qomusi”, “Kelajakka ishonch”, “Maktabda konferensiya”, “Quturish — xavfli kasallik” va hokazo.

Yaqinda yana bir muammo paydo bo‘ldi. Bundan o‘n yilcha ilgari barcha bosma nashrlar davlat unitar korxonasi sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ammo ular byudjetdan mablag‘ olmaydi. Bugun esa shu ahvolda ham oylikka pul topolmayotgan tahririyatlar amaldagi 12 foiz o‘rniga 24 foizlik daromad solig‘i to‘lashga majbur bo‘layotir.

Nima qilish kerak?

Birinchidan, respublika va viloyatdagi yetakchi jurnalistlar tumandagi hamkasblariga yordam berishi kerak. Biz bu tajribani sinab ko‘ryapmiz. Ikkinchidan, tuman gazetasini xonadonlarga bepul tarqatish chorasini ko‘rmoq lozim. Kitob va gazeta-jurnal ma’rifatning mushtarak asosi ekanini unutmaylik. Uchinchidan, Toshkentda va kamida beshta viloyatda jurnalistik mahorat maktablari ochish zarur. Ularda shahar va tuman gazetalari xodimlari (bosh muharrir, mas’ul kotib, muxbir, dizayner va hisobchi) doimiy seminari ishlab tursin.

  1. Jurnalistika fakultetlarida iqtidorli yoshlar ko‘p. Lekin ular o‘zlari tanlagan sohada ishlashni istamaydi, chunki maoshi juda kam.

Yaqinda O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti talabalari bilan uchrashuvda bir yigit amerikalik Maykl Jeksonda oliy ma’lumot ham, nota haqida bilim ham bo‘lmagan, ammo yetuk qo‘shiqchi sifatida tanilgan, dedi. To‘g‘ri, lekin Mayklda ishtiyoq, shavq kuchli bo‘lgan. Kechayu kunduz qo‘shiq aytish bilan shug‘ullangan, san’at sirlarini o‘rgangan. Mehnatdan qochmagan. Xo‘sh, bizning talabalarning qanchasi darsdan keyin tahririyatlarga qatnayapti? Qanchasining hech qursa, to‘rt qatorlik xabar yozish qo‘lidan keladi?

Jurnalistika auditoriyada o‘qitiladigan fan, o‘rganiladigan kasb emas.

  1. Vaziyat oldingidan ancha o‘zgardi. Lekin munosabat emas. Aksariyat rahbarlar piar uchun ishlayapti. O‘zini oqlash maqsadida OAVga murojaat qiladi. Tanqidni yoqtirishmaydi. Ko‘rsatilgan kamchilikni tuzatishsa, o‘zlariga yaxshi bo‘lishini tushunishmaydi.

Bizda viloyat hokimi qayerdaki xo‘jasizlik, to‘rachilik, boqibeg‘amlikka duch kelsa, eng avvalo bu holatga OAV xodimlari e’tiborini jalb etadi. “Yozinglar, xalq bilsin, aybdorlar uyalsin”, deydi. Yaxshi tahliliy maqolalar mualliflarini rag‘batlantirib boradi. Bunday xayrli tajriba keng ommalashtirishga arziydi.

Feruza BERDIYeVA

yozib oldi.

Manba: «Hurriyat» gazetasi