Besh yil kutilgan «Oltin qalam»

2019-08-12T11:53:17+05:0024 April, 2019|Umumiy yangiliklar|

Muhtarama volidam har gal dasturxon ustida “Ilohim bu yil albatta “Oltin qalam” mukofotini olgin” deb duo qilardi. Bu butun oilamizning ezgu niyati edi. Chunki o‘zim sevgan kasbim – jurnalistika sohasida uzoq yillardan buyon faoliyat yuritar ekanman, mamlakat miqyosida e’tirof etilishni shunchalar xohlardimki, bu menimcha shu sohada ishlayotgan har bir ijodkorning orzusi bo‘lsa kerak. “Oltin qalam” mukofotining ta’sis etilgani esa ayni muddao edi. Qatorasiga 5 yil teleradiokompaniya badiiy kengashi ma’qullagan ko‘rsatuvlarimni tanlov hakamlar hay’atiga taqdim qildim. Har gal nega meni sovrindorlar qatorida emasman, degan savol qiynardi. Ammo ortga chekinmadim, har xil gap-so‘zlarga quloq tutmasdan keyingi safar yana tanlovga ishtirok etaverdim. Nihoyat, 2016 yili orzularim ushaldi. O‘shandagi hayajonim, quvonchimni so‘z bilan ifodalay olmayman.

Onamning, oilamning shodliklari, do‘stlarimning tabriklari. Bular umrimning eng serfayz davri hisoblanadi. Bu mukofot otam rahmatlikning jurnalistikani tanlashimga bergan yordamlari, ustozlarimning kasbning sir-asrorlarini o‘rgatganliklarining natijasi deb bilaman.

Muxtasar aytganda “Oltin qalam” milliy mukofoti soha egalarining jamiyatda yanada faol, shijoatli, xolis, tezkor, halol, islohotlarning oldingi saflarida o‘tkir qalami bilan ishlashlari uchun ilhom beradi.

Matlubaxon YUSUPOVA,

XI “Oltin qalam”

Milliy tanlovining televideniye

yo‘nalishi bo‘yicha sovrindori.