Savodsizlikni kimlar targ‘ib qilyapti? Unga qarshi qanday kurashmoq kerak?

2019-08-12T11:53:18+05:0023 April, 2019|Hafta maqolasi|

Til — millatning dunyoda borligini bildiradigan birlamchi omil. Imlo qoidalariga rioya qilsak, ona tilimizni avaylagan, rivojlantirishga hissa qo‘shgan, hurmat ko‘rsatgan bo‘lamiz. Ko‘pchilik bu masalaga mayda ish deb qarashi mumkin, ammo bugungi e’tiborsizligimiz kelajakda o‘zimizga qimmatga tushishi hech gapmas. Nima uchun?

Bu savolga javob topish uchun qaysi alifbo, qaysi tilda yozilganiga bir qarashda tushunish mushkul bo‘lgan mana bu matnga e’tibor qaratishni istardik: «Orto tavalut kunin blan tabriklima bahtli bogin 100lani qarwlab umrin uzo bosin sen talaga yoll x4qa4onotori bomasin». Ijtimoiy tarmoq orqali tarqalgan ushbu tabrik — o‘zbek tili uchun juda sharmandali hol. Shuni yozgan odam maktabga borganmikan, ona tili o‘qiganmikan, degan savol tug‘iladi. Tilimizni yerga urayotgan, tay­yor harflarimiz qolib, yangi belgilar «ijod qilayotgan» bu kabi yoshlar, afsuski, oz emas. Internetda ko‘pchilik «tabriknoma»dan kuldi. Ammo ayni «fazilat» aksariyat yoshlarimizga xosligini inobatga olsak, tashvishga tushmay ilojimiz yo‘q.

Shu o‘rinda rus yozuvchisi Nikolay Karamzinning juda dolzarb fikri yodga tushadi: «Ona tili o‘qitish xalq ta’limining bosh yo‘nalishini emas, balki uning butun mohiyatini tashkil qilishi kerak». Darhaqiqat, yurtimizda qaysi soha bo‘lmasin, xoh matematika, xoh biologiya yoki nanotexnologiya bo‘ladimi — barchasida o‘zbek tili puxta o‘rgatilishi zarur.

Ona tilimizning imkoniyatlari, ma’no nozikliklarini ifodalashdagi salohiyatini bilish uchun tilshunos bo‘lish shartmas. Ana shu xazinadan qachon o‘rinli foydalanamiz? Bugungi avlod tilimiz haqida qanday fikrda? Almoyi-jalmoyi «ashulalar» yaratayotganlar, tushunarsiz «nomlar» o‘ylab topib, binolar peshtoqiga qistirayotganlar yoki ijtimoiy tarmoqlarda «dono» fikrlar tarqatayotganlarga tilimizni xorlashga kim ruxsat berdi? Hech kim ruxsat bermagan bo‘lsa, kimdir bu boshboshdoqlikni jilovlaydimi?

Ijtimoiy tarmoqlar savodsizlikni emas, savodxonlikni targ‘ib etsin!

— Fikrimizcha, aksariyat hollarda turli illatlar, tahdidlarni keltirib chiqarayotgan asosiy sabablar bilan emas, balki ularning oqibatlariga qarshi kurashish bilan cheklanib qolamiz, — deydi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Abdulhay Sobirov. — Tilga munosabatda ham ana shu holat kuzatiladi. Buning sabablarini sanab o‘tsak. Bugun butun dunyo globallashuvga intilyapti, qulaylik uchun yangi-yangi texnikalar ixtiro qilinmoqda. Ammo bunday qulayliklardan o‘rnida foydalanish kerak. Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlar savodsizlikni targ‘ib etishga emas, unga qarshi kurashishga, tilimizni yoyishga xizmat qilishi lozim. Tilimizga nisbatan noto‘g‘ri munosabatda bo‘lish, ona tilini puxta bilmaslik mana shunday sharmandali hollarga sabab bo‘layotir.

Bunday illatlardan qutulishning yana bir yo‘li katta avlodni zamonga moslashtirishimiz kerak. Dunyo tilshunosligida bugun brendologiya, neyming kabi yo‘nalishlar ishlamoqda, bizda esa yo‘q. Ya’ni brendlarning nomlari, turli atamalar bilan ishlaydigan maxsus xodimlar o‘zbek tilshunosligi uchun juda zarur. Tilni siyqalashtirib, qashshoqlashtirib yuborayotgan holatlar televideniye, gazeta-jurnallarda ham uchraydi.

Savodsizlikdan qutulishga umid qilsa bo‘ladimi?

Albatta, bu holatlar o‘tkinchi. Joriy o‘quv yilidan boshlab universitetimizda kompyuter lingvistikasi yo‘nalishi ochilyapti. Bunday mutaxassislar aynan ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek tilining sofligi uchun kurashishadi, o‘zbekcha so‘zlar, birliklarni kiritib, nazorat o‘rnatishadi.

Ruscha yoki inglizcha so‘zni internetga kiritayotsak, avtomatik tarzda ularning to‘g‘ri va bexato shakli chiqib keladi. Bizda-chi? Nega o‘zbekcha matn tahriri variantlari tilimizga nisbatan tatbiq etilmaydi?

Internetda ko‘plab tillarning bazasi yaratilgan. Jumladan, hamma uchun ochiq bo‘lgan, ko‘p tilli, internet-ensiklopediyasi — vikipediyada 4,5 milliondan ziyod inglizcha ma’lumot bor. Ularning bari xatosiz ma’lumotlar. O‘zbek tilining esa hali to‘liq vikipediyasini kiritolganimiz yo‘q.

Universitetimiz rektori, professor Shuhrat Sirojiddinov bugungi kunda bir ezgu tashabbusni, xayrli taklifni — Vazirlar Mahkamasi huzurida Til inspeksiyasini tuzishni ilgari suryapti. Agar ushbu taklif ma’qullansa, tilimiz rivojida yangi bosqich boshlanadi. Ana shunda tilimizni himoyalab barcha sohalarda nazorat o‘rnatishga, yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatishga, qo‘polliklar uchun choralar ko‘rishga imkoniyat yaratiladi.

Tilimiz oyog‘idagi tosh

«Umidgrandfarm», «Saidadenta», «Sofmilky» kabi nomlarda o‘zbekcha, ruscha va inglizcha so‘zlar aralash qo‘llanilgan. Ammo shu ko‘rinish yuqoridagi tillarning birortasining qonun-qoidasiga to‘g‘ri kelmaydi. Xo‘sh, nima uchun bunday nomlar yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinday bolalamoqda? Axir, mahsulot yoki firma nomi uchun ona tilimizda munosib so‘z yoki birikmalar topilmaydimi?

Milliy qonunchiligimizda firma, MChJ, ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati, yopiq turdagi aksiyadorlik jamiyatlariga, tegishli tashkilotlarga nom tanlash ixtiyoriy deyilgan. Nazarimda, ana shu tamoyil tilimiz oyog‘idagi toshga aylangan. Buni olib tashlash vaqti keldi. Vaholanki, bunday nomlar sodda, tushunarli, milliylikka asoslangan, tarixiy ildizga ega bo‘lishi, sohani ifodalay olishi lozim. Yuqorida ta’kidlaganimiz Til inspeksiyasi ish boshlasa, bu borada ham jiddiy o‘zgarishlar bo‘ladi, albatta.

Ibn Arabshohdan o‘qib qoldim

Sohibqiron tilga nisbatan doimo hurmatda bo‘larkan. Hatto huzuriga kelgan chet davlatlar elchilaridan ismigacha so‘rarkan. Ittifoqo, bir elchining kirib kelishi, turishi Amir Temurga yoqmabdi. «Isming ne?», deya so‘rabdi elchidan. «Baysaq», debdi elchi. «Ismingni ma’nosi ne?», deb savol beribdi yana Temurbek. «Bilmayman. Ota-onam shunday qo‘ygan», yelka qisibdi Baysaq. Shunda Temurbek g‘azablanib: «O‘z ismining ma’nosini bilmaydigan odam ikki mamlakat o‘rtasida qanday elchilik qiladi?!», deya uni haydab chiqarib yuborgan ekan. Tilga ana shunday go‘zal munosabati tufayli Sohibqirondan Bog‘i shamol, Bog‘i dilkusho, Bog‘i jahonoro, Bog‘i baland kabi muazzam nomlar qolgan. Bu nomlar hozirgacha tilimizning go‘zalligi, latofatini namoyon etib turibdi.

Boburmah, Navoiyakfa, Glinkadenta

Tadbirkorlar ko‘paysa, xalq boyiydi. Ammo ana shu ishbilarmonlar bilib-bilmay tilimizga ozor yetkazishayotgani, ulug‘ shaxslarga nisbatan o‘ta hurmatsizlik qilishayotganini o‘ylab ko‘risharmikan? Misol uchun, yo‘nalishli taksilarda Bobur nomidagi mahalla deb yozish o‘rniga «Boburmah» degan g‘alati nom ixtiro qilingan. Millatimiz faxri sanalgan buyuklarning ismiga bo‘lar-bo‘lmas so‘z qo‘shib, turli nomlar yasab bo‘lmaydi. Bularni xalqimizga kengroq tushuntirishimiz kerak.

Guvohi bo‘lganingizdek, muammo ko‘p, ammo kalavaning ipini topolmaymiz. Menimcha, kalavaning uchi, butun umidlarimiz ro‘yobi — Til inspeksiyasining tashkil etilishidadir.

Ona tovuq, ona qo‘y, ot va tuya suti. Tilimiz shu qadar qashshoqmi?

Yaqinda Guliston shahrida To‘ra Sulaymonga bag‘ishlangan anjuman bo‘ldi. Tadbir «To‘ra Sulaymon — tilshunos» deb nomlandi. Aslida ushbu betakror ijodkor o‘z she’rlarida xalq boyligini ortmoqlab kelayotgan ekan. Uning ijodida shu qadar go‘zal so‘zlar, xalqona jumlalar borki, bu boylik hozirgacha xalq tilida qolib ketmoqda, adabiy tilga olib o‘tilmayapti.

Jumladan, To‘ra Sulaymon tuya suti, ot suti, ona qo‘y, ona tovuq kabi birikmalarni ishlatishga juda qattiq qarshilik qilgan. Nega ot suti deysizlar, qimiz bor-ku, tuya sutini ifodalovchi qumron bor, deya ijodkorlarni ushbu so‘zlardan unumli foydalanishga da’vat qilgan. Xo‘roz, makiyon, tovuq, jo‘ja kabi so‘zlar ushbu parrandaning yoshi, jinsi haqida ham to‘liq ma’lumot beradi. Ammo baribir ona tovuq deymiz. Ona qo‘yning o‘rniga sovliq so‘zi ushbu tushunchani aks ettiradi-ku?!

Demak, tilimizni xalqaro miqyosga olib chiqishimiz uchun hali bajaradigan ishlarimiz juda ko‘p. Buning uchun jamiki ziyolilar kurashishi, faqat tilshunoslarga yuklab qo‘ymasdan, barcha bir yoqadan bosh chiqarishi zarur.

Yulduz HOJIYEVA

(«Mahalla» gazetasidan olindi)