“Oltin qalam”: faolikka chorlov

2019-08-12T11:53:18+05:0023 April, 2019|Umumiy yangiliklar|
O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari xodimlarining tashabbuskorligi, ijtimoiy-siyosiy va ijodiy faolligini oshirishda shak-shubhasiz 2006 yildan buyon muntazam o‘tkazib kelinayotgan “Oltin qalam” ko‘rik-tanlovi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Men ana shu tanlovning birinchi yilida, ya’ni 2006 yili “Matbuotga qo‘shgan samarali hissasi uchun” nominatsiyasi bo‘yicha sovrindor bo‘lgan edim. Shundan buyon faqatgina Andijonning o‘zida o‘ndan ortiq hamkasblar ana shunday sharafga erishdilar.

Tan olmoq joizki, keyingi yillarda mamlakatimizda ijod ahlini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida Prezidentimizning qator Farmon va qarorlari qabul qilindi. Adib va jurnalistlar bir qancha imtiyozlarga ega bo‘ldilar. Mana shu e’tibor va g‘amxo‘rlik tufayli sohaga qiziqish ortib boryapti. Gazeta, radio, televideniye va ijtimoiy tarmoqlarda bugungi hayot nafasini yurakdan biladigan, islohotlar jarayonida ko‘zga tashlanayotgan muammolarni dadil ko‘tarib chiqadigan, bilimli, dunyoqarashi keng yosh jurnalistlar yetishib chiqmoqda. Bular orasida Nigora To‘xtamatova, Mirolim Isajonov kabi iste’dodli shogirdlarimiz borligi bizni quvontiradi. Yaqinda M.Isajonov Germaniya xalq universitetlari assotsiatsiyasi (DVV)ning O‘zbekistondagi filiali tomonidan o‘tkazilgan tanlovining “Aholining ijtimoiy zaif qatlamiga ijtimoiy va psixologik yordam ko‘rsatishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan tahliliy materiallar” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Endi navbat “Oltin qalam”ga!

Abdumutal ABDULLAYeV,

I Xalqaro “Oltin qalam”

tanlovi sovrindori.