“ERING O‘LSA, UY BERAMIZ!” turmush o‘rtog‘i xasta, boshpanasiz qolgan ayolga mutasaddilar shunday deyishdi

2019-08-12T11:53:19+05:0022 April, 2019|Hafta maqolasi|

1979 yilda Toshkent viloyati Zangiota tumanida O‘rta ovul shoshilinch tez tibbiy yordam markazi ishga tushgan. Bir yil ilgari tuman markazida zamonaviy shoshilinch tez tibbiy yordam markazi qurilib, mazkur shifoxona yangi joyga ko‘chirildi. Uning o‘rni esa ayni paytda kattagina xarobaga aylangan.

To‘g‘ri, bitta binosi 17-qishloq oilaviy poliklinikasi uchun qoldirilgan. Lekin bu poliklinika aholini to‘liq qamrab ololmayapti. Shu yerda yashovchi fuqarolarning aytishicha, yangi shifoxonaga olib borilgan, yotib davolanishi kerak bo‘lgan bemorlar joy bo‘shashi uchun haftalab navbat kutishga majbur. Poliklinikada esa faqat kunduzi yotib davolanish uchun sharoit bor, xolos.

O’zLiDeP Zangiota tuman Kengashi xodimlari bilan hududni o‘rgandik. Chindan ham bir yil oldin barcha kasalliklarni davolash imkoniga ega bo‘lgan shifoxona hozir achinarli ahvolda. Atrof axlatxona. Bahor kelgani uchun daraxtlar uyg‘ongan, shifoxonaning bog‘i ko‘m-ko‘k tusga kirgan. Biroq bu ham uning ayanchli ahvolini yashira olmaydi. Shifoxona hududiga boshqa tomondan kirganda zamonaviy talablar asosida ta’mirlanib, odamlarni qabul qilayotgan poliklinika havasingizni keltiradi. Orqa tomoni esa…

«Shifoxonamizni qaytaring!»

– Asosiy shifoxona ko‘chgandan keyin mana shu poliklinika ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi, – deydi poliklinika bo‘lim mudiri Nodira Qo‘ziyeva. – Hududimiz katta. Tasarrufimizda 23 ming nafarga yaqin aholisi bilan 8 ta mahalla bor. 10 ta kunduzgi o‘rnimiz barcha talablarga javob beradi. Ammo yotib qolishga mo‘ljallanmagan. Shifoxonaning qolgan binolari tuman tibbiyot birlashmasi hisobidan chiqarilib, hokimlik balansiga o‘tkazildi. Ayni paytda 46 nafar xodim bilan imkon qadar aholiga xizmat ko‘rsatyapmiz.

Nodira opa hamrohligida tashlandiq shifoxonaning boshqa hududlarini ham ko‘zdan kechirdik. So‘ng mahallalar aholisi bilan suhbatlashdik.

– 92 yoshdan oshgan onam bor, – deydi «Obod turmush» mahallasida yashovchi Qahramon ota Ma’rufjonov. – O‘zim ham pensiyadaman. Keksalik o‘z ta’sirini ko‘rsatib, onamiz tez-tez og‘rib turadi. Ilgaridan yuragi siqib turadigan edi. O‘zimizning shifoxonada bu kasallikni davolaydigan vrachlar ham bo‘lardi. Qachon tobi qochsa, shu yerda davolatardik. Shifoxona ko‘chgandan keyin qiynalib qoldik, bolam. Bir safar og‘riganda yangi shifoxonaga olib bordik. Joylarning barchasi band ekan. Keyin majbur bo‘lib, Yangiyo‘l tumanidagi xususiy klinikaga yotqizdik. O‘zingiz bilasiz, xususiy klinikalarning narxi qimmatroq. Ha, deb u yerda davolatish og‘irlik qilyapti.

Hududda yashovchi Alisher ota Sheraliyevning aytishicha, hatto, tug‘uruqdan oldingi maxsus tibbiy muolaja olishga, yotib davolanishga borgan keliniga joy topolmagan.

– Keyin boshqa shifoxonaga olib bordik, – deydi Alisher ota. – Bu yerda ro‘yxatda turmasligini aytib yana qaytarishdi. Majbur poytaxtga olib bordik, anchagina mablag‘ sarfladik. Endi o‘ylab ko‘ring, tug‘ish vaqti kelgan bo‘lsa-chi? Boshqa shifoxonaga ulgurmay qolsa-chi? O‘zim ham Afg‘onistonda xizmat qilganman. Tez-tez chaqirib, ko‘rikdan o‘tkazib turishadi. Yangi shifoxona uzoq. Keyingi paytlarda hamma chaqirganlariga ham borolmayapman.

Tuman aholisi 200 ming nafardan ziyod. Bitta shifoxona ularni to‘liq qamrab ololmayotgan bo‘lsa, tayyor shifoxonani ta’mirlab, odamlarning og‘irini yengil qilish qiyinmikan? Yoki bitta tumanda ikkita shifoxona baravariga ish yuritsa, buning nimasi yomon?

– Yangi shifoxona barcha talablarga javob beradi, – deydi “Obod turmush” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Hikmat Abdullayev. – Zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan. Ammo talab ancha yuqori. Ayniqsa, bugungiday fasl almashinuvi paytida ko‘pgina kasalliklar qo‘zg‘aladi. Shularni hisobga olib, mutasaddilarimizdan hududimizdagi tayyor shifoxonani qayta ishga tushirishlarini so‘rardik. Odamlar shu masalada idoramizga ham yordam so‘rab kelmoqda.

– Murojaatlardan so‘ng hududni o‘rganib chiqdik, – deydi O’zLiDeP Zangiota tuman Kengashiningtashkiliy masalalar bo‘yicha rais o‘rinbosari Ilhom Ikromov. – Ayni paytda shifoxonaning chetroq binolarining bir-ikkitasi ta’mirlanib, beshta nogironligi bo‘lgan oilaga uy sifatida berilgan. Bu ham savobli ish. Lekin, ular atrofi axlat uyumlari bilan o‘ralgan joyda yashamoqda. To‘g‘ri, ularning holidan poliklinika shifokorlari muntazam xabardor. Baribir ular bir umr shu ahvolda yashamaydi-ku.

Shifoxona hududini ko‘zdan kechirayotganimizda binoning o‘rtasidan eshik ochilib, qo‘lida supurgi bilan bir ayol chiqdi. Bu yerda odam yashayotganiga ishonolmay, juvonni suhbatga tortdik.

Har bir daqiqa g‘animat…

Shahnoza Omonova. Asli zangiotalik bu ayol falakning gardishi bilan chirchiqlik sil kasaliga chalingan yigitga turmushga chiqadi. Ijarama-ijara yashab yurishadi. Bir o‘g‘il, bir qizni dunyoga keltiradi. Keyingi yillarda erining kasali zo‘rayib, ishga yaroqsiz bo‘lib qolgan. Uy-joy so‘rab, bir necha bor murojaat etishgan. U paytlar kasallik hali zo‘raymagan edi. Bulardan-da muhtojlar borligi hisobga olinib, Chirchiqdan uy berilmaydi. Kasallik zo‘rayib ketgandan keyin ayolning doimiy yashash joyi hisobga olinib, Zangiota tuman hokimligi o‘z qaramog‘iga oladi. Shuning uchun ayni paytda bu oilaga vaqtinchalik shu yerdan joy qilib berishadi.

Oilaning ahvoli chindan achinarli, erining kasali yetmaganday chamasi uch yoshli o‘g‘lida ham shu kasallik alomatlari aniqlanibdi. Tezda yordam berilmasa, oilaning qolgan a’zolariga ham yuqishi hech gap emas. Chunki ular bir uyda yashaydi, birga ovqatlanadi, bir havodan nafas oladi.

– Bulardan bo‘shab bir ish qilolmayman, – deydi Sh.Omonova ko‘zida yosh bilan. – Hatto, hujjat yig‘ishga ham vaqt topolmayapman. Sog‘ bolamni onamnikiga ham oborolmayman. U yerdagi shifokorlar bunga ruxsat bermaydi. Uyga ham kirmasdan ko‘chadan so‘rashib qaytaman. Erimning qarindoshlari ham orani uzib yuborishdi. Suyanadigan hech kimimiz qolmadi. Bir o‘zim ulgurolmayapman. Shifoxonaga yotishga esa umuman imkonimiz yo‘q.

Nodira Qo‘ziyevaning aytishicha, bu kasallar alohida yashashi kerak. Erkakning kasali deyarli oxirgi nuqtasiga yetgan. Bolani esa davolasa bo‘ladi. Ko‘z oldimizda ikki norasida o‘ynab o‘tiribdi… Ular hech narsani o‘ylamaydi…

Hozircha ular shunga majbur. Xonada isitish moslamasi, muzlatgich ham yo‘q. Mahalla-ko‘y, odamlar qarashib turibdi, biroq bular tez-tez va kuchli ovqatlanishi kerak. Muhimi, mahsulotlar eskirmagan bo‘lishi kerak. Shularni hisobga olib, partiya faollari oila uy bilan ta’minlangunga qadar homiylar yordamida muzlatgich va isitgichlar olib beradigan bo‘ldi.

– Ilojsizlikdan qayta-qayta murojaat qilyapmiz, – deydi bemor Xirojiddin Omonov. – Oxiri tumandagi mutasaddilardan biri: «Sen tiriksan-ku! Agar sen o‘lsang oilangga uy ajratiladi», dedi. Kimning qachon ketishi bandasining qo‘lida emas-ku! Ayting, kim huquq bergan unga bunday gapni aytishga?.. O‘limimga ham roziman, biroq men o‘lguncha butun oilam kasallanmasligiga kim kafolat beradi?

Maqola tayyorlanish jarayoni biroz cho‘zilgani sababli, qo‘ng‘iroq qilib oilaning ahvolini yana bir bor so‘radik. Partiya faollari homiy topib, xonadonga ikkita isitgich yetkazib berishibdi.

– Kuni kecha yana tumanga bordim, – deydi Sh.Omonova. – Mutasaddilar menga «ishlamasang senga uy berilmaydi» deyishyapti. Farzandlarimni bolalar uyiga topshirib bo‘lsa ham ishlashim kerak ekan. Aks holda bank menga kredit bermas ekan. Kamiga, erim o‘lsagina, uy berilishini eshitish… Ishoning, bu gaplarni aytish ona uchun juda og‘ir. Sayyor qabulda Prezident devonidan kelgan xodim ahvolimni bilgandan keyin homiylar yordamida uy ajratilishi mumkinligini aytgan edi…

O‘sha paytda tumandagi mutasaddilar ham tez orada bu masala hal etilishini aytishgan. Chunki hozirning o‘zida «mana senga uy» deyish hech kimning qo‘lidan kelmaydi. Oilaning yolg‘iz qarovchisi esa ro‘zg‘ordan ortmaydi. Oila a’zolari uchun esa har bir kun, har bir soat g‘animat…

Shifoxonaning taqdiri odamni bir tashvishga solsa, bu oilaning ahvoli o‘n chandon o‘ylantiradi. Umid qilamizki, bu masalalar Toshkent viloyati hamda Zangiota tumani rahbariyati e’tiboridan chetda qolmaydi. Chunki bugun Prezidentimiz talab qilayotgan bosh maqsad – odamlarning og‘irini yengil qilish!

Nuriddin UBAYDULLAYeV,

«Jamiyat» muxbiri.

Manba:“Jamiyat” gazetasi