Siz orzu qilgan kunlar keladi

2019-08-12T11:53:21+05:0019 April, 2019|Umumiy yangiliklar|

To‘g‘risi, internet jurnalistikasida faoliyat yuritishni boshlab, maqolalarim turli saytlarda e’lon qilina boshlaganida kun kelib mukofotlar egasi bo‘lishim haqida o‘ylamagan ham edim.

Men avvaliga materiallarimni o‘zim uchun, xobbi sifatida yozganman. Asta-sekin, yurtning ma’lum bir muammosini yoritganimdan so‘ng mutasaddilarning e’tiborini tortib masalalar hal bo‘la boshlagach, jurnalistikani “mahkam ushlash” kerakligiga aqlim yetdi. Chunki, dunyoda el koriga yarashdan ko‘ra yaxshiroq kasb yo‘q.

Ikki yil oldin ustozim Zamira Ro‘ziyeva barcha maqola va ma’lumotlarimni yig‘ib, “Oltin qalam” mukofoti uchun yuborganlarida biror natija bo‘lishiga ishonmagan edim.

Buni qarangki, ikki yil oldin 3 may kuni poytaxtning eng muhtasham saroyida Milliy mukofotni topshirishdi. Bu jarayon xuddi tushdek tuyuldi, go‘yo. Onamning hamma yaqinlarimdan ko‘ra ko‘proq quvonganini aytmaysizmi…

Mukofot olgach o‘ylandim va shu fikrga keldim: “Endi haqiqatda mana shu sovringa loyiq ekanligimni isbotlashim kerak”. Hozir har kuni xalqning ichida ularning muammolari, quvonchlari bilan birgaman. KUN.UZ bilan yelkama-yelka insonlarga ko‘mak berish, yangi xabarlarni “sovutmay” ko‘pchilikka yetkazish harakatidamiz.

Yosh jurnalistlarga e’tirofga yarasha bo‘lish uchun eng yaqin yo‘l – insonlarni tinglab maqola yozish ekanligini ham aytib o‘tay.

Siz ularni diqqat bilan eshitib yozavering. Omma e’tiboriga taqdim qilavering. Bir kuni siz orzu qilgan kunlar keladi.

Elmurod Ermatov,

KUN.UZ sayti vodiy viloyatlari muxbiri,

Internet-jurnalistika

yo‘nalishida

“Oltin qalam” Milliy mukofoti

sovrindori