«Kino san’ati» endi sizning qo‘lingizda

2019-08-12T11:53:43+05:0018 April, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining Yoshlar press-klubida «O‘zbekkino» Milliy agentligi muassisligida nashr etila boshlangan «Kino san’ati» jurnalining taqdimoti o‘tkazildi.

Jurnal O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» gi qaroriga asosan tashkil qilingan. Nashrning yangicha ko‘rinishdagi ilk soni taqdimot marosimida taniqli kinorejissyorlar, mashhur aktyor va aktrisalar, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda talabalar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan filologiya fanlari nomzodi Shuhrat Rizayev, «O‘zbekkino» Milliy agentligi bosh direktori Furqat Zokirov, jurnal bosh muharriri Laziz Tangriyev, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam va boshqalar mamlakatimizda kinoga davlat siyosati darajasida e’tibor ko‘rsatilayotgani, bu esa zamonaviy va tarixiy mavzularda yuksak san’at asarlari yaratishga zamin hozirlayotganini e’tirof etishdi. Ana shunday e’tibor mevasi bo‘lgan «Kino san’ati» jurnali soha olimlari, mutaxassis va murabbiylar, talabalar uchun erkin minbar, ilmiy-ijodiy qo‘llanma vazifasini o‘tashi ta’kidlandi.

Jurnal yilda to‘rt marta nashr etiladi.