An’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan «Oltin qalam» milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov biz, jurnalistlar uchun katta ma’naviy rag‘bat bo‘layotir. 2006 yilda ilk bor o‘tkazilgan tanlovda g‘oliblar 13 nominatsiya bo‘yicha aniqlangan bo‘lsa, keyinchalik nominatsiyalar soni o‘ttiztaga yetkazildi, rag‘batlantiruvchi mukofotlar yo‘lga qo‘yildi.
2012 yili mazkur ijodiy musobaqada 8 mingdan ziyod ijodiy ishi bilan qatnashgan 470 nafar jurnalist orasidan tanlovning bosh milliy mukofoti Farg‘ona viloyati hokimligining “Farg‘ona haqiqati” — “Ferganskaya pravda” gazetalari birlashgan tahririyatiga nasib etdi. Men ushbu ijodiy jamoaning rahbari — bosh muharrir sifatida sovrinni qabul qilib olar ekanman, qanchalar quvonganimni ta’riflashga til ojiz.
Bosh sovrin barchamizni ruhlantirib yubordi. Tahririyatga bir qator yosh kadrlar kelib qo‘shildi. Dolzarb muammolar qalamga olingan tanqidiy-tahliliy materiallar soni keskin ko‘paydi. Ilgari 3-4 ming nusxada chop etilgan “Farg‘ona haqiqati”ning adadi 20 mingdan oshib ketdi. Ikki mingtaga yetar-yetmas chiqib turgan “Ferganskaya pravda”ning adadi esa 10 mingni qoralab qoldi.
Tahririyatimiz maxsus muxbiri Sohiba Abdurahmonova ko‘p o‘tmay “Yilning eng faol jurnalisti” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida sovrinni egallagan bo‘lsa, bo‘lim mudirimiz Ma’mura Abdurahimova “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Bahrom OBIDJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.