«OLTIN QALAM» — yuksak e’tibor va rag‘bat

2019-08-12T11:53:45+05:0017 April, 2019|Umumiy yangiliklar|

Men milliy internet segmentida mustaqil nashr­lar orasida ilk bor “Oltin qalam” Milliy mukofotini olish nasib etgan ijodkorlardan biri bo‘lganligim bilan faxrlanaman. 2013 yili, menga xalqimizning ko‘p asrlik ma’naviy qadriyatlari, madaniyatini keng targ‘ib qilish, milliy manfaatlarimizni himoyalash, yoshlarni turli axborot xurujlari, jumladan , “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta’siridan asrashga qaratilgan jurna­listik faoliyatim uchun ushbu nufuzli mukofotni taqdim etganlarida, milliy internet jurnalistikamiz hali bugungidek yuksak taraqqiy etmagan, o‘zbek tilidagi saytlar barmoq bilan sanarli edi. Internet foydalanuvchilari soni esa hozirgidan ikki baravar kam — 9,8 millionga yetar-yetmas edi. Muqoyasa uchun — 2018 yilda ushbu raqam 20 milliondan oshib ketdi. Bu — misli ko‘rilmagan yuksalishdir.

Axborot texnologiyalarining jadallik bilan taraqqiy etishi mamlakatimizda internet jurnalistikaning rivojlanishi va ommalashishiga xizmat qilmoqda. Hozir internet jurnalistika O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari orasida tezkorligi bo‘yicha — birinchi, auditoriyasining va ta’sir doirasining kengligi bo‘yicha, televideniyedan so‘ng, ikkinchi o‘ringa chiqdi.

2018 yilda Ziyouz portaliga kirganlar soni 5 552 961 nafarni tashkil etdi. Bu kuniga o‘rtacha 15313 kishi, demakdir. Portalimizda 28000 maqola, 11500 elektron kitob mavjud. Ijtimoiy tarmoqlardagi kuzatuvchilarimiz soni ellik mingdan oshib ketdi.

“Oltin qalam” Milliy mukofotidan so‘ng jurnalistika bo‘yicha yana bir qancha tanlovlarda g‘olib chiqdim. Lekin, bulardan avval, 2018 yil 27 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga binoan “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganimni faxr bilan ta’kidlagim keladi. Shuningdek, 2013-2014 yillarda UZ Milliy domeni Internet-festivalining “Fan va ta’lim sohasida eng yaxshi sayt” yo‘nalishida 1-o‘rinni, 2014 yilda Germaniya Federativ Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlarining mamlakatimizdagi elchixonalari tomonidan hamkorlikda tashkil etilgan media tanlovda internet jurnalistika yo‘nalishida 1-o‘rinni egalladim.

Bularning barchasi davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda biz, jurnalistlar, umuman, ijod ahli uchun keng imkoniyatlar yaratishga qaratilayotgan doimiy e’tibor berayotgan yuksak samaralarning amaldagi ifodalaridir.

Davronbek TOJIALIYeV,

“ziyouz.com”, “ziyouz.uz” veb-saytlari

bosh muharriri.