Davlat dasturlari ijrosini jurnalistlar qanday yoritayapti?

2019-08-12T11:53:45+05:0016 April, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarni OAV orqali jamoatchilikka samarali yetkazish masalalari» mavzusida,besh kunlik respublika anjumani va hududiy seminar bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda «Turkiston» mehmonxonasi anjumanlar zalida tashkil etilgan anjumanda viloyat hokimliklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi axborot xizmatlari rahbarlari, hududiy bosma OAV tahririyatlari bosh muharrirlari hamda blogerlar — jami 60 nafar ishtirokchi qatnashmoqda.

—Dunyo siyosiy xaritasi o‘zgarmoqda. Biz bugun jahonga yuzlanmoqdamiz. Yevropaga borsangiz u yerda ham muammolar bor. Ammo ular manfaatlar to‘qnashganda bir-birini qo‘llab-quvvatlashadi, bir-birini eshitadi. Ular bir yoqadan bosh chiqarib, hayot farovonligi uchun kurashishadi. Ana shunday bizning jurnalistlar ham bir-birini qo‘llab-quvvatlashi, eshita olishi kerak. Bugun jurnalist mushohada qilishi, tahlil qilishi, o‘qib-o‘rganishi lozim. Jurnalist muammoni o‘rganishi, tahlil qilishi kerak, keyin xalqqa chiqib gapirsin. Hech bo‘lmaganda, farzandlariga xolis, haqqoniy fikrni yetkaza olsin», — dedi fond rahbari Said Abdulaziz Yusupov.

Seminar-trening bahs-munozaralarga boy bo‘ldi. Majburiy obuna, tuman gazetalari, seriallar borasidagi mushohadali fikrlar o‘rtaga tashlandi. Ushbu besh kunlik anjuman doirasida «Davlat dasturlarining amalga oshirilishida jamoatchilik nazoratini o‘rnatish: jurnalistlar hamda davlat hokimiyati organlarining manfaatli hamkorligi», «Bosma nashrlarning ijtimoiy faollligini oshirish», «Huquqiy mavzularni yoritishda jurnalistlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish» kabi mavzularda seminar-treninglar, bojxona va soliq qo‘mitalari bilan hamkorlikda media-tur, taniqli jurnalistlar ishtirokida mahorat darslari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Anjuman doirasida Toshkent shahar hokimligi, Sergeli tuman logistika markazi, “Bosh pochtamt”, Davlat soliq qo‘mitasi kabi tashkilotlarga media tur uyushtirilishi mo‘ljallangan.